Mourino hamon dunyoning eng zo‘r murabbiyimi?
«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi klubning inqirozida hammani ayblab bo‘ldi, endi u bor e’tiborini jamoasiga qaratadigan vaqt keldi. Xo‘sh, «o‘zgacha» hamon eng zo‘rimi? U holda «qizil iblislar»ni nima kutmoqda?
Joze Mourino o‘tmishning ko‘p vaqtini murabbiy sifatida ko‘plab rekordlarga erishish bilan o‘tkazgan. Biroq avval «Brayton»dan 3-2, keyin «Tottenxem»dan o‘z uyida 3-0 hisobidagi yirik mag‘lubiyatlarni qabul qilib olgach, portugaliyalik murabbiyning zamonaviy futboldagi o‘rni savollar ostida qolib ketdi va u darhol o‘ziga xos uslubda bunga javob qaytardi.
«Uchta Premer Liga – dedi Mou uchta barmog‘ini havoda ko‘rsatarkan – men qolgan 19 ta murabbiydan ham ko‘proq Premer Ligani yutganman»
Keyinroq «Manchester Yunayted»ning uning qalbida qanday joy egallagani haqidagi savolga yana ig‘vogarona javob qaytardi va butun e’tiborni o‘ziga qaratdi.
«Men dunyoning eng buyuk klublaridan birining murabbiyiman, ammo o‘zim ham dunyoning eng buyuk murabbiylaridan biriman.»
«Men Italiya, Ispaniya va Angliya kabi kichkina bo‘lmagan chempionatlarni yutgan yagona murabbiyman. O‘tgan mavsumda men ikkinchi o‘rin bilan futbolda erishgan yutuqlarimning eng yaxshilaridan biri bo‘ldi.»
Fergyuson qo‘li ostida shonli davrni o‘tkazgan klub muxlislari uni o‘tmish bilan yashayotganlikda ayblay boshlashdi. Boisi Mourino savolga javob berishni erishgan rekordlari bilan javob qaytaradigan bo‘lib qolgan. Hech kim uning 8 ta chempionatni yutganini inkor qilayotgani yo‘q. Uning qolgan 17 sovrinlari ham kattami, kichikmi o‘z ahamiyatiga ega. Biroq uning «Old Trafford»dagi ishlari yurishmayotgani uning obro‘si biroz tushib borayotganidan darak bermoqda.
«Byornli»ga qarshi o‘yinda muxlislar o‘z sevimlilari hamon «jangda», barcha kurashashishga shay ekanliklarini tomosha qilish umidida edi. Ular o‘zlariga yoki shuhratlariga soya tushib qolishni hayollariga ham keltirgani yo‘q.
«MYu» muxlislari portugaliyalik murabbiy «Chelsi»dan nima yutgani bilan ham ishi yo‘q. Ularni faqat Mou «MYu» uchun nima yutishi mumkinligi qiziqtiradi. Shu tufayli «Real» va «Inter»ning sobiq murabbiyi «hurmacha qiliqlar»ini yig‘ishtirib ishga jiddiy kirishishi kerak.
Chempionatning startidayoq ikkita mag‘lubiyatni qabul qilib olgan «Manchester Yunayted» turnir peshqadamlari «Liverpul» va «Chelsi»dan 9 ochko qolib ketgan.
Mourino o‘tmishini aytib maqtanmasligi, o‘tgan mavsumdagi ikkinchi o‘rinni sovrin sifatida ko‘rmasligi kerak. Chunki klub bu mavsumda ham omadsizlikka yuz o‘girsa, muxlislar kechirmasligi aniq.
Mourinoning oldida faqatgina bir yo‘l bor: portugaliyalik murabbiy dunyoning eng zo‘ri bo‘lib qolishi uchun «Manchester Yunayted»ni yaqin kelajakda yana chempionlik sari etaklashi kerak.
Shundan keyingina unga maqtanish yarashadi. Ungacha esa kamroq gapirib, ko‘proq ishlashi talab etiladi.
Fikrlar