O‘zbek va yapon boksi o‘rtasidagi tafovut. Yaponiya boks terma jamoasi murabbiyi bo‘lgan hamyurtimiz bilan suhbat

  • 27.09.2021 13:16
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • Boks

O‘zbekiston boksida Vladimir Nikolaevich Shinni o‘z o‘rni bor. Nafaqat murabbiy sifatida, balki sportchilik faoliyatida ham ulkan natijalar qayd etgan. 

Jumladan, jahon kubogi g‘olibi, jahon chempionati sovrindori, Sobiq ittifoq chempioni, Sobiq Ittifoq xalqalari Spartakiadasi g‘olibi, ko‘p karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Sobiq Ittifoqda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy unvonlariga sazovor bo‘lgan. 

Xullas, ajoyib mutaxassis, hozirda Yaponiya boks terma jamoasini boshqarmoqda. Aslida, hamyurtimiz va Yaponiya boks federatsiyasi o‘rtasidagi shartnoma Tokio Olimpiadasidan keyin yakunlanishi kerak edi. Biroq, o‘zbekistonlik mutaxassis hamon kunchiqar yurt vakillari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. 

Biz ushbu mutaxassisimiz bilan bog‘lanib, bir nechta savollar bilan murojaat qildik. 

- Vladimir Nikolaevich sizni Yaponiya boks federatsiyasi bilan shartnomangiz Tokio Olimpiadasi yakuniga qadar edi. Biroq, hamon Yaponiyadasiz?

- Shartnomani navbatdagi Olimpiadaga qadar uzaytirdik. 

- Demak, Yaponiya boks federatsiyasi Olimpiadadagi natijadan qoniqish hosil qilibdi-da?

- Bu natijalar Yaponiya boksi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlar, lekin trener sifatida men uchun unchalik yuqori natija emas, erkaklar o‘rtasida -63, -69 kg vazn toifalarida imkoniyatlarimizni boy berib qo‘ydik. Vaholanki, ularning salohiyati va imkoniyati yuqori edi. 

- Tokio Olimpiadasida nechta medal qo‘lga kiritildi?

- Oltita ishtirokchi bilan 1 ta oltin va ikkita bronza oldik.

- Demak, Serbiyadagi jahon chempionatiga tayyorgarlik boshlanibdida?

- Albatta. 

- Jahon chempionatidagi ishtirokinglardan nima kutyapsiz?

- Men natijalarni taxmin qilishni yoqtirmayman. Natijaga ta’sir qiluvchi omillar ko‘p. 

- Yapon shogirdlaringiz orasida eng xavflisi va salohiyati yuqori, deya kimni e’tirof etgan bo‘lardingiz? 

- 57-60 kg vazn toifasida aka-uka Tsutsumi hamda -67 kgda Okazava.

- Yaponiyalik shogirdlaringiz sizni qanday atashadi?

- Shin-San.

- Mabodo yaponiyalik shogirdingiz o‘zbek bokschisini mag‘lub etib qo‘ysa, siz uchun juda og‘riqli bo‘lsa kerak?

- Juda ham. 

- Umuman olganda, Yaponiya hamda O‘zbekiston boksi orasida qanday tafovut mavjud?

- Mentalitetda, raqobatga yondashuvda, boksga munosabatda vaho kazo…

- Ehtimol, yordamchi sifatida yana bir o‘zbekistonlik mutaxassisni taklif etish niyatingiz bordir?

- Bu menga bog‘liq emas. 

- O‘zbekiston boks terma jamoasini Tokioda bitta oltin medal bilan cheklanishiga sabab nima bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?

- Aslida, bu muvaffaqiyatsizlik emas, hamma yaxshi natijalarga o‘rganib qolgan, shuning uchun ham ko‘p narsa kutishgan. 

- Vladimir Nikolaevich balki O‘zbekiston boksiga kerakdirsiz?

- O‘zbek boksi juda yuqori saviyada, murabbiylar shtabi juda kuchli va bugun men o‘zim ulardan o‘rganayapman. 

va

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мехриддин Абдурахмонов
28/09/2021 01:35
Карга каргани кузни чукимайди. Мураббий сифатида хурматли инсон.