Iste’foga chiqqan murabbiy nimaga tushunmay qoldi? Yoxud kim aybdor bo‘lib qolganini aytdi

  • 28 oktabr, 2021, 21:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” klubi hozir Superligada qolish uchun kurashadigan jamoalar qatoriga qo‘shilib qolganini yaxshi bilasiz.

Tecno

Bekobodliklar Jasur Abduraimov boshchiligida ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchrayvergach, oxir-oqibat murabbiy iste’foga chiqishga qaror qildi. Uning o‘rnini ispaniyalik murabbiy egalladi. Abduraimov har qancha urinmasin baribir “Metallurg”ning natijalarini yaxshilay olmadi.

Albatta, birinchi davrada chakki emasdi. Ikkinchi davrada esa barchasi o‘zgarib ketdi. Endilikda Bekoboddagi ishini tahlil qilayotgan murabbiy Sports.uz muxbiriga xulosalarini aytdi.

Klubdagi faoliyati qanday o‘tdi?

- “Metallurg”ga birinchi o‘yindan keyin kelganman. Andrey Shipilov ilk turdan so‘ng jamoani tark etgandi. Shunda meni chaqirishdi. O‘shanda nega chaqirishganiga hayron bo‘lgandim. Borganimda klub rahbariyati menga Shipilov ketdi, o‘rniga ishlang, deb taklif bildirgandi. Birinchi davrada yaxshi ishladik, o‘yinlarimiz ham chakki bo‘lmadi. Zo‘r jamoalarni yutdik. 4 – 5-o‘rinlarda ham yurdik. Birinchi davradan keyin 6 yoki 7-pog‘onada edik. Bungacha “Metallurg” har bir o‘yinni qarshi hujumda o‘tkazgan. Biz hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik. Birinchi davrani yaxshi o‘tkazdik, deb o‘ylayman. Bizda 13 ta o‘yinchidan 8 tasi 32 yoshdan katta edi. Hatto, 38 yoshgacha futbolchilar bo‘lgan. Yigitlarga birinchi davradagi o‘yinlar uchun rahmat aytaman. Ikkinchi davrada tushunmadim. Vaholanki, futbolchilar harakat qilishdi, ammo yutqazishni boshladik. Ayrim uchrashuvlarda hakamlar xatoga yo‘l qo‘ydi. Aynan bizning o‘yindan so‘ng, hakamni diskvalifikatsiya qilgan paytlari ham bo‘ldi. Mashg‘ulotlarda hamma harakat qildi, yomon emasdi. Bitta narsani aytaman: ikkinchi davrada o‘yin bo‘yicha birgina “Paxtakor”ga yutqazdik. Qolgan istalgan jamoa bilan kurashdik. Balki omad ham etishmadi. Murabbiylar shtabi ham, futbolchilar ham harakat qilishdi. “Andijon”ni mag‘lubiyatga uchratganimizda keyin mag‘lubiyatsiz seriyaga chek qo‘ydik, deb o‘ylagandik, endi hammasi yaxshi bo‘lishiga ishongandim. Keyingi o‘yinni qo‘qonliklarga qarshi o‘tkazdik. Raqib bir marta ham darvozamizga zarba bermadi. Ammo 0:1 hisobida yutqazdik va ular penaltidan gol urishdi.

abduraimov j2

O‘zini aybdor his qilyaptimi?

- Futbolda bitta odam aybdor emas. Chunki bu jamoaviy o‘yin. Xatoni murabbiy qiladimi, futbolchimi yoki hakammi, ammo futbolda birgina inson aybdor emas. Ikkinchi davrani umuman tushunmadim. Hozir dam olish bilan birga ishlarni tahlil qilyapman. Kimnidir xato qildi, deb aytish noto‘g‘ri. Hech qachon birgina odam aybdor bo‘lmaydi. To‘g‘ri, natijaga bosh murabbiy javob beradi. Futbolchilar maydonda o‘ynaydi, hakam esa hakamligini qiladi. Faqat nima uchun ketma-ket o‘yinlarda yutqazganimizni tushunmadim. “Metallurg” futbol o‘ynadi. Biz 60-70 talab hujumlar uyushtirdik. Yana 60-70 foiz to‘pni nazorat ham qildik. Lekin oxirgi pas etishmasdi yoki golni ura olmasdik. Himoyada esa 2-3 ta xatoga yo‘l qo‘yyapmiz va ulardan biri gol bilan yakunlanardi. Ammo hozirgi vaziyatda men aybdor bo‘lib qoldim. Meni klubdan hech kim haydab yubormagan. O‘zim ketganman. Har bir insonda vijdon ham bo‘lishi kerak. Shuncha uchrashuvda yutqazdik. Ammo yana qaytaraman: o‘yin bo‘yicha “Paxtakor”dan boshqasiga yutqazmadik. Agar o‘yin bo‘yicha yutqazganimizda birinchi davradan keyinoq ketgan bo‘lardim.

abduraimovj1

Yangi murabbiy xususida

- Klubda ishlayotganimda vitse-prezident ispaniyalik mutaxassis menejer bo‘lishini aytgandi. Ko‘rdim, kecha u bosh murabbiy bo‘ldi. Oxirgi ikkita o‘yinda ispaniyalik murabbiy jamoani olib tushdi. O‘ylashimcha, “Metallurg” Superligada qolishi kerak. Shuncha harakat va mehnat qildik. Klubda akademiya ochilgan, barqarorlik bor. O‘ylaymanki, “Metallurg” qoladi. Uchta qiyin o‘yini qoldi. “Navbahor”, “Turon” hamda “Qizilqum”ga qarshi maydonga tushadi.

Superligada intriga qolmadimi? Ligani kimlar tark etadi?

- “Paxtakor” haqli ravishda chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu jamoada sifatli futbolchilar to‘p suryapti. To‘rtinchi yildirki, deyarli bitta tarkib bilan o‘ynalyapti. Ikkinchi o‘ringa katta intriga ketyapti. “So‘g‘diyona”, AGMK va “Nasaf” jiddiy kurashyapti. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Superligani kim tark etishiga kelsak, “Turon” qiyin vaziyatga tushib qolgan. “Mash’al”, “Metallurg”, “Andijon” va “Surxon”da bir xil vaziyat. Oxirgi uchta tur barchasiga oydinlik kiritadi. “Metallurg” esa joyida emas. Nimadir etishmadi, balki biz ham xato qildik. Chempionatda hozir intriga bor.

abduraimov jasur1_1

Bekoboddagi omadsizlik uning murabbiylik faoliyatiga salbiy ta’sir qiladimi?

- Yaxshi savol. Oliy ligada bosh murabbiy bo‘lib “Paxtakor”da ishlaganman. Bekobodda 7 oy ishladim va bu menga katta tajriba bo‘ldi. “Metallurg” o‘rtacha jamoa. Murabbiy sifatida o‘rtacha futbolchilar bilan ham hujumkor o‘yin ko‘rsatish mumkinligini ko‘rsatdik. Faqat yuqorida aytganimdek, ikkinchi davrada nima bo‘lganini tushunmay qoldim. Holbuki, yaxshi o‘yinlar ham o‘tkazdik. “Nasaf”, “Lokomotiv”, birinchi davrada “Paxtakor”ga qarshi yaxshi o‘yinlar o‘tkazdik. Bizda 5-6 ta futbolchi Superligada birichni marta o‘ynadi. Endi menga yaxshi jamoalardan takliflar bo‘lsa, “Metallurg”dagi xatolarni takrorlamayman. Chunki u erdagi ishim har taraflama tajriba bo‘ldi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!