"Uchinchi o‘yinda guruhdan chiqishimiz hal bo‘ladi" - terma jamoamizning sobiq futbolchisi qur’a haqida nimalar deydi?
Kuni kecha Vashingtonda “JCh-2026” uchun qur’a tashlash marosimi o‘tkazilganidan xabaringiz bor.
Bizning milliy terma jamoamiz joy olgan “K” guruhida Portugaliya, Kolumbiya bor va Yangi Kaledoniya, Yamayka hamda Kongo g‘olibi joylashadi.
Tabiiyki, milliy terma jamoamizning bo‘lajak mundialdagi ilk ishtirokidan avvalgi qur’a barchamizda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Raqiblar aniq bo‘lgach esa qizg‘in fikrlar bildirilmoqda.
Terma jamoamizing sobiq futbolchisi Anvar G‘ofurov Sports.uz uchun fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Terma jamoamiz joy olgan guruh sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Avvalambor, hamma muxlislarni tabriklayman. Uzoq yillar kutilgan kun, kundan-kunga yanada yaqinroq. Albatta, guruhimizga kamida bitta favorit jamoa tushishi kutilgandi va bu Portugaliya bo‘lgani alohida xursand qiladi. Chunki bu jamoada ko‘p muxlislariga ega mashhur Krishtianu Ronaldu bor. Kolumbiya ham yaxshi va kuchli jamoa. Guruhimiz qolganlardan qolishmaydigan, kuchli terma jamoalardan iborat.
- Aslida qur’adan avval kimlarni raqib sifatida tasavvur qilgansiz?
- Menga qolsa, guruhda biz bilan kim bo‘lishini umuman farqi yo‘q edi. Jahon chempionatida kuchsiz raqib deyarli yo‘q. (Kyuraso, Kabo-Verde va Gaiti terma jamoalari haqida ma’lumotim yo‘q). Men muxlis sifatida maza qilib qur’ani tomosha qildim.
- Guruhdan chiqish imkoniyatimizni qanday baholaysiz?
- O‘ylaymanki, bizni terma jamoamiz guruhdan chiqish vazifasini bajaradi. Bu ishni hal qilish uchun bizda etarlicha kuchli terma jamoamiz, bor deb bilaman.
- Ilk o‘yinni Kolumbiyaga qarshi boshlashimiz sizningcha yaxshimi?
- Ha, bu yaxshi. Kolumbiya terma jamoasi ham birinchi o‘yinini o‘tkazadi. Ularda ham ozgina bo‘lsa-da, bosim va o‘yinda o‘zaro kelishmovchilik ehtimoli bo‘ladi. Uchinchi o‘yinga biz to‘rtinchi savatdan o‘rin olgan terma jamoaga qarshi optimal holatda kelamiz. Shu uchrashuvda guruhdan chiqishimiz hal bo‘ladi.
- Portugaliya va Ronalduga qarshi o‘yindan nima kutasiz?
- Hozirgi kunda Portugaliya - bu avvalgidek 3-4 kuchli futbolchi va Ronaldu emas. Hozir bu terma jamoa favoritlardan biri hamda kuchli o‘yinchilardan iborat. Har bir chiziqda nomdor futbolchilari bor, jamoa.
Fikrlar