
11 shahar 11 stadion! Sankt-Peterburgdan Andalusiyagacha!
SPORTS.uz Evropa chempionatining xaritasi bilan sizlarni tanishtirib o‘tadi. Bugun turnirni qabul qilishi kutilayotgan barcha stadionlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlardan xabardor bo‘lishingiz mumkin.
- Avval boshidan turnir 13 shahar - 13 stadion formatida o‘tkazilishi reja qilingan edi. Bryussel «Milliy stadion»ni qurib bitkaza olmagach, «o‘yindan chiqdi». Oqibatda, belgiyaliklar uchun atalgan o‘yinlar ham Londonga nasib etdi.
- 2021 yilning aprel oyida yana bir o‘zgarish sodir bo‘ldi. Bilbao o‘rnini Sevilya egallagan bo‘lsa, Dublin ro‘yxatdan o‘chirildi. Irlandiya poytaxtidagi matchlar endi Rossiya va Angliyada tashkil etiladi.
London - «Uembli» 90 ming muxlis (25 foiz)
8 o‘yin: Angliya — Xorvatiya (13 iyun), Angliya — Shotlandiya (18 iyun), Chexiya — Angliya (22 iyun), 1/8 finalning 2 o‘yini (26 va 29 iyun), yarim finallar (6 va 7 iyul), final (11 iyul).
- Evropa chempionatining asosiy stadioni. Arena turnirda eng ko‘p o‘yin o‘tkazish huquqiga ega. Ikki yarim final va final o‘yinlari Londonda bo‘lishini inobatga olsak, musobaqaning eng qizg‘in bahslari «Uembli»da bo‘lib o‘tadi.
- Yangi qurilgan stadion tarixidagi eng taniqli uchrashuvlar sifatida Evropa chempionlar ligasi finallarini ko‘rsatishimiz mumkin. 2011 yil («Barselona» — «Manchester Yunayted» — 3:1) va 2013 yilda («Bavariya» — «Borussiya» Dortmund — 2:1) stadion butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratgan.
Sankt-Peterburg - «Sankt Peterburg Arena» 62 315 muxlis (50 foiz)
7 o‘yin: Belgiya — Rossiya (12 iyun),Polsha — Slovakiya (14 iyun), Finlyandiya — Rossiya (16 iyun), Shvetsiya — Slovakiya (18 iyun), Finlyandiya — Belgiya (21 iyun), Shvetsiya — Polsha (23 iyun), Chorak final (2 iyul).
- Rossiyada joylashgan stadion joriy mavsumda EChL finalini qabul qilishi kerak edi, biroq pandemiya rejalarni barbod qildi. UEFA 2022 yildagi finalni aynan «SPA»ga topshirishni reja qilmoqda.
- 2018 yilda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining 3-o‘rin uchun bahsi (Belgiya 2 : 0 Angliya) ham shu stadionda bo‘lib o‘tgan edi.
Rim - «Olimpiko» stadioni 72 698 muxlis (25 foiz)
4 o‘yin: Turkiya — Italiya (11 iyun), Italiya — Shveytsariya (16 iyun), Italiya — Uels (20 iyun), Chorak final (3 iyul).
- «Roma» va «Latsio»ning uy stadionlari sanalgan «Olimpiko» Evropa chempionatini Italiya - Turkiya o‘yini bilan ochib beradi. Shu kunga qadar, stadion 2 ta Evropa chempionatiga mezbonlik qilgan.
- Shu kunga qadar «Olimpiko»da deyarli 3 ta Evropa chempionati finali o‘tkazilgan.
1968. Italiya — Yugoslaviya — 1:1
1968 (Qayta o‘tkazilgan o‘yin). Italiya — Yugoslaviya — 2:0
1980. FRG — Belgiya — 2:1
Myunxen - «Alyants Arena» 75 ming muxlis (20 foiz)
4 o‘yin: Frantsiya — Germaniya (15 iyun), Portugaliya — Germaniya (19 iyun), Germaniya — Vengriya (23 iyun), Chorak final (2 iyul).
- Myunxendagi stadion eng shiddatli bahslarni bizga va’da qilayotgan «F» guruhidagi o‘yinlarga mezbonlik qiladi. Germaniya, Frantsiya va Portugaliya joy olgan «o‘lim» guruhidan kim omon chiqishini aynan shu arenadagi o‘yinlardan so‘ng bilib olishimiz mumkin.
- «Alyants Arena» 2006 yilda JCh yarim final o‘yiniga mezbonlik qilgan. O‘shanda, Portugaliya va Frantsiya to‘qnash kelgan edi. Yakunda, frantsuzlar finalga yo‘l olgan, Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya esa, 3-o‘rin uchun bahsda Germaniya bilan to‘qnash kelgan.
Baku - «Olimpiyski» 70 ming muxlis (50 foiz)
4 o‘yin: Uels — Shveytsariya (12 iyun), Turkiya — Uels (16 iyun), Shveytsariya — Turkiya (20 iyun), Chorak final (3 iyul).
- Ozarbayjon poytaxtidagi arena Rim va Myunxendagilaridan umuman qolishmaydi. Shu bois, UEFA chorak final bahslaridan birini aynan unga ishonib topshirgan.
- Arenaning tashrif qog‘ozi sifatida o‘tkazilgan Evropa Ligasi finalini ko‘rsatishimiz mumkin. 2018/19 yilgi mavsum yakunida Baku «Chelsi» va «Arsenal» o‘rtasidagi o‘yinga mezbonlik qilgan edi.
Glazgo - «Hempden Park» 52 ming muxlis (25 foiz)
4 o‘yin: Shotlandiya — Chexiya (14 iyun), Xorvatiya — Chexiya (18 iyun), Xorvatiya — Shotlandiya (22 iyun), 1/8 final (29 iyun).
- «Hempden Park» turnirni qabul qilayotgan arenalar ichidagi eng keksasi sanaladi. Uni 1903 yilda qurib ishlatish uchun topshirishgan.
- 1937 yilda stadion o‘z bag‘riga 150 ming muxlisni sig‘dirgan. O‘sha oqshom Shotlandiya o‘z uyida Angliyani qabul qilgan edi. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, bu son 170 ming bo‘lishi ham mumkin. E’tiborli shundaki, arena 3 bor Evropa chempionlar kubogi finaliga mezbonlik qilgan.
1. 1959/60 «Real» — «Ayntraxt» Frankfurt — 7:3 (Evropa Chempionlar ligasi finalini stadiondan 135 ming muxlis tomosha qilgan. Bu hozirgi kunlarimizga qadar mutlaq rekord sanaladi!)
2. 1975/76 «Bavariya» — «Sent-Eten» — 1:0
3. 2001/02 «Real» — «Bayer» — 2:1 (Zidanning afsonaviy goli yodingizga tushdimi?!)
Amsterdam - «Yoxan Kroyf Arena» 54 ming muxlis (33 foiz)
4 o‘yin: Niderlandiya — Ukraina (13 iyun), Niderlandiya — Avstriya (17 iyun), Shimoliy Makedoniya — Niderlandiya (21 iyun), 1/8 final (26 iyun).
- Avvallari stadionni «Amsterdam Arena» deb nomlashgan, ammo 2018 yilda Yoxan Kroyf nomini abadiylashtirish maqsadida sobiq futbolchi ismi bilan atala boshlangan.
- 1997/98 yilgi EChL finali aynan shu stadionda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda, Turinning «Yuventus» klubi Madridning «Real»i bilan to‘qnash kelgan edi. Yakunda, Madridliklar 1:0 hisobida zafar quchib bir necha yillik qora an’anaga chek qo‘yadi. Turin klubi uchun esa, omadsiz finallar seriyasi boshlanadi.
Budapesht - «Ferents Pushkash» 67 ming muxlis (100 foiz)
4 o‘yin: Vengriya — Portugaliya (15 iyun), Vengriya — Frantsiya (19 iyun), Portugaliya — Frantsiya (23 iyun), 1/8 final (27 iyun).
- Turnirni qabul qiluvchi eng yosh stadion. Uni 2019 yilning 15 noyabr sanasida foydalanish uchun topshirishgan.
- Budapesht Evropa chempionati o‘yinlarida 100 foiz muxlislar tashrifini ta’minlaydigan yagona stadion bo‘lib qolmoqda. Qolgan barcha arenalarda ma’lum miqdordagi fanatlar uchun eshiklar ochiq xolos.
Sevilya - «Estadio La Kartuxa» 60 ming muxlis (30 foiz)
4 o‘yin: Ispaniya — Shvetsiya (14 iyun), Ispaniya — Polsha (19 iyun), Slovakiya — Ispaniya (23 iyun), 1/8 final (27 iyun).
- 23 aprelda Bilbao shahri Evroni qabul qiluvchi stadionlar ro‘yxatidan o‘chirildi. Uning o‘rnini Sevilya egalladi. «San-Mames» stadioni muxlislar tashrifini ta’minlay olmaganidan «Estadio La Kartuxa» unumli foydalandi.
- Stadion 1999 yilda engil atletika sportini rivojlantirish maqsadida bunyod etilgan bo‘lib, 2002/03 yilda UEFA kubogi finaliga mezbonlik qilgan. O‘sha bahsda Joze Mourinoning «Portu»si «Seltik» ustidan 3:2 natijada g‘alaba qozongan.
Buxarest - «Milliy stadion» 55 ming muxlis (25 foiz)
4 o‘yin: Avstriya — Shimoliy Makedoniya (13 iyun), Ukraina — Shimoliy Makedoniya (17 iyun), Ukraina — Avstriya (21 iyun), 1/8 final (28 iyun).
- Evro 2020(21) ni qabul qiluvchi stadionlar orasida ruminiyaliklar ajralib turadi. Gap shundaki, arena tomining yangi texnologiya bilan jihozlangani uchun ular har qanday ob havoda bahsni qabul qilishga tayyor. Bunday imkoniyat butun Evropa bo‘yicha 2 stadionda mavjud, xolos.
- Arena 2011/12 yilgi mavsumda «Atletiko» va «Atletik» (3:0) o‘rtasidagi Evropa Ligasi finaliga mezbon qilgan.
Kopengagen - «Parken» 38 ming muxlis (45 foiz)
4 o‘yin: Daniya — Finlyandiya (12 iyun), Daniya — Belgiya (17 iyun), Rossiya — Daniya (21 iyun), 1/8 final (28 iyun).
- Daniya guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarni oz uyida o‘tkazadi. Aslida, Rossiya bilan o‘yin uchun qur’a tashlandi. Natijada o‘yin "Parken" stadioniga ko‘chirildi.
- Kapangagen ikki finalni qabul qilgan. 1994 yilda «Arsenal» «Parma»ni mag‘lub etgan. 2000 yilda shu erda «Galatasaray» UTFA kubogida zafar quchgan.
Ya . U
Fikrlar