Ispaniya kubogi: VARdagi uzoq tekshiruvga rasmiy izoh berildi
Ispaniya hakamlar texnik qo‘mitasi "Barselona" himoyachisi Pau Kubarsining "Atletiko" darvozasiga kiritgan goli nega olti daqiqadan ortiq vaqt davomida VAR orqali tekshirilganiga izoh berdi.
Ispaniya Kubogi yarim finalining ikkinchi bo‘limi avvalida kiritilgan gol bosh hakam Xuan Martines Munuera tomonidan ofsayd sabab bekor qilingan edi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, vaziyatni baholash jarayonida VAR jamoasi yarim avtomatik ofsaydni aniqlash tizimi (SAOT) orqali tahlil o‘tkazgan.
Tahlil davomida kadrda futbolchilar juda zich joylashgani sababli modellashtirishda nosozlik yuzaga kelgan. Tizimni qayta kalibrovka qilishga urinishgan, biroq buning imkoni bo‘lmagan. Shundan so‘ng belgilangan tartibga muvofiq ravishda VAR jamoasi ofsayd chiziqlarini qo‘lbola tarzda chizib, yakuniy va to‘g‘ri qaror qabul qilgan.
Aynan shu sababli tekshiruv jarayoni odatdagidan ko‘proq vaqt olgan. Shuningdek, "SAOT" ishlamagani uchun epizod rekonstruksiyasi translyatsiya vaqtida namoyish etilmagani ma’lum qilindi.
Fikrlar