Bibisara Asaubaeva muvaffaqiyatli mavsumga yakun yasadi
Qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisara Asaubaeva yozgi mavsum va natijalari haqida o‘rtoqlashdi.
«Mana, yoz ham nihoyasiga yetdi. Unga Norvegiyada start bergandim — u yerda superturnirda g‘alaba qo‘zondim. Hozir esa Parijda, oilam davrasida, yozni kuzatyapman. 7 ta davlat, 10 ta shahar, ikki marta “oltin”, bir “kumush”, ikki “bronza”, juda ko‘p shaxmat va mehnat. Shu bilan birga, yaqinlarim va do‘stlarim bilan vaqt o‘tkazishga ham ulgurdim.
Albatta, bu juda a’lo yoz bo‘ldi», — deb yozdi Bibisara o‘zining instagram sahifasida.
Yozgi mavsum davomida Qozog‘iston ayollar terma jamoasi yetakchisi uchta yirik xalqaro musobaqada ishtirok etib, jami beshta nufuzli sovrinni qo‘lga kiritdi. Avvalo, Norvegiyada o‘tkazilgan Norway Chess Women 2026 superturnirida u klassik shaxmat bo‘yicha o‘zining ilk “oltin” medalini muddatidan oldin ta’minladi.
Shundan so‘ng avgust oyida AQShning Sent-Luis shahrida o‘tgan Cairns Cup 2026 ayollar kubogida ilk “bronza”sini qo‘lga kiritdi. Oy oxirida esa Fransiyaning Sen-Trope shahrida bo‘lib o‘tgan WR Women's Chess Tour 2026 festivalida birdaniga uchta medalga sazovor bo‘ldi: tezkor shaxmat (rapid)da g‘alaba uchun ikkinchi “oltin”, blits turniri finaliga chiqqanligi uchun “kumush” va butun Yevropa bosqichi bo‘yicha to‘plangan ochkolar yig‘indisiga ko‘ra yana bir “bronza”ni qo‘lga kiritdi. Shu natijalar unga jahon seriyasining Grand-finaliga yo‘llanma berdi.

Fikrlar