"U yana bir qirrasini ochyapti" - chempion murabbiy o‘zbek yigitining "Santyago Bernabeu"dagi "hunarlari" haqida

  • 29 sentabr, 2021, 22:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Dunyoning top-klubi – “Real”ning Chempionlar ligasi guruh bosqichining 2-turida o‘z uyida “Sherif” klubiga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ygani jahon futbolining e’tiborida turibdi.

Tabiiyki, “Qirollik klubi”ning mag‘lubiyatiga sabab bo‘luvchi gollardan biriga mualliflik qilgan o‘zbekistonlik Jasur Yaxshiboev ham mazkur o‘yindagi ishtiroki orqali katta futbol sahnasiga chiqdi. Yaxshiboevning “Real”ga urgan golini dunyoning turli burchaklarida takror va takror ko‘rishyapti. Bunday onlar har bir futbolchining maqsadi va bunday shirin orzular doim ham ushalavermaydi.

Oxirgi paytlarda hamma Evropada o‘z so‘zini aytayotgan Eldor Shomurodov haqida gapirayotgan bir paytda endi ko‘pchilik tomonidan “Real” darvozasini ishg‘ol qilgan mana bu o‘zbek kim bo‘ldi ekan, degan savollar yangrayapti. Ha, ko‘rib qo‘ying, bizda Shomurodovdan tashqari yana boshqa katta iqtidor sohiblari ham bor.

E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, matbuotda Yaxshiboev borasida bildirilayotgan fikrlar talaygina. O‘z vaqtida Yaxshiboev O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Osiyo chempioni bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz. O‘sha paytdagi termamiz ustozi Ravshan Haydarov Jasurni yoshligidan yaxshi biladi. Futbolchining Madriddagi “hunarlari” ustozini ham befarq qoldirmadi. Shu sababdan Haydarov Sports.uz uchun o‘zining fikr va mulohazalarini bildirdi.

“Jasur orzularidan biriga erishdi”

- Har qanday futbolchi uchun bunday stadionda va bunday top-klubga qarshi to‘p surish baxt. Hamma o‘yinchining orzusi mana shunday o‘yinlarda qatnashish. Jasur ham orzularidan biriga erishdi. “Real”ga qarshi “Santyago Bernabeu”da to‘p surish sharafiga muyassar bo‘ldi. Buning ustiga u erda gol ham urdi. Bu albatta unga o‘z kuchiga ishonch va yanada o‘sishida katta turtki beradi. Bunday o‘yini va goli bilan boshqalarni nigohini yana o‘zbek futboliga qaratishiga juda yaxshi sabab bo‘ldi deb o‘ylayman. Tabiiyki, Jasur uchun juda xursandman. U o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga bosqichma-bosqich etishib borayotgani quvonarli.

jasur1

“Markaziy hujumda ham o‘zini ko‘rsatyapti”

- Uning o‘yinlarini kuzatib kelyapmiz. Belarus chempiontida ham, hozir ham. Afsuski, Polshada jarohatlari tufayli o‘ynay olmadi. “Sherif” klubida Yaxshiboevni markaziy hujumga qo‘yishyapti. Ular o‘z qarashlari bilan hamyurtimizni ushbu pozitsiyaga loyiq ko‘rishyapti. Mana, gol ham uryapti. O‘ylaymanki, u yana bir qirrasini ochib boryapti. Bunga qadar mening qo‘l ostimda ham, yoshligida ham qanot hujumchisi bo‘lib o‘ynagan. Mana, endi u markaziy hujumchi sifatida ham o‘ynash qobiliyatini ko‘rsatyapti.

jasur5

“Tanlangan taktikaga to‘liq amal qilishdi”

- Bevosita o‘yinga kelsak, birinchi navbatda aytish mumkinki, “Sherif” jamoasi yaxshi himoyalandi. Tanlangan taktikaga to‘liq amal qilishdi. Qarshi hujumlarini kutishdi va o‘z imkoniyatlaridan foydalana oldilar. Jasurni o‘zida ikkita imkoniyat bo‘ldi. Ikkinchisi ham golga aylanishi mumkin edi. Futbolchilar o‘yin uchun tanlagan strategiyani to‘g‘ri bajarishdi. Jamoaning harakati, omad, darvozabonning mahorati, hammasi faqat ijobiy natija keltirdi.

jasur

“Maydonga doim mana shunday kuchli xohish bilan tushish o‘z mevasini beradi”

- Mutaxassis sifatida har doim o‘yindan oldin yaxshi niyat qilib, ularga omad tilagan holda futbolchilarimizning o‘yinlarini ko‘rishni boshlaymiz. Albatta, bu – futbol. Unda oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Futbol doim mana shunday orzu va maqsadlar bilan maydonga tushganlarni taqdirlaydi. Yaxshiboev ham har bir o‘yinga gol urish maqsadida tushadi. Tabiiyki, har bir uchrashuvda ham gol urilavermaydi. Lekin sira maqsadidan qaytish kerak emas. Har doim o‘yinga mana shunday kuchli xohish va tayyorgarlik bilan tushish o‘z mevasini beradi. Albatta, “Sherif” maydonga yutqazish uchun tushayotgani yo‘q. Masalan, Chempionlar ligasining birinchi turida “Shaxtyor”ni ham mag‘lubiyatga uchratdi. “Sherif” klubining o‘yinga bo‘lgan munosabati bor. Ular “Shaxtyor” bilan ham, “Real” bilan ham ochiq futbol o‘ynash noto‘g‘riligini yaxshi tushunib, murabbiy to‘g‘ri taktika tanlagan. Buni esa maydondagi o‘yinchilar to‘liq tushunishyapti va shu orqali Yaxshiboev jamoasi g‘alabalarga erishyapti.

jasur4

“Kimni chaqirish yoki chaqirmaslikni Katanets hal qiladi”

- Terma jamoaga kimni chaqirish yoki chaqirmaslikni Katanets hal qiladi. O‘tgan vaqt davomida Jasur ancha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti. Katanets murabbiylar shtabi bilan barcha legionerlarimizning o‘yinlarini ko‘rib tahlil qilib boryapti. Bunday o‘yinchilarga qiziqyapti. Mana, Aziz G‘aniev ham jarohatidan keyin yana maydonga qaytdi. Tajribali va iqtidorli yoshlar orqali jamoa shakllanib boradi.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Бухорий Шариф
29/09/2021 23:32
Жасурнинг Реал дарвозасига Испанияда урган голи унинг устозларига 1-октиябр байрамига зўр туҳфа бўлди чамамда. Омадини берсин Жасур ва Элдорни. Европада кўпайсин ўзбек ўғлонлари. Тилларда достон бўлсин, ўйинлари ва голлари. Олға боссин йигитларимиз. Аллоҳ қўлласин ИншаАллоҳ.