Terma jamoada o‘ynagan futbolchi vafot etdi
Zimbabve milliy terma jamoasining sobiq hujumchisi Tenday Ndoro 41 yoshida favot etdi. Bu haqida Zimbabve futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati axborot berdi.
Bir necha manbalarning ma’lum qilishicha, sobiq futbolchining jasadi Yoxannesburgdagi uyida topilgan. O‘lim sabablari aytilmayapti. Shunga qaramay, Ndoro qandli diabet bilan og‘rigani va yaqinda tanasida shish paydo bo‘lgani tufayli kasalxonada davolangani haqida ma’lum qilindi.
- Milliy terma jamoaning sobiq hujumchisi Tendey Ndoroning bevaqt o‘limi tufayli chuqur qayg‘udamiz. Ndoro terma jamoamiz safida mamlakatimiz sharafini g‘urur bilan himoya qilgan iste’dodli hujumchi edi. Uning mahorati, ishga munosabati va futbolga ishtiyoqi ko‘pchilikni ilhomlantirgan. Ndoroning Zimbabve futboliga qo‘shgan hissasi hech qachon unutilmaydi.
Zimbabve futbol assotsiatsiyachi futbolchining oila a’zolari va butun mamlakat ahliga ta’ziya izhor etadi, - deyiladi rasmiy bayonotda.
Ndoro o‘z yurtida “Chiken Inn” jamoasida o‘ynagan. Keyinchalik faoliyatini Janubiy Afrika Respublikasida davom ettirib, “Mpumalanga Blek Eysiz”, “Orlando Payrets”, “Ayaks Keyptaun” hamda “Xaylends Park” jamoalari sharafini himoya qilgan.
2017 yili Afrika millatlari kubogi musobaqasida Zimbabve milliy terma jamoasi safida ishtirok etgan hujumchi professional faoliyatini 2020 yili yakunlagan edi.

Fikrlar