
Tarixni eslaymiz. "Nasaf" 8-marta finalga chiqdi yoxud Qarshi klubi oldingi o‘yinlarda qanday natija qayd etgan edi?
Kecha O‘zbekiston kubogi yarim finali doirasidagi “Nasaf” – AGMK bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan bahsda “ajdarlar” 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Qarshi klubi bungacha 7 bor finalga chiqqan edi. Kecha esa ular 8-marta buni uddalashdi.
“Nasaf” oldin 7 bora finalga chiqqan bo‘lsa-da, ikki marta kubokni o‘ziniki qilgan. Shu bois, bugun qarshiliklarning oldin qayd etgan natijalari haqida to‘xtalishga qaror qildik.
“Ajdarlar” ilk marta 2003 yilda finalga chiqqan. O‘sha mavsum musobaqada 43 nafar professional klublar ishtirok etgan edi. “G” guruhidan o‘rin olgan nasafchilar “Guliston”, “Sho‘rchi”, “Dinamo” Qarshi, “Neftchi” Jarqo‘rg‘on kabi jamoalarga qarshi maydonga tushdi va 12 ochko bilan pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi.
1/8 final bosqichiga yo‘l olgan “Nasaf” Samarqandning “Dinamo”si bilan chorak final uchun kurash olib bordi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Qarshi klubi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. “Ajdarlar” 1/4 finalda Farg‘onaning “Neftchi” klubini (2:1, 3:1), yarim finalda “Navbahor”ni (2:1, 3:1) mag‘lub etib finalga yo‘l oldi.
O‘z tarixida ilk bor finalga yo‘l olgan “Nasaf” bosh sovrin uchun “Paxtakor” bilan kurash olib borishi kerak edi. Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida o‘tgan bahsda “sherlar” 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. Poytaxt klubining gollariga Server Jeparov, Leonid Koshelov va Mirjalol Qosimov kabi futbolchilar mualliflik qilgan bo‘lsa, “Nasaf”ning yagona goli Dilshod Mavlonov nomiga yozilgan.
O‘zbekiston kubogi| Final
2003 yil
Toshkent, “Paxtakor” stadioni, 15000 tomoshabin
“Paxtakor” – “Nasaf” 3:1
Gollar: Server Jeparov 13', Leonid Koshelev 33', Mirjalol Qosimov 84', Dilshod Mavlonov 38'
“Paxtakor” - Ignatiy Nesterov, Asror Alikulov, Yaroslav Krushelnitskiy, Gochkuli Gochkuliev, Kamoliddin Tojiev, Leonid Koshelev, Server Jeparov, Timur Kapadze, Vladislav Kiryan, Anvar Soliev, Zayniddin Tojiev.
“Nasaf” - Narimon Osmanov, Jasur Xamroev, Davron Fayziev, Rustam Xakimov, Kamoliddin Kenjaev, Botir Qoraev, Ro‘ziqul Berdiev, Vali Keldiev, Baxrom Xaydarov, Zafar Xolmurodov, Dilshod Mavlonov.
“Nasaf” ikkinchi marta 2011 yilda finalga chiqqan. O‘sha yili qarshiliklar musobaqani 1/16 bosqichidan boshlagan. “Ajdarlar”ning dastlabki raqibi Toshkentning “NBU-Osiyo” jamoasi edi. Qiziqarli kechgan bellashuvda nasafchilar 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Ular uchun haqiqiy sinov keyin boshlanagan. Sababi, “Nasaf” keyingi bosqichlarda kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushishi kerak edi. Xususan, Qarshi klubi 1/8 finalda poytaxtning yana bir jamoasi “Lokomotiv”ga qarshi bahs olib bordi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 2:1 hisobida g‘alaba qozongan.
Chorak finalda esa muxlislar voha derbisiga guvoh bo‘lishdi. Muborakda kechgan bahsda “Nasaf” “Mash’al”ni sinovdan o‘tkazdi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda “ajdarlar” umumiy 3:0 zafar quchdi (2:0, 1:0). Qarshiliklar yarim finalda yana poytaxtliklarga qarshi maydonga tushishi kerak edi. “Nasaf” bu safar “Bunyodkor” bilan o‘ynadi va penaltilar seriyasiga ko‘ra g‘alaba qozonib, finalaga yo‘l oldi (0:1, 1:0. Penalti – 4:3).
Final uchrashuvida qarshiliklar “Paxtakor”ga qarshi saf tortdi. Toshkentdagi bo‘lib o‘tgan bellashuvda “sherlar” zafar quchdi – 3:1. Ikkinchi bor finalga chiqqan “Nasaf” yana kuboksiz qoladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston kubogi| Final
2011 yil
Toshkent, “Paxtakor” stadioni, 12005 tomoshabin
“Paxtakor” – “Nasaf” 3:1
Gollar: Irakliy Klimiashvili 5' 82', Aleksandr Kletskov 29', Jahongir Jiyamuradov 90+3' pen.
“Paxtakor” – Temur Jo‘raev, Egor Krimets, Akbar Ismatullaev, Kaxi Maxaradze, Temurxo‘ja Abdixoliqov, Aleksandr Kletskov, Sherzod Karimov, Davron Hoshimov, Irakliy Klimiashvili, Dilshod Sharofutdinov, Stanislav Andreev.
“Nasaf” - Dmitriy Kozachenko, Maqsud Karimov, Botir Qoraev, Jahongir Jiyamurodov, Andrey Pereplyotkin , Ilhom Shomurodov, Lutfilla To‘raev, Artur Gevorkyan, Ivan Boshkovich, Erkin Boydullaev, Boyan Malishich.
2011 yilda finalga chiqib, mag‘lub bo‘lgan qarshiliklar 2012 yilda yana yakuniy bosqichga chiqishadi. “Nasaf” musobaqani o‘tgan yilgi kabi 1/16 final bosqichidan boshlaydi va raqib yana “NBU-Osiyo” bo‘ldi. Qarshi klubi bu safar ham 3:0 hisobida g‘alaba qozonadi.
1/8 bosqichda “ajdarlar” Sirdaryoning “Guliston” klubini sinovdan o‘tkazadi. Qarshi klubi mazkur o‘yinni umumiy 8:1 ko‘rinishida o‘z foydasiga hal qiladi. Finalga chiqishga ancha o‘rganib qolgan nasafchilar chorak finalda “Metallurg”ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:4 (1:2, 4:2), yarim finalda “Buxoro”ni umumiy 5:3 (2:0, 3:3) hisobida mag‘lub etgan holda finalga yo‘llanma oladi.
3-marta finalga chiqqan “Nasaf”ga yana Toshkent klubi raqiblik qiladi. Ammo bu safar poytaxning boshqa jamoasi – “Bunyodkor”.
O‘zbekiston kubogi| Final
2012 yil
Toshkent, “Paxtakor” stadioni, 7000 tomoshabin
“Bunyodkor” – “Nasaf” 3:0
Gollar: Shavkat Salomov 8', Kamoliddin Murzoev 34', Viktor Karpenko 45'
“Bunyodkor” – Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov, Anvar G‘ofurov, Artyom Filiposyan, Xayrulla Karimov, Javlon Ibrohimov, Lutfilla To‘raev, Jasur Hasanov, Viktor Karpenko, Shavkat Salomov, Kamoliddin Murzoev.
“Nasaf” – Murod Zuhurov, Maqsud Karimov, Shavkat Raimqulov, Ivan Boshkovich, Botir Qoraev, Kenja To‘raev, Artur Gevorkyan, Fozil Musaev, Mirzakamol Kamolov, Ilhom Yunusov, Shohruh Gadoev.
2013 yilda “Nasaf” ketma-ket uchinchi marta O‘zbekiston kubogi finaliga yo‘l olishadi. Oldingi natijalari sabab Qarshi klubi musobaqani 1/8 final bosqichidan boshlashadi.
“Ajdarlar”ning birinchi raqibi G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi bo‘ladi. Voha derbisi ostida o‘tgan bellashuvda nasafchilar umumiy 3:0 hisobida g‘alaba qozonadi (2:0, 1:0). “Nasaf” chorak finalda “Neftchi”ni (2:0, 3:1), yarim finalda esa “Paxtakor”ni mag‘lub etib (0:0, 2:0,) ketma-ket 3-marta, o‘z tarixida esa 4-marta finalga chiqishadi.
Ammo bu safar ham omad qarshiliklarga kulib boqmaydi. Toshkentdagi “Paxtakor” stadioni mezbonlik qilgan uchrashuvda “Nasaf” yana “Bunyodkor”ga imkoniyatni boy beradi – 1:2.
O‘zbekiston kubogi| Final
2013 yil
Toshkent, “Paxtakor” stadioni, 5228 tomoshabin
“Bunyodkor” – “Nasaf” 2:1
Gollar: Aleksandr Piщur 52', Aleksandr Piщur 85', Ilxom Yunusov 63'
“Bunyodkor” – Murod Zuhurov, Akmal Shorahmedov, Anvar G‘ofurov, Artyom Filiposyan, Xayrulla Karimov, Javlon Ibrohimov, Lutfilla To‘raev, Jasur Hasanov, Sardor Rashidov, Igor Taran, Aleksandr Piщur
“Nasaf” – Eldorbek Suyunov, Hamza Karimov, Laziz Ubaydullaev, Sherzod A’zamov, Botir Qoraev, Farruh Sayfiev, Artur Gevorkyan, Erkin Boydullaev, Azamat Allaniyazov, Ilhom Yunusov, Ilhom Shomurodov.
Ketma-ket uch mavsum finalga yo‘llanma olgan qarshiliklar 2014 yilda buni uddalay olmaydi. Ammo oradan bir yil o‘tib, aniqrog‘i 2015 yilda “Nasaf” yana O‘zbekiston kubogining yakuniy bosqichiga yo‘llanma oladi.
“Ajdarlar” musobaqani nimchorak finaldan boshlaydi. Ular avvaliga “Oqtepa”ni (2:1, 3:1), chorak finalda “Paxtakor-2”ni (6:0, 2:0), yarim finalda “Lokomotiv”ni (2:0, 0:1) mag‘lubiyatga uchratib finalga chiqishadi.
Qarshi klubiga bu safar ham “Bunyodkor” raqiblik qiladi. Jizzaxdagi “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tgan bellashuvda “Nasaf” 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi va o‘z tarixida ilk marta O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston kubogi| Final
2015 yil
Jizzax, “Markaziy” stadioni, 11650 tomoshabin
“Bunyodkor” – “Nasaf” 1:2
Gollar: Sherzod A’zamov 84 (avtogol)′, Artur Gevorkyan 71′, Sherzod A’zamov 74′
“Bunyodkor” – Murodjon Zuhurov, Akmal Shorahmedov, Anvar G‘ofurov, Shaker Zuagi, Minori Sato, Ivan Miloshevich, Dostonbek Hamdamov, Zabihillo O‘rinboev, Rustamjon Ashurmatov, Eldor Shomurodov, Akramjon Komilov
“Nasaf” – Eldorbek Suyunov, Maqsud Karimov, Ilhom Shomurodov, Artur Gevorkyan, Bahrom Abdurahimov, Erkin Boydullaev, Shoxruh Gadoev, Sherzod A’zamov, Shuhrat Muhammadiev, Odil Hamrobekov, Farruh Sayfiev.
2016 yilda “Nasaf” o‘z unvonini himoya qilish uchun musobaqadagi yurishini boshladi. Qarshi klubi 1/8 final bosqichida “Neftchi” ustidan umumiy 5:1 hisobida g‘alaba qozonib (4:1, 1:0), chorak final yo‘llanmasiga ega chiqishadi.
Navbatdagi bosqichda “Andijon” “ajdarlar”ning raqibiga aylandi. “Nasaf” safarda kechgan bellashuvda 2:0, Qarshidagi bahsda esa 2:1 hisobida raqibini mag‘lub etib, yarim finalni naqd qildi. Yarim finalda “ajdarlar” “Buxoro”ni sinovdan o‘tkazdi va umumiy 4:1 hisobida zafar quchgan hola (2:0, 2:1) finalga chiqishdi.
Ko‘hna Samarqand mezbonlik qilgan bahsda “Nasaf” “Lokomotiv”ga qarshi saf tortdi. 8150 muxlis ko‘z ostida o‘tgan bellashuvda “temiryo‘lchilar” 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston kubogi| Final
2016
Samarqand, “Dinamo” stadioni, 8150 tomoshabin.
“Lokomotiv” – “Nasaf” 1:0
Gol: Temurxo‘ja Abduxoliqov 2’
“Lokomotiv” – Ma’mur Ikromov, Kaxi Maxaradze, Temurxo‘ja Abduxoliqov, Sardor Mirzaev, Salim Mustafoev, Timur Kapadze, Islom To‘xtaxo‘jaev, Sanjar Shoahmedov, Ikrom Aliboev, Sherzod Fayziev, Artur Gevorkyan.
“Nasaf” – Eldorbek Suyunov, Aziz G‘aniev, Shuhrat Muhammadiev, Bahrom Abduraximov, Igor Golban, Sherzod A’zamov, Fozil Musaev, Odiljon Hamrobekov, 34.Farruh Sayfiev, Doniyor Narzullaev, Dragan Cheran.
O‘tgan mavsum “Nasaf” yana finalga chiqdi. Bu safargi bahsda Qarshi klubi iroda ko‘rsata oldi. 2016 yil Samarqand “ajdarlar” uchun omadsiz yakunlangan bo‘lsa, 2021 yilgi Samarqand finali “Nasaf” foydasiga hal bo‘ldi.
Qarshi klubi turnirni “E” guruhida boshladi. “Nasaf”ning raqiblari esa “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor” va “Rubin” edi. Qiziqarli kechgan bellashuvlarda “ajdarlar” 5 ochko bilan pley-off bosqichiga yo‘l olishdi.
Nimchorak finalda nasafchilarga “Metallurg” raqib bo‘lishdi. Qiziqarli va gollarga boy o‘tgan bahsda “Nasaf” 5:2 hisobida g‘alaba qozondi (pley-off o‘yinlari bitta bahs). Keyingi bosqichda “ajdarlar” “So‘g‘diyona” klubiga qarshi saf tortishdi. Jizzaxda kechgan bellashuvda Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari minimal hisobda g‘alaba qozondi – 1:0.
Yarim final Olmaliqda AGMKga qarshi bo‘lib o‘tdi. Ekstra taymlargacha davom etgan o‘yinda “ajdarlar” 2:0 hisobida zafar quchdi.
Samarqand shahridagi “Dinamo” stadionida “Paxtakor” va “Nasaf” jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda qarshiliklar 2:1 hisobida g‘alabaga erishdi.
Birinchi taymning 28-daqiqasida Odil Hamrobekov “Paxtakor”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 34-daqiqada Oybek Bozorov raqib futbolchisiga nisbatan ishlatgan qo‘polligi uchun qizil kartochka olib, maydonni erta tark etdi.
Biroq qarshiliklar ulkan iroda namoyish eta olishdi. 38-daqiqada Bahrom Abdurahimov raqib himoyasidagi bo‘shliqdan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi. 75-daqiqada esa G‘olib G‘aybullaev “ajdarlar”ga g‘alaba keltirgan golni raqib darvozasiga joyladi.
Shu tariqa, qarshiliklar o‘z tarixida 2-marta O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi.
O‘zbekiston kubogi| Final
2022 yil
Samarqand, “Dinamo” stadioni.
“Paxtakor” – “Nasaf” 1:2
“Paxtakor” – Eldorbek Suyunov, Xojiakbar Alijonov, Anzur Ismoilov, Odil Hamrobekov, Sherzod Temirov, Dostonbek Hamdamov, Hojimat Erkinov, Sardor Sobirxo‘jaev, Farruh Sayfiev, Abbosbek Fayzullaev, Shahzod Azmiddinov.
“Nasaf” – Umidjon Ergashev, G‘olib G‘aybullaev, Dilshod Saitov, Bahrom Abdurahimov, Husain Norchaev, Suhrob Nurulloev, Akmal Mozgovoy, Sherzod Nasrullaev, Abubakr Rizo Turdaliev, Oybek Bozorov, Umar Eshmurodov.
Kecha “Nasaf” 8-marta finalga chiqishni uddaladi. Xo‘sh, ular bu mavsum ham bosh sovringa ega chiqa oladimi?
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar