“Chelsi”ni kimlar qabul qilib olishga tayyor? (Erkinjon G‘aybullaev blogi)
Mauritsio Sarrining “Chelsi”dagi faoliyatiga “qora bulutlar” soya sola boshladi va uning so‘nggi vaqtlarda klub bilan erishayotgan qoniqarsiz natijalari murabbiylik o‘rindig‘i qimirlashiga ozgina turtki bermoqda.
Yozda uning klub boshqaruviga kelishi OAV orqali ancha dabdaba bilan kutib olingandi. Ammo istak xaqiqat degani emas. Italiyalik murabbiy Londonga “Napoli” bilan erishgan natijalari ortidan tashrif buyurdi. Neapolliklar bilan ajoyib o‘yin uslubi va raqamlarga erishish katta salohiyat egasi ekanligini ko‘z-ko‘z qildi.
“Ko‘klar” esa yangi murabbiy qo‘li ostida mavsumni ancha ko‘tarinki kayfiyatda boshlashdi. Dastlabki 12 turda jamoa mag‘lubiyatga uchramadi. Ammo bosqichma-bosqich Sarrining Premer Ligadagi ishtiroki izidan chiqib bordi. Bunda Sarrining sobiq shogirdi Jorjinoning sport formasini ushlab qolishda qiyinchilikka uchrashi sabab bo‘ldi. Kamiga londonliklar himoyasi ham parchalanib ketdi, oldingi chiziqda esa variantlar kamayib ketdi.
“Chelsi” mavsumni boy berayotgan bir pallada “Manchester Yunayted” vaqtinchalik bosh murabbiy Ole Gunnar Sulsher qo‘li ostida o‘ziga kela boshladi. Shu tariqa Sarri shogirdlari kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini bo‘shatib qo‘yishga majbur bo‘ldi.
Roman Abramovich qoniqarsiz natijalarga erishayotgan murabbiylarga ikkinchi imkoniyat bermaydiganlar sirasiga kiradi. Rossiyalik oligarx Sarrini iste’foga chiqarishi borgan sari haqiqatga aylanib bormoqda. Shunday bo‘lsa, klubni qaysi murabbiy o‘z qo‘liga olishi mumkin? Quyida bir necha variantni ko‘rib chiqamiz.
Orzu: Frenk Lempard
Har qanday “Chelsi” muxlisi uchun orzu variant albatta Frenk Lempardning kelishi bo‘ladi. Uning qo‘lidan ikkinchi Roberto Di Matteo bo‘lish keladi. Mavsumning qolgan qismini yo‘lga qo‘ya olishi mumkin.
Klubning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari “Stemford Bridj”da ish boshlash uchun etarlicha tajribaga ega emas. Ammo muxlislar sevimli o‘g‘lining qaytishini ochiq chehra bilan kutib olishadi.
“Ko‘klar”ni 21-asrda Lempard nomichalik boshqa birorta futbolchi izoxlay olmaydi. O‘z navbatida eng aqlli tanlov bo‘lmasligi ham mumkin. Chempionshipda “Derbi Kaunti” bilan murabbiylik faoliyatiga kirib kelgan sobiq yarim himoyachi hali ko‘p narsalarni o‘rganishi kerakligi ko‘rinib qolmoqda.
Lempard sobiq jamoasining “Manchester Siti”dan uchralgan yirik mag‘lubiyatini kuzatish “yoqimli emasligi”ni tilga oldi.
Haqiqat: Janfranko Zola
Uzoq muddat uchun ideal tanlov bo‘lmaydi. Italiyalik mutaxassisning murabbiylik faoliyatini haminqadar deyishimiz mumkin. “Vest Xem”, “Birmingem Siti”, “Uotford” va boshqa ko‘plab klublardagi faoliyatini yuksak e’tirof eta olmaymiz.
Zola “Vest Xem”da baxtsiz odamga aylandi. Uning qo‘li ostida klub xo‘jayinlari yarim himoyachi Skott Parkerdan tashqari qolgan butun tarkibni sotishini aytdi. 2009/10-yilgi mavsumda Zolani Avraam Grant almashtirdi. Keyin Zola “Uotford”ni boshqardi. Ammo u erdan 2013-yil dekabrida ketdi.
Uning ishtirokida “Uotford” oktyabr oyidan boshlab birorta g‘alaba qozonmadi. So‘nggi besh uy uchrashuvini mag‘lubiyat bilan tugatdi. Uning omadsiz faoliyati boshqa klublarda ham davom etdi. Zola boshqargan so‘nggi klub “Birmingem” bo‘ldi. U klubni 24 o‘yinda atigi ikki g‘alabaga erishgan holda tark etdi.
Uning tarjimayi holini eng zo‘ri deyishdan yiroqmiz. Ammo real variantlarning kamligi bois aynan italiyalik murabbiy “Chelsi”ni mavsum oxirigacha boshqarishga qurbi etadi.
Djoker: Joze Mourino
Mourino “Chelsi”ning eng omadli murabbiyi hisoblanadi. U klub bilan Premer Ligani dastlabki mavsumidayoq qo‘lga kiritdi. Jamoaning 50 yil ichida ilk marta chempionga aylanishida portugaliyalik murabbiyning hissasi katta. U bu natijasini ikkinchi mavsumida ham takrorlashga erishdi.
Mourino klubni Abramovich bilan bo‘lgan o‘zaro ziddiyatlari sabab tark etishga majbur bo‘ldi. Ammo Italiya va Ispaniyadagi muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin oradan besh yil o‘tib yana “Stemford Bridj”ga qaytdi. Klubga ikkinchi marta qaytganidan keyin jamoani yana Premer Liga g‘olibiga aylantirishning uddasidan chiqdi. Ammo ikkinchi mavsumida sodir bo‘lgan qoniqarsiz natijalar chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi. Londonliklar Premer Liganing 16 uchrashuvidan naq to‘qqiztasida mag‘lubiyatga uchradi.
“Old Trafford”gi ishi qanday yakun topganini inobatga olsak birorta top klub futbol tarixidagi eng janjalkash murabbiyni o‘ziga jalb qilishni qattiq o‘ylab ko‘radi. MYuga EChL ga chiqishiga yordam bergan mutaxassis “Chelsi”ga ham bunday imkoniyatni taqdim qila oladi.

Fikrlar