Superliga. "Navbahor" - "Nasaf": O‘zaro o‘yinlarda ustunlik kim tomonda?
"Navbahor" Soca Cola Superliga 22-turidan o‘rin olgan bahsni o‘z maydonida Qarshining “Nasaf” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Mazkur jamoalar shu kungacha milliy chempionatlarimiz tarixida o‘zaro 53 marta ro‘baro‘ kelishgan. Ushbu o‘yinlarning 22 tasida “ajdarlar”ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 14 ta uchrashuvda “lochinlar” g‘alaba qozonishgan, 17 ta bahsda esa jamoalar murosa ko‘chasini tanlashgan. To‘plar nisbati – 79-67, “Nasaf” foydasiga.
O‘zaro uchrashuvlarda “Nasaf” 83 ochkoni, “Navbahor” esa 59 ochkoni qo‘lga kiritgan.

Ushbu klublar o‘rtasidagi o‘yinlardagi eng yirik - 6:0 hisobi Namangan va Qarshida qayd etilgan.
“Navbahor” hamda “Nasaf” jamoalari bungacha Namanganda 26 marta kuch sinashishgan. Mazkur bahslarning 9 tasida namanganliklar zafar quchishgan bo‘lsa, 13ta uchrashuvda durang qayd etilgan, 4ta o‘yinda esa qarshiliklar g‘alaba qozonishgan.
Namanganda o‘tkazilgan o‘zaro uchrashuvlarda “lochinlar” “Nasaf” darvozasini 43 marta ishg‘ol etishgan bo‘lsa, “ajdarlar” “Navbahor” darvozasiga 25 ta to‘p kiritishgan.
Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “Nasaf” uchrashuvi bugun Namangandagi “Markaziy” o‘yingohida soat 18:15 da boshlanadi.
Fikrlar