Alpomish MMAdagi ikkinchi jangini 11 may kuni o‘tkazadi
AQShda faoliyat yuritib kelayotgan aralash jang san’atlari (MMA) ustasi o‘zbekistonlik Murodbek Choriev (laqabi - Alpomish) o‘zining navbatdagi jangini 11 may kuni o‘tkazadi.
Missuri shtatining Sent Lyuis shahridagi “River City Casino & Hotel” arenasida bo‘lib o‘tadigan jangda unga mezbon sportchi Antoni Oden raqiblik qiladi.
- Qisqa muddat ichida ikkinchi jangimni o‘tkazyapman. Jangga tayyorgarlik a’lo darajada. Umid qilamanki, bo‘lajak jangda barcha hamyurtlarimning ishonchini oqlab, g‘alaba qozonishga harakat qilaman, - deydi Murodbek Choriev bo‘lajak jang oldidan.
Ayni damda sportchimiz murabbiylari Stiven Mann hamda Jessi Finnan qo‘l ostida jangga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda.
- Men oxirgi 5-7 yildan beri Maks (murabbiylari uni shunday chaqirishadi – Sports.uz) bilan ishlaganimdan judayam mamnunman. Biz bu vaqt ichida ko‘p yoshlar bilan ishladik, lekin bu yigit doim o‘sishda davom etmokda. Eng asosiysi, u biz bilan o‘smokda, biz u bilan. Hozir u havaskor reytingda chempion va biz yaqin orada uni professional jangchiga aylantiramiz va ishonamanki, 3-5 yilda u UFC yoki Bellator chempioni bo‘ladi, - deydi Jessi Finnan.
Eslatib o‘tamiz, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha bir qancha xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori bo‘lgan Alpomish aprel oyida MMAda debyut qilib, bu turnirni g‘alaba bilan boshlagan edi.

Fikrlar