
Hakamlar “Barselona”ga yon bosadi(mi)
“PSJ” bosh murabbiyi Unai Emerining fikricha kecha hakamlar mezbonlar foydasida “ishlagan”. Haqiqatdan shundaymi yoki yo‘q bunisi menga qorong‘u. Ammo “shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi” degan gap bekorga aytilmagan. Shunday ekan bugun hakamlar “Barselona”ga o‘zi ista(ma)gan xolda yordam qilib yuborgan holatlarni eslab o‘tamiz.
Andres Frisk. “Barselona” – “Chelsi” (2004/05, 1/8 final)
“Barselona”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuv Friskning keyingi taqdirini hal qilgan edi. Gap shundaki tanaffus payti hakam kataloniyaliklar bosh murabbiyi Frank Raykaard bilan muloqatda bo‘ladi. Ikkinchi bo‘limda esa taqdir taqozosi bilan “Chelsi” hujumchisi Dide Drogbani maydondan chetlatadi. Shu tariqa Frisk atrofida turli xil salbiy fikrlar avjiga chiqadi. Londonlik muxlislar va Mourinoning son-sanoqsiz do‘q-po‘pisalaridan so‘ng shvetsiyalik hakam faoliyatini yakunlashga majbur bo‘lgan edi.
Evrebe. “Chelsi” – “Barselona” (2008/09 yil, yarim final)
Ushbu jamoalarning dastlabki o‘yinida «Kamp Nou»da hisob ochilmagan edi. Javob uchrashuvi ehtiroslarning avjiga chiqishiga olib keldi. Essen 9-daqiqadayoq super gol kiritib, mezbonlarni oldinga olib chiqadi. O‘yinning so‘nggi soniyalarida esa Inesta muvozanatni tiklab, jamoasini finalga qadar olib chiqqan edi. Vaholanki biroz avval Evrebe Pikening qo‘liga to‘p tekkan vaziyatda penalti belgilamagandi. O‘yin tizgini qo‘ldan chiqargan norvegiyalik hakam ana shu o‘yindan so‘ng, londonlik muxlislar va OAVning tanqiqlar «bo‘roni» ostida qolib ketadi.
De Blekere. “Barselona” 1–0 “Inter”(2009/10, yarim final)
U vaqtlar Joze Mourino “Inter”da ishlar edi. Dastlabki o‘yinda hakamlar Diego Militoning golini inobatga olmagan bo‘lsada, milanliklar 3–1 hisobida g‘alaba qozonadi. Javob bahsida esa belgiyalik hakamlar Busketsning simulyatsiyasiga “mahliyo bo‘lib”, Tiago Mottaga qizil kartochka berishadi. Qolaversa, o‘yin yakunida Pike tomonidan kiritilgan gol ofsayddan kiritilgan edi. Ammo yakunda bu holat “Inter”ni finaldan oltb qolish uchun kamlik qilgan edi.
Massimo Buzzaka. “Barselona” 3–1 “Arsenal”(2010/11, 1/8 final)
Londondagi bahsda 2–1 hisobida mezbonlar g‘alaba qozongan edi. “Kamp Nou”dagi javob o‘yinida hisob 1–1 bo‘lib turgan bir pallada janob Buzzaka “to‘pchilar” forvardi Robin van Persini maydondan chetlatadi. “Sarig‘i” bor bo‘lgan van Persi ofsayd qayd etilib xushtak chalinganidan so‘ng to‘pni darvozaga tepadi va shveytsariyalik referi unga ikkinchi sariqni beradi va… To‘g‘ri, qoida bo‘yicha barchasi to‘g‘ri. Ammo shunday o‘yinlar bo‘ladiki, qoidalar faqat o‘yinni “buzishga” xizmat qiladi qaysidir ma’noda. “Kamp Nou”da ham shunday bo‘lgan edi. 10 kishi bo‘lib qolgan “Arsenal” qolgan daqiqalarda ikki bor o‘z darvozasidan to‘pni olib chiqiqshga majbur bo‘ladi.
Volfgang Shtark. “Real” 0 – 2 “Barselona”(2010/11, yarim final)
2011 yil “El Klassiko” shaydolari maza qilishgan edi. Boisi, mazkur qarama-qarshilikda to‘p suradigan bu ikki jamoalar EChLda ham ro‘baro kelishadi. Madridda o‘tgan bellashuv odatdagidek, qo‘polliklarga boy bo‘ldi. Ammo umuman “aybi yo‘q” bo‘lgan Pepe maydondan chetlatiladi. To‘g‘ri, Pepeni barchamiz yaxshi bilamiz, biroq Dani Alves bilan yuzaga kelgan o‘sha vaziyatda Shtark noto‘g‘ri qaror qabul qiladi. Alves esa bemalol dunyoning istalgan tsirkida o‘ynash uchun iqtidori etarli ekanligini namoyon etib, simulyatsiya ishlatgan edi. Yakunda esa 10 kishi bo‘lib qolgan “Real” o‘z darvozasidan ikkita to‘p olib chiqadi.
Mavzuga oid:
- Ham “Barselona”, ham “PSJ”da o‘ynagan 6 ta eng yaxshi futbolchi
- “Barselona” darvozasini EChLda “ilma-teshik” qilgan jamoalar
- “Barselona” – “PSJ ” uchrashuviga oid 12 ta fakt
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar