
Mo‘minjonov haqidagi fikrlari shov-shuvga sabab bo‘lgan Ro‘zimboy Ahmedov Kanchelskis haqida nimalar dedi?
Namanganning “Navbahor” jamoasi mavsum yakunlanishiga ikki tur qolganida bronza medalining rasman egasiga aylandi. Bunga albatta “Bunyodkor”dan jarima sifatida olti ochkoning olib tashlangani sabab bo‘ldi. Bungacha esa namanganliklar o‘z maydonida aynan ushbu jamoani 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqishgandi. O‘sha bellashuvda esa oxirgi paytlarda katta bosim ostida qolgan hujumchi Ro‘zimboy Ahmedov nihoyat o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgandi va yana katta sahnaga chiqdi. Boisi u penaltidan gol urib jamoasi uchun o‘ta muhim bo‘lgan g‘alabani taqdim etgandi. Kuni kecha futbolchi SPORTS.uz uchun bir qator masalalarda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tajribali futbolchi suhbat davomida jamoaning yangi ustozi Andrey Kanchelskis borasida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Avvalo Kanchelskisning insoniylik fazilatlarini alohida ko‘rsatgan bo‘lardim. U odamning ichidagi o‘ylayotganlarini o‘qiy oladi. Qaysidir futbolchida muammolar bo‘lsa, chaqirib nima bo‘lyapti deb so‘raydi. U ko‘p muloqot qiladi. Kamchiliklarimiz bo‘lsa o‘zimizga aytib, tushuntiradi. Har bir murabbiyning o‘z uslubi bo‘ladi. U Evropa futbolining havosini olgani uchun mashg‘ulotlarimizda ham buning nafasi sezilib turibdi. Kanchelskis jismoniy tayyorgarlikka ko‘proq e’tibor qaratishni yaxshi ko‘rar ekan. U hamma bilan yaxshi til topishdi. Qisqasi, Kanchelskis yaxshi mutaxassis. Hozirgi qiyin sharoitda jamoani ruhlantirish murabbiy uchun oson emas. Ammo u bizni ruhlantira oldi.
Ro‘zimboy Ahmedov bilan uyushtirilgan suhbatning to‘liq matnini tez orada saytimizda o‘qishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, ushbu futbolchining "Navbahor" sobiq ustozi Ilhom Mo‘minjonov haqida bildirgan fikrlari katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
Fikrlar