
Ispaniya Evro-2020 da qay ko‘rinish hosil qiladi?
Albatta ular Evro-2016, 2014 va 2018-yilgi Mundiallarda ham favoritlar qatoridan joy olgandi. Bu yirik turnirlarda ularning omadi ancha chopmadi. Shunga qaramay ispanlar iqtidorli futbolchilarni o‘zida jamlay olgan.
Ochig‘i ular Rossiyada bo‘lib o‘tgan Mundialni yutishlari mumkin edi, ammo Xulen Lopetegining «Real»dan tushgan taklifga labbay deb javob berishi tufayli terma jamoaning imkoniyatlarini tushirib yubordi.
Endi klub boshqaruviga Luis Enrike kelgach, «qizil Furiya» yangi davrni boshidan kechirmoqda. 2010-yilgi Jahon Chempionati asosiy tarkibidan faqatgina ikki futbolchi (!) qolgan xolos. Xo‘sh, yangi avlod 2020-yilgi qit’a birinchiligida qanday ko‘rinish hosil qilishi mumkin? Hozirch bir necha variantlar bor.
Standart
Luis Enrike jismonan baquvvat, yuqori darajada bardoshli, kurashuvchan futbolchilarni yoqtiradi. Texnika muhim, ammo aql undan ham muhimroq.
Aftidan De Xea uning ayni vaqtdagi asosiy posboni va bu keyinchalik ham shunday bo‘lib qoladi. U Ispaniyaning ayni vaqtdagi eng yaxshi posboni bo‘lib qolmoqda.
Serxio Ramos himoya qo‘rg‘oni. 2020-yilgacha u Ispaniya tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylanishi shubhasiz. U shunday o‘yinini saqlab qololsa tirik afsonaga aylanadi. Mark Bartra uni himoya markazida sheriklik qilishi mumkin. Lucho Nachoni ham sinab ko‘rishi mumkin. O‘ng qanotda esa dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri Dani Karvaxal ishtirok etadi.
Enrike futbolchilarning noroziligini yoqtirmaydi. Shu sababli u chap qanotning eng zo‘r vakili Jordi Albani, garchi unga ustozlik qilgan bo‘lsada, terma jamoaga chaqirmayapti. Uning o‘rniga tarkibga Markos Alonso kiritilishi mumkin.
2010-yilgi Jahon Chempionatida ishtirok etgan navbatdagi futbolchi – Serxio Busketsdir. U esa yarim himoya ramzi hisoblanadi. U dunyoning eng yaxshi yarim himoyachisi bo‘lib kelmoqda.
Uning oldida Enrikega mos tushadigan ikki yarim himoyachilar – Saul va Dani Sebalos o‘rin olishi mumkin. Ikkalasi ham mehnatkash, faol, qobiliyatli va «jamoa uchun o‘lishga tayyor» xarakteriga ega. Isko esa chap qanotdagi yulduz bo‘ladi.
Hujumda esa o‘z salohiyatini ko‘rsatib kelayotgan Rodrigo va garchi so‘nggi vaqtlarda omadi unchalik chopmayotgan bo‘lsada, iqtidorli Alvaro Moratalar o‘rin egallashi mumkin.
3-3-1-3 ga qaytish
Luis Enrikening «Barselona»dagi taktik ishlanmalari bu Kruyffning 3-3-1-3 o‘yin taktikasiga qaytishi bo‘lgandi. Bu sxema «Barsa»da o‘z mevasini bergan va buni terma jamoada qo‘llab ko‘rishi ham mumkin.
Bunda De Xea darvozada qoladi. Aspilikueta esa Ramos va Bartra qatoridan joy oladi. Shuningdek ularga Serxio Buskets vaqti-vaqti bilan yordamga kelib turishi mumkin.
Ulardan oldinda har qanday tizimga mos tushadigan Saul va Sebalos o‘rin oladi. Ayniqsa Saulning to‘purarlik qobiliyati jamoa foydasiga ishlaydi.
Isko esa «Messi roli» vazifasida to‘liq erkin tarzda hujum ortida harakat qiladi. Iskoning har qanday raqib himoyasining yorib kira olishi jamoa muvaffaqiyatida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qanotlarda Marko Asensio va Markos Alonsolar o‘ynashi mumkin. Ikkovlon ham kengroq o‘ynashadi. Ammo Alonso jarima maydonchasidan uzoqroq o‘ynasa, Asensio Neymar «Barselona»da bajargani kabi raqiblarga ko‘proq tahdid solishga urinib ko‘radi.
Rodrigo esa markazda mehnat koeffitsienti yuqoriligi sabab asosiy tarkibda o‘ynaydi.
«Yangi qon»
Luis Enrike 2022-yilgi Jahon Chempionatida munosib ishtirok etish uchun Evro-2020 da umuman yosh va yangi tarkib bilan ishtirok etishi ham mumkin. Natijada 25 yoshgacha bo‘lganlar bilan o‘ynasa Qatardagi Mundilda tarkibning birortasi 30 yoshni «urib qo‘ymagan» bo‘ladi.
Bunday variantda Kepa De Xeaning o‘rnini egallaydi. Dunyoning eng qimmat darvozaboni mavsumni yuqori kayfiyatda boshlashga erishdi. O‘ng qanotda Odriosola hujumga qo‘shilishi bilan himoyani mustahkamlaydi. Chap qanotda esa «kichik Alba» – Xose Gayya harakat qiladi.
Markaziy himoyadan Unay Nunes va Xesus Valexo o‘rin oladi. Ikki daroz futbolchilar ancha iqtidorli hisoblanishadi.
Rodri yarim himoyada Busketsning o‘rnini egallaydi. «Atletiko» futbolchisi tabiatan Busketsning nushasi. Ammo to‘p bilan muomala qilishi va tezligi bilan undanam o‘zib ketishi aniq. Undan oldinda yana o‘sha Saul va Sebalos o‘rin olishadi. Ular hali ancha yosh, Sebalos – 22, Saul – 23 yoshda.
Hujumda esa «Borussiya Dortmund»da o‘zini qayta kashf qilayotgan 25 yoshli Pako Alkaser omadini sinab ko‘rishi mumkin. Aynan u tarkibning qariya futbolchisiga aylanishi mumkin. Unga qanotlarda Asensio va Oyarsabal kamarbasta bo‘ladi. Ikki vinger tarkibning yulduzlari bo‘lishsa ham ajabmas. Xullas, Luis Enrikeda bir guruh iste’dod vakillarining etishib chiqayotganligi tufayli tanlash imkoniyatlari etarlicha. To‘g‘ri qarorni tanlash albatta Luchoning qo‘lida. Biroq qaysi biri to‘g‘ri, buni vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar