
Anvar Boynazarov: UFCda bitta bo‘lsa ham jang o‘tkazaman (2-qism)
SPORTS.uz internet portali co‘nggi vaqtlarda professional ringlarda faoliyat yuritib, yuqori marralarni zabt etib kelayotgan sportchilar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Bu galgi mehmonimiz muay tay tarixida 5 yil ichida 100dan ortiq professional jang o‘tkazib, jahon rekordini o‘rnatgan Anvar Boynazarov bo‘lgan edi. Endi ushbu suhbatning ikkinchi qismini havola etamiz.
Ma’lumot uchun: Anvar Boynazarov 1989 yili Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. 12 yoshidan beri sportning taekvando turi bilan shug‘ullana boshlagan. Keyinchalik muay tay bo‘yicha havaskorlar mashg‘ulotlariga ishtirok etdi. 2008 yili Tailandda o‘tgan havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 2011 yili Pxuket shahrida WMF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi. 2013 yili ikkinchi marta ushbu shohsupaga ko‘tarildi. Bundan tashqari muay tay tarixida chempion bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik. 2015 yildan beri “Gloriya”da ishtirok etib keladi. Shuningdek, “Grand Prix”, “EM Legend” musobaqalari g‘olib va sovrindori. Jami 111 jang o‘tkazgan. Shulardan 52 tasini nokaut bilan yakunlagan. 5 yil ichida 100dan ortiq jang o‘tkazib, jahon rekordini o‘rnatgan. Gollivud uning hayoti haqida film olishni rejalashtirmoqda.
– 2015 yildan AQShga ko‘chib o‘tgan ekansiz. Bundan maqsad nima edi?
– Shuncha yil o‘z mahoratimni oshirib keldim. Bularning barchasini pul, obro‘ uchun qilmadim. Oldin ham aytganimdek, yoshligimdagi orzuim – chempionlikni qo‘lga kiritish bo‘lgan. AQShda borishdan maqsad “Gloriya”da ishtirok etishdir. Ilk marta San-Frantsiskoga kelganman. Bu erning odamlari “zombi”ga o‘xshaydi. Hech kimning atrofdagilar bilan ishi ham, vaqti ham yo‘q. Ular faqat ishlaydi. Robotdir.
– U erga borganingizda aniq reja bormidi yoki Tailandga kelgandek tavakkal qilganmidingiz?
– Ha, bu safarni qaerga borishimni aniqlab olgan edim. Kelgan vaqtimda ko‘pchilikka MMA va UFCdagi janglari orqali yaxshi tanish bo‘lgan Yuray Feyber bilan tanishdim va nima uchun kelganimni unga bildirdim. U mendan bosib o‘tgan yo‘lim haqida so‘rab bilgandan keyin juda ta’sirlanib ketgan va hurmat bilan qaraydigan bo‘ldi. Hattoki, o‘z uyiga taklif qilib, birga yashay boshladik va shug‘ullanardik.
– “Gloriya”ga kirib kelishingiz qanday bo‘ldi?
– Dastlab bu musobaqalarni tashkil qiladigan tashkilotchini topdim va unga xat yozdim, biroq javobsiz qolaverdi. AQShda professional sportda katta muvaffaqiyatga erishish oson emasligi, buning uchun insonning eng qimmatli narsasi – sog‘lig‘ini garovga qo‘yishini bilib oldim. Albatta, bunga qaror qabul qilish uncha-muncha odamning qo‘lidan kelmaydi. Ammo ko‘ngilimni cho‘ktirmay, o‘zimni reklama qilishni boshladim. Mashg‘ulotlardagi, janglarimdagi videolarni ularga yuboraverdim. Ular ko‘rib chiqib, meni jangga taklif qilishdi. Ilk jangim 2015 yili juda kuchli raqib asli Gruziyada tug‘ilgan, ammo AQShda yashaydigan Giga Chikadze bilan bo‘lgan. Bunga qiyinchilik bilan g‘alaba qozonganman.
Giga Chikadze
– “Gloriya”da nechta jang o‘tkazgansiz?
– Jami 3 jang o‘tkazib, 2 g‘alaba va 1 mag‘lubiyat qayd etganman.
– “Gloriya”dan tashqari yana qanday musobaqalarda ishtirok etgansiz?
– Yaponiyada ochilgan K1 turniridan so‘ng Xitoyda turli musobaqalar tashkil qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda xitoyliklar bu borada ancha ilgarilab ketdi va bu erni butun dunyo bo‘yicha ana shunday janglar markazi desa ham bo‘ladi. Dastlab “EM Legend” turniriga taklif qilishdi. Musobaqaga jahonning eng kuchli 32 nafar sportchisi yig‘ildi. 11 nafari jahon chempioni. Bunda barcha janglarni nokaut bilan yakunlab finalgacha etib keldim. Ammo final jangi oldidan vizada borasida muammo chiqib, Xitoyga kira olmadim.
– Hozir ham ushbu musobaqada qatnashyapsizmi?
– Ha, birinchi bosqichdan o‘tdim. Chorak finalga etib keldim.
– Eshitishimizcha, siz haqingizda Gollivud film olmoqchi ekan. Shu rostmi? Agar rost bo‘lsa bu taklif kimdan chiqdi?
– AQShda Yuray Feyber singari muvaffaqiyatga erishish oson emas. U har doim mendan hayotingda yuz bergan qiziqarli, qiynalgan voqealarni aytib berishimni so‘rardi. Keyinchalik bilsam u bundan ruhlanib, kuch, zavq olar ekan. Mening bu hikoyalarim orqali u o‘zini tasavvur qilib ko‘rarkan.
– Har bir sportchini asl ismidan tashqari boshqacha nom bilan atashadi. Sizda kim deb chaqirishadi?
– Ha, albatta. Chel elda meni “Uzbek” deb atashadi.
– Sizga boshqa davlat nomidan ringga chiqish taklifi tushganmi?
– Bunaqa takliflar ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa, AQSh va Evropa davlatlaridan juda ko‘plari katta pullar va’da qilishgan, ammo men o‘zbekman. Mening vatanim bitta – O‘zbekiston. Shunday ekan uni hech qachon hech narsaga almashmayman. Tushsam faqat shu yurt uchun ringga chiqaman.
– Shogirdlaringiz bormi. Kelajakda murabbiy sifatida o‘zingizni tasavvur qila olasizmi?
– Hozirda shogirdlarim bor. Ular qatorida ukam Shohruhni ham tayyorlab bormoqdaman. U shu vaqtgacha 8 ta professional jang o‘tkazgan. 2tasi K1da, 6 tasi muay tayda. Yaqin bir ikki yil ichida UFCga o‘tishni rejalashtirgan.
– O‘zingiz ham UFCga o‘tishni rejalashtirmayaptsizmi?
– Ko‘pchilik mendan shuni so‘raydi. Lekin mening maqsadim boshqa. “Gloriya”da chempion bo‘lish. Buning uchun qancha qiyin yo‘llarni bosib o‘tdim. Agar UFCga o‘tadigan bo‘lsam, men barchasini noldan boshlashimga to‘g‘ri keladi. Ammo o‘zbek xalqi uchun keyingi 4-5 yilda UFCda ringga chiqaman.
– Murabbiylikka kelsak, niyatim yo‘q emas. Lekin yana 10 yillar faoliyatimni davom ettirmoqchiman. Shundan keyin tajribamni yoshlarga o‘rgatishga bag‘ishlayman. Professional sport maktabi ochmoqchiman. Bu orqali chempionlar chiqarib, yurtimiz dovrug‘ini yanada ko‘tarishimiz kerak. Buning uchun bir kishining harakati kamlik qiladi. Birlashishimiz zarur.
– Bo‘sh vaqtlaringizda nima bilan shug‘ullanasiz?
– Umuman olganda bo‘sh vaqtim kam. O‘sha vaqtlarda kitob o‘qib turaman. Hozirda gitara chalishni o‘rganyapman. Asosiy vaqtim mashg‘ulotlar bilan o‘tadi.
Suhbat uchun raxmat.
Fikrlar