
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi
Bugun "O‘zbekiston" sport majmuasida dzyudo bo‘yicha navbatdagi O‘zbekiston chempionati o‘z nihoyasiga etdi. Reglamentga ko‘ra, ushbu kun dasturida og‘ir vazn toifasida medallar uchun kurash olib borildi.
Keskin va murosasiz kechgan qarama-qarshiliklar orasida 90 kilogrammgacha va 100 kilogrammdan ortiq vazn toifasida kechgan final bahslari muxlislarga birdek manzur bo‘ldi. -90 kg. toifasida Shahzodbek Sobirov Davlat Bobonovni "golden skor"da mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, eng og‘ir vazn toifasida Bekmurod Oltiboev Ixtiyor Xolmurotovni ilk daqiqadayoq ippon bahosi bilan engdi.
Shuningdek, o‘z vazn toifalarida qizlardan Shohista Nazarova (-70 kg), Nodira Yo‘ldosheva (-78 kg) hamda Rinata Ilmatova (+78 kg), yigitlardan Sharofiddin Boltaboev (-81 kg) va Muhammadkarim Xurramov (-100 kg) ham O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand viloyati birinchi, Surxondaryo viloyati ikkinchi va Xorazm viloyati vakillari uchinchi o‘rinni band qilishgan.
Fikrlar