“MYu”ning bugungi raqibi o‘zimizning “Lokomotiv”ga o‘xshaydi?

  • 9 mart, 2017, 02:25
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun “Manchester Yunayted” jamoasi Evropa ligasi 1/8 finali doirasida “Rostov”ga qarshi bahs olib boradi. Xo‘sh, “qizil iblislar”ning bugungi raqibi haqida biz nimalarni bilamiz? Quyida shu to‘g‘risida o‘qiysiz.

Tecno

Tashkil topgan yili: 1930

Laqabi: sariq-ko‘klar

Sovrini: Rossiya kubogi 2014

 

 

62 yil quyi ligada o‘ynagan jamoa

“Rostov” 1930 yilda tashkil etilgan bo‘lsada, SSSR oliy divizionida biror marta o‘ynamagan. Faqatgina, 1992 yilga kelibgina donliklar Rossiya chempionatida ishtirok eta boshlashgan. Umuman Rossiya Premer ligasida “Rostov” odatda o‘rtamiyona jamoa sifatida ishtirok etib kelar edi.

Afsonaviy Ponedelnik

“Rostov” tarixidagi eng mashxur futbolchi bu shubhasiz – Viktor Ponedelnikdir. 1960 yilda bo‘lib o‘tgan Evropa chempionati finali qahramoni bu shaharda juda qadrlanadi va uning nomidagi futbol maktabi va olimpiya zahiralari sport maktabi mavjuddir. Bundan ikki yil ilgari esa “Rostov” uy o‘yinlarini o‘tkazib keladigan “Olimp-2” stadionida Ponedelnikka atalgan haykal o‘rnatilgan edi.

“SKA” bilan derbi

Ponedelnik nafaqat “Rostov”da balki, Ittifoq davrida mashxur bo‘lgan shaharning boshqa bir jamoasi – “SKA” tarkibida ham to‘p surgan. Mazkur jamoalar o‘rtasidagi derbilar bo‘lmay qo‘yganiga esa ancha bo‘ldi. Boisi, “Rostov” Premer ligada o‘ynayotgan bo‘lsa, 1981 yilgi SSSR kubogi sohibi bo‘lgan “SKA” quyi ligalarda “izg‘ib yuribdi”.

Zavod jamoasi

Uzoq yillar jamoaga qishloq xo‘jaligiga moslashgan texnikalar ishlab chiqaruvchi zavod xomiylik qilib kelgan va jamoa nomi ham aynan o‘sha zavod nomi bilan yuritib kelingan – “Rostselmash”. 2003 yildan e`tiboran esa zavod tarkibidan ajralib chiqqan jamoaning nomi ham “Rostov”ga o‘zgaradi.

Yangi arena

Jamoa o‘z uy uchrashuvlarini 1930 yilda qurilgan “Olimp-2” stadionida o‘tkazib keladi. 2018 yilgi mundial o‘yinlarini qabul qilishi rejalashtirilgan “Rostov Arena” esa xali foydalanishga topshirilganicha yo‘q.

“Yuventus” bilan bo‘lgan debyut

1999 yilgi mavsumda Intertoto kubogida ishtirok etgan “Rostov” ilk bor o‘z omadini evroarenada sinab ko‘radi. Mazkur musobaqa yarim finalida “Yuventus” bilan to‘qnash kelgan donliklar “Yuve”ga ikki o‘yinda umumiy 1–9 hisobida imkoniyatni boy beradi.

Yagona sovrin

2014 yil jamoa o‘z tarixidagi ilk va hozirgacha yagona bo‘lib turgan sovrin – Rossiya kubogini qo‘lga kiritadi. Billur sovrin uchun kechgan final bahsida “Krasnodar” bilan o‘ynagan Miodrag Bojovich boshqaruvidagi “Rostov” penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib(6–5), mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan edi.

Sensatsion tarzda qo‘lga kiritilgan kumush medullar

O‘tgan mavsumda kutilmaganda Rossiya chempionatida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan “Rostov” barchani hayratlantirgan edi. Bu mavsum esa, “sariq-ko‘klar” hozircha chempionatda 7-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, kubokdagi yurish 1/16 finaldayoq nihoyasiga etgan.

“Lokomotiv” bilan o‘xshashlik

Barchamizga yaxshi ma’lumki, Toshkentning “Lokomotiv” klubi bosh murabbiyi – Andrey Miklyaev sanaladi. Ammo barcha o‘yinlarda kuzatganingizday, Mirko Elichich maydon chetida futbolchilarga tinmay ko‘rsatma berib turadi. “Rostov”da ham deyarli shunga o‘xshash vaziyat hukmron. Jamoa bosh murabbiyi rasman Ivan Danilyants hisoblanadi va u faqatgina matbuot bilan aloqa qiladi xolos. Ammo maydon chetida Dmitriy Kirichenko futbolchilarga ko‘rsatma berib borsa, qolgan barcha ishlarga Qurbon Berdiev javobgar sanaladi.

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!