
«Arsenal» yarim himoyasi eng kuchlimi?
Bir vaqtlar Premer Liganing eng kuchli yarim himoya chizig‘i «Arsenal»niki edi. Endi esa Unay Emeri qo‘li ostida yangi shakllanayotgan «to‘pchilar» yarim himoyasi yana qayta kuchayib bormoqda. «Arsenal»ning «oltin davri»dagi yarim himoyasi bugungi kunda yana qaytayotgandek, go‘yo. Aslida ham shundaymi? Bunday deyishga qanday asoslarimiz bor? Quyidagi tahlilimiz ana shu haqida.
Patrik Vieyra va Jilberto Silva nomlari «Arsenal»ning «engilmas jamoa» bo‘lgan mavsumida barcha shon-shuhrat bilan sinonim so‘zga aylanib ketgandi. Biroq Arsen Vengerning London shimolidagi hokimiyati ham aynan klub yarim himoyasining so‘nishi bilan barham topgandi.
Biroq bu yil yozida klub aynan mana shu chiziq bo‘yicha katta ishlar olib bordi va yangi bosh murabbiy Emeri qo‘lida ancha muvozantga tushgan va kuchli yarim himoyachilardan iborat.
Londonliklarning yarim himoyadagi kuchini «Liverpul»ga qarshi o‘yinda ham yaqqol ko‘rdik. Hisob 1-1 bilan tugagan bo‘lsada, «to‘pchilar»ning yarim himoya chizig‘i butun o‘yin davomida o‘yinga o‘z hukmini o‘tkazdi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Vieyra va Jilberto ketganidan keyin “to‘pchilar” yarim hiomyasida ispancha revolyutsiya amalga oshirilmoqda. Buni qaysi jabhalarda ko‘ramiz?
Muvozanat va himoya
O‘tgan mavsum Venger asosan tajribalar va turli kombinatsiyalar bilan o‘tdi. Frantsiyalik mutaxassis yarim himoyani ikki va uch kishilik futbolchilar bilan almashtirib turdi. Bir hafta Muhammad Elneni, Granit Djaka va Djek Uilshirlar o‘ynasa keyingi safar Aaron Remzi va Djakalar o‘ynardi. Bu esa albatta o‘zaro hamkorlikning shakllanishiga jiddiy ta’sir qilardi.
Emeri esa bir necha tajribalar o‘tkazganiga qaramay tayanch yarim himoyasini ikki kishilik taktikada shakllantirmoqda va bu vazifalarga Djaka, Matteo Genduzi va Lukas Torreyralar raqobat qilmoqda.
Bu har hafta yangidan yangi vazifalarga kirishgandan ko‘ra, o‘tish davrini tezlashtirgan ma’qul ekanligini isbotlamoqda.
Ikki kishilik tayanch nuqtasi jamoaning yarim himoyasiga birgalikda javobgar bo‘lishni, o‘yin tempiga ta’sir qilishni va yaratuvchan futbolchilarga olg‘a borish imkoniyatini tug‘dirmoqda. Bu Mesut O‘zilning eng yaxshi o‘yinini namoyish qilishiga sharoit yaratib bermoqda.
Djaka va Torreyralar orqali «Arsenal» kuchli yarim himoya kombinatsiyasiga ega. Ular to‘pga egalik qilganda O‘zilni izlashi va unga to‘p etkazib berishi orqali jamoaning o‘yini borgan sari ochilib bormoqda.
Yarim himoyada bunday muvozanatning o‘rnatilishi tayanch yarim himoyachilarining statistikasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Djaka (73) va Torreyra (68) raqibdan to‘pni olib qo‘yish borasida hatto Pol Pogba va Jorjinolarni ham ortda qoldirishmoqda.
To‘pga egalik qilish ruhiyati
Yurgen Klopp va Pep Gvardiolalarning Premer Ligaga olib kirgan «qayta qurilish» kuchi ancha sezilarli bo‘ldi. Buni hammadan ko‘proq «Arsenal» yaxshi tushunadi. O‘tgan mavsumda ular «Liverpul» va «Manchester Siti»dan naq 13 gol o‘tkazib yuborishdi.
Yangi mavsumda esa ular ushbu jamoalarga qarshi ikki o‘yinda atigi uchta gol o‘tkazib yuborishdi. Raqamlardagi katta farqni sezyapsizmi? Boisi ispaniyalik murabbiy ham to‘p nazoratiga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
O‘tgan turda «Arsenal» «Liverpul»ga qarshi bahsda 61.8 % lik o‘yin nazoratiga ega bo‘lgan. Uzatmalar ko‘rsatkichi 758-563 londonliklar foydasiga.
«Arsenal»da avvallari biz ko‘rmagan uyg‘unlikni Djaka va Torreyra hamkorligi bermoqda. to‘pga egalik qilishda aynan shu ikki futbolchilarning sa’yi-harakatlari yuqori bo‘lmoqda.
Faqatgina Jorjino (1237) Djaka (1060)dan ko‘proq to‘p bilan muomala qilgan va uzatmalari soni (1136) shveytsariyalik yarim himoyachinikidan (857) ko‘p. Biroq Djakaning uzatmalari o‘tgan mavsumdagiga qaraganda ancha yaxshilangan.
O‘zaro bog‘liqlik
Emerining Londondagi qisqa muddat ichida amalga oshirgan eng muhim ishlaridan biri bu Premer Liga talablariga tezda moslashib ketishi bo‘ldi. Ba’zi murabbiylar buning uddasidan chiqa olmagan bo‘lsa, Gvardiolaga o‘xshaganlarga ozgina vaqt kerak bo‘lgan.
Biroq «PSJ»ning sobiq murabbiyi yangi klubi bilan ajoyib startni boshlashga muvaffaq bo‘ldi. Unga Djaka kabi o‘tgan mavsumda Premer Liganing barcha uchrashuvida maydonga tushgan futbolchining yordam katta bo‘ldi.
Ko‘p tanqidlarga uchragan bo‘lsada, Torreyra kabi sherikning yarim himoyada paydo bo‘lishi unga kuch bag‘ishlamoqda va o‘z o‘yinini ancha kuchaytirib bormoqda. Oldingidek dovdirab qolishlar kam, xatolar kam.
«Arsenal» nihoyat yarim himoya bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilgan ko‘rinadi, Torreyra o‘zining tajovuzkor harakatlari bilan Djakaning raqib eshigining ochishiga sharoit yaratmoqda. Ikkovlon birgalikda esa raqib himoyasini buzib o‘tishda kam qiyinchilikka uchramoqda.
Umumiy natija esa klubning o‘yinlariga ijobiy ta’sir qilmoqda. Bekorga ular 14 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgani yo‘q. Ispaniyalik strateg jamoaning muhim qismi – tayanch yarim himoyasidagi kamchiliklarni tuzatib olishga erishgan.
Fikrlar