Turkiya O‘zbekiston futbolchilari bo‘yicha muhim rasmiy qarorni e’lon qildi
Turkiy davlatlar, jumladan Oʻzbekiston futbolchilari endilikda Turkiya chempionatida legioner emas, mahalliy turk oʻyinchilari maqomida maydonga tushishi mumkin. Bu haqida TRT Haber nashri oʻz manbasiga tayanib xabar berdi.
Maʼlumotga koʻra, Turkiya hukumatidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) raisi oʻrinbosari Kyurshad Zorlu turkiy dunyodan kelayotgan futbolchilar uchun yangi tartib ustida ish boshlanganini maʼlum qilgan.
Uning soʻzlariga koʻra, turkiy davlatlardan kelgan futbolchilar maqomini oʻzgartirish boʻyicha amaliy ishlar start olgan. Mazkur masala yuzasidan Turkiya futbol federatsiyasi prezidenti bilan ham muzokaralar oʻtkazilgan.
- Bu faqat maqomni oʻzgartirish bilan cheklanmaydi. Agar loyihani oxirigacha yetkazsak, 200 milliondan ortiq aholi yashaydigan katta turkiy makonda yosh isteʼdodlarni kashf etish imkoniyatiga ega boʻlamiz.
Ularni oʻz mamlakatlaridagi akademiya va yoshlar tizimlarida rivojlantirib, Yevropa, jahon chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqalarda milliy terma jamoalarimizning natijalarini oshirishni maqsad qilganmiz, — deya Zorludan iqtibos keltiradi manba.
Oʻzbekistondan hozirgi paytda Turkiya Superligasida uch nafar futbolchi toʻp surmoqda: vinger Abbosbek Fayzullaev va hujumchi Eldor Shomurodov "Istanbul Boshakshеhir" jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
Himoyachi Husniddin Aliqulov esa, 2023 yildan beri "Rizespor" oʻyinchisi hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, Eldor Shomurodov oʻtgan mavsumda Turkiya chempionatida 22 ta gol urib, toʻpurarlar poygasida gʻolib chiqqan edi.

Fikrlar