Turkiya Futbol Federatsiyasi 1024 nafar futbolchining o‘yinlarga pul tikkani rasman e’lon qildi
Turkiya Futbol Federatsiyasi (TFF) o‘zining rasmiy sayti orqali futbol o‘yinlariga pul tikkanligi aniqlangan 1024 nafar futbolchining ismini rasman e’lon qildi. TFF Huquq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, professional ligalarda olib borilgan totalizator bo‘yicha tergov doirasida “Galatasaroy”dan Eren Elmali va Metexan Baltaji, “Beshiktosh”dan Nejip Uysal va Ersin Destanog‘lu, “Trabzonspor”dan Boran Bashqan hamda Salix Malkochog‘lu kabi futbolchilar ham bor.
Qimor o‘ynagani aniqlangan futbolchilar intizom qo‘mitasiga ehtiyot chorasi bilan yuborilgan. Bundan tashqari, federatsiya rasmiy davlat idoralari bilan yozishmalar davom etayotganini, ularning javoblariga qarab tergov yanada kengaytirilishini ma’lum qildi.
TFF rasmiy bayonoti:
“Turkiya Futbol Federatsiyasi tomonidan professional ligalarga oid olib borilgan totalizator bo‘yicha tergov doirasida qimor o‘ynagani aniqlangan 1024 nafar futbolchining Futbol intizom nizomining 57-moddasiga muvofiq 2025 yil 10 noyabrdan boshlab ehtiyot chorasi bilan Professional Futbol Intizom Qo‘mitasiga (PFDK) yuborilishiga qaror qilindi.
1024 nafar futbolchining ehtiyot chorasi asosida PFDKga yuborilishi sababli, klublar tarkibidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun faqat milliy darajada, 2025/2026 yilgi mavsum qishki transfer davriga qo‘shimcha ravishda 15 kunlik transfer va ro‘yxatdan o‘tkazish muddati belgilash bo‘yicha FIFA bilan zudlik bilan muzokaralar boshlanadi.
TFF Ijroiya qo‘mitasining 2025 yil 10 noyabrdagi qaroriga ko‘ra, 2 liga va 3 liga uchrashuvlari ikki haftaga kechiktiriladi. TFF Superliga va 1 liga uchrashuvlari esa avval e’lon qilingan tartibda davom etadi.”
47 nafar futbolchi bo‘yicha maxsus holat:
Faqat bir marta totalizator bahslarida qatnashgan 47 nafar futbolchi hozircha intizom qo‘mitasiga yuborilmadi. Ular bo‘yicha ish rasmiy idoralardan keladigan hujjatlar asosida, yangi dalillar paydo bo‘lgach ko‘rib chiqiladi.
Totalizatorga aloqadorligi aniqlangan Superliga futbolchilari:
"Beshiktosh": Ersin Destanog‘lu, Nejip Uysal
"Alanyaspor": Izzet Chelik, Enes Keskin, Yusuf Ozdemir, Bedirxan Ozyurt
"Rizespor": Efe Dog‘an, Furkan Orak
"Galatasaroy": Metexan Baltaji, Evren Eren Elmali
"Gaziantep": Muhammet Taxa Gyunesh, Nazim Sangare
"Gyoztepe": Izzet Furkan Malak, Ug‘ur Kaan Yildiz
"Antalyaspor": Kerem Kayaarasi
"Eyupspor": Myukremin Arda Tүrkөz
"Kasimpasha": Ege Albayrak, Ali Emre Yanar
"Fatix Qaragumruk": Furkan Beklevich, Kerem Yusuf Sirkechi
"Samsunspor": Jelil Yuksel
"Trabzonspor": Boran Bashqan, Salix Malkochog‘lu
"Konyaspor": Adil Demirbag‘, Alassana Ndao
"Kayserispor": Berkan Aslan, Abdulsamet Buran
Xususan, Turkiya terma jamoasiga chaqiruv olgan, joriy mavsum Turkiya Superligasida 11 uchrashuvda 3 ta gol urgan “Galatasaroy” himoyachisi Eren Elmali darhol Turkiya qaydnomasidan chiqarildi. Totalizatorchilar ro‘yxatida u ham bor edi.
Fikrlar