Vinisius, Gavi va Nunes yoxud o‘tgan mavsum narxi keskin darajada o‘sgan futbolchilar (Top-8)

  • 4 iyul, 2022, 07:00
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsum oralig‘ining asosiy segmentlaridan biri - transfer bozori. Klublar o‘z tarkibini kuchaytirish uchun yaxshi futbolchilarni qidirishni boshlaydi. Asosiy e’tibor yakuniga etgan mavsumda o‘z o‘yinlari bilan futbol jamoatchiligi nazariga tushgan charm to‘p ustalariga qaratiladi. Joriy yil ham shu kabi futbolchilarning ko‘pchiligi uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. Tabiiyki, o‘yinchilarning narxida ham sezilarli darajada o‘sish kuzatildi. Shu bois, bugun transfer summasi keskin ko‘rinishda o‘sgan futbolchilar haqida suhbatlashamiz.

Arno Danjuma (“Vilyarreal”, +35 million evro)

Bir yil oldin Danjuma "Bornmut" bilan Chempionshipda o‘ynagan. O‘tgan mavsumda esa 25 yoshli hujumchi "Vilyarreal" bilan birgalikda "Yuventus" va "Bavariya"ni Chempionlar ligasi pley-off bosqichidan chiqarib yubordi. Ispaniyaga ko‘chib o‘tish futbolchi uchun ancha foydali bo‘ldi. Gollandiyalik forvard mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazdi: u barcha musobaqalarda 16 ta gol urdi va Jerar Morenodan "Vilyarreal"ning eng yaxshi to‘purari nomini tortib oldi. Natijada hujumchining transfer qiymati 35 million evroga qimmatlashdi. Hozir Danjuma 50 millionga baholanmoqda va allaqachon top-klublar e’tiboriga tushgan.

Darvin Nunes (“Liverpul”; +35 million evro)

Nunes butun mavsum davomida yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatdi. Haqiqatan ham uning natijalari hayratlanarli ko‘rinishda edi: barcha musobaqalarda 41 o‘yin, 34 ta gol va 4 ta golli uzatma. Bu 23 yoshli hujumchi uchun ajoyib ko‘rsatkich hisoblanadi. Uning “Benfika”dagi karerasi uzoq davom etmasligi aniq edi. Ko‘plab klublar yosh hujumchiga da’vogarlik qildi, ammo u yakunda "Liverpul"ni tanladi. “Qizillar” Darvinni 75 million evro evaziga xarid qildi. Hozirgi vaziyat Joau Feliksnikiga o‘xshaydi: "Benfika"dagi yorqin mavsum, ko‘plab gollar va top-klubga o‘tish. Urugvaylik yangi jamoaga portugaliyalik hamkasbiga qaraganda tezroq ko‘nikadi, deb umid qilamiz.

Kristofer Nkunku (“RB Leyptsig”; +37 mln evro)

Nkunkuning faoliyati oldingi mavsumdan beri futbol jamoatchiligi e’tiborida bo‘lib kelgan. Lekin, u oxirgi mavsumda yanada ajoyib o‘yin namoyish edi. 24 yoshli yarim himoyachi o‘tgan mavsumda barcha turnirlarda 49 o‘yin o‘tkazib, 32 gol va 19 assist muallifiga aylandi. U jamoasining eng yaxshi to‘purari va assistenti nomini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Nkunku Bundesligada mavsumning eng yaxshi futbolchisi sifatida etirof etildi. Bu narsalar futbolchining transfer narxiga 37 million evro qo‘shilishiga sabab bo‘ldi. Hozir Kristofer 80 million evroga baholanmoqda. Ko‘plab klublar frantsuzni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilib ko‘rdi, ammo u “buqalar” bilan shartnomani uzaytirdi. Bu tushunarli: Jahon chempionati oldidan tavakkal qilish yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi mumkin.

Rafael Leau (“Milan”; +45 mln evro)

“Milan”dagi dastlabki 2 mavsum Leau uchun unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Biroq, 23 yoshli vinger so‘nggi mavsumda super o‘yin ko‘rsatdi va bu "rosonerilar"ga chempionlikni qo‘lga kiritishga yordam berdi. Portugaliyalik futbolchi barcha musobaqalarda 42 ta o‘yin o‘tkazib, 14 ta gol va 12 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining transfer narxi 45 million evroga oshib, ayni paytda 70 million evroni tashkil qiladi. Biroq, Italiya chempionlari futbolchini bundan ham qimmatroqqa baholamoqda. Klubning Leaudan umidlari katta. Fernandu Santush esa Rafaelni Portugaliya terma jamoasining kelajagi deb hisoblaydi. “Milan” esa futbolchini joriy transfer bozorida sotmoqchi emasligini ma’lum qilgan. Kuzatamiz!

Dushan Vlaxovich (“Yuventus”, +45 mln. evro)

Yanvar oyida Vlaxovich "Fiorentina"dan "Yuventus"ga o‘tdi. Transfer summasi 81,5 million evroni tashkil qildi. Mavsum davomida 22 yoshli hujumchi 45 million evroga qimmatlashgan va hozirda 85 millionga baholanmoqda. Serbiyalik futbolchi A Seriyaning eng yaxshi to‘purari sifatida "byankonerilar" tarkibiga qo‘shildi va mavsumni chempionatning ikkinchi eng yaxshi to‘purari saftida yakunladi. Futbolchi yangi klubga o‘tgani sababli uning o‘yinida pasayish kuzatildi. Boshqa tomondan, yarim mavsumda 9 gol va 2 golli uzatma normal ko‘rsatkich. Uning haqiqiy salohiyati yangi mavsumda bilinadi.

Luis Dias (“Liverpul”; +47 mln evro)

Yanvar oyida Dias 47 million evro evaziga "Portu"dan "Liverpul"ga o‘tgan edi. Futbolchi tezda Yurgen Klopp jamoasiga moslashib ketdi. U Premer ligadagi debyut golini ikkinchi o‘yindayoq kiritdi. Futbolchi "qizillar" tarkibida yarim mavsum ichida 26 ta o‘yin o‘tkazib, 6 ta gol va 5 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Mavsum davomida 25 yoshli vingerning narxi 47 million evroga qimmatlashgan. Ayni paytda uning transfer qiymati 65 millionni tashkil qiladi. Sadio Mane ketganidan keyin Diasda bundan ham yuqori darajaga ko‘tarilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Demak, biz kolumbiyalikning narxi yanada ko‘tarilishini taxmin qilishimiz mumkin.

Gavi (“Barselona”; +60 mln evro)

O‘tgan mavsum Gavi uchun juda ham omadli bo‘ldi. U "Barselona" tarkibida zo‘r o‘yinlar namoyish etib, muxlislar e’tiboriga tushdi. Bu vaqt ichida 17 yoshli yarim himoyachining transfer narxi 0 dan 60 million evroga oshgan (yoshlar jamoasi futbolchilarining narxi ekspertlar tomonidan baholanmaydi). Yosh ispaniyalik barcha musobaqalarda 46 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol va 6 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Bu markaziy yarim himoyachi uchun yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Gavining imkoniyatlarini Xavi Ernandes ham, Luis Enrike ham yuqori baholamoqda. Kataloniyaliklar futbolchini jamoada saqlab olish va shartnomasini uzaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ko‘rib chiqimoqda. Bu iste’dodli futbolchi “ko‘k-anorranglilar”ning kelajagi hisoblanadi.

Vinisius (“Real” Madrid, +60 mln evro)

Ertami-kechmi Vinisius yuqori darajada o‘yin ko‘rsatishi aniq edi. Bu 2021/22 yillari sodir bo‘ldi. 21 yoshli vinger so‘nggi mavsum barcha turnirlar doirasidagi 52 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 22 gol va 20 assistni yozdirib qo‘ydi. Shuningdek, forvard Chempionlar ligasi finalida ham g‘alaba keltiruvchi gol muallifiga aylangan. Yosh braziliyalik mavsumni shu qadar zo‘r o‘tkazdiki, uning narxi 60 million evroga qimmatlashdi. Ayni damda uning transfer qiymati 100 million evroni tashkil qiladi. Albatta, bu Vinisius so‘nggi cho‘qqi emas. Ishonamizki, Junior keyingi yillarda ham shu kabi o‘yin ko‘rsatib, muxlislarni xursand qiladi. Unda bir necha yildan so‘ng "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritish uchun hamma narsa bor. Asosiysi, to‘xtab qolmaslik kerak.

 

Jamshidbek Mahmudov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!