Mundial sari. Tanishing - Avstraliya terma jamoasi

  • 21.05.2018 21:57
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar garchi o‘zi alohida qit’a bo‘lsada, jahon chempionatlarida Osiyo qit’asi sharafini himoya qiluvchi Avstraliya terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Qit’a-mamlakat hisoblangan Avstraliyaga futbolning kirib kelganiga deyarli bir asr to‘lmoqda. Dunyo futbolida sokkeruzlar deb ataladigan yurt futbolchilari o‘zlarining ilk uchrashuvini 1922 yilning 17 iyunida qo‘shni Yangi Zelandiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazishgan. Gollarga boy kechgan ilk o‘yin 3:1 hisobida Avstraliyaning mag‘lubiyati bilan yakunlangan.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Avstraliya terma jamoasining mundiallardagi ilk ishtiroki 1974 yil G‘arbiy Germaniyada bo‘lib o‘tgan  jahon chempionatiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ularga guruh bosqichida ikki Germaniya termasida tashqari Chili ham raqiblik qilgan. Ular dastlabki ikki turda nemislarning ikkala jamoasiga ham imkoniyatni boy berishgan bo‘lishsa, so‘nggi turda Chili bilan 0:0 hisobida durang o‘ynashdi. Shu tariqa guruhda so‘nggi o‘rinni egallagan kengurular yurti vakillari jahon chempionatidagi ishtiroklarini to‘xtatishdi.

Shundan so‘ng saralashlardan o‘ta olmagan Avstraliya terma jamoasi to 2006 yilga qadar mundial orzusi bilan yashadi. Qizig‘i, ularning jahon chempionatlaridagi ikkinchi ishtirokiga ham Germaniya maydonlari mezbonlik qildi. Ular “F” guruhida Braziliya, Xorvatiya va Yaponiya terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Dastlab Yaponiya 3:1 hisobida dog‘da qoldirildi. Ammo, ikkinchi turda sokkeruzlar braziliyalik charm to‘p ustalariga 2:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. So‘nggi turda Xorvatiya bilan 2:2 hisobida durang qayd etgan Avstraliya yakunda guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va pley-offga yo‘l oldi. Biroq, bu bosqichda ular bo‘lajak chempion – Italiyaga duch kelishdi va 1:0 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Shu tariqa ularning mundialdagi ikkinchi ishtiroki ham o‘z yakuniga etdi.

Oradan to‘rt yil o‘tib sayyoramizning eng yirik sport musobaqasiga Janubiy Afrika mamlakati mezbonlik qildi. Sokkeruzlar bu safar “D” guruhida Germaniya, Gana va Serbiya terma jamoalariga qarshi o‘ynashdi. Ular ilk bahsda Germaniyaga qarshi maydonga tushishdi va kutilmaganda o‘z darvozalaridan javobsiz 4ta to‘p o‘tkazib, mag‘lub bo‘lishdi. Ular keyingi ikki turda dastlab Gana bilan 1:1 hisobida durang qayd etishdi, keyin esa Serbiya termasi 2:1 hisobida dog‘da qoldirildi. Yakunda ganaliklar bilan bir xil – 4 ochko to‘palagan avstraliyaliklar to‘plar nisbatiga ko‘ra guruhda uchinchi o‘rinda qolib ketishdi va musobaqani shu bosqichning o‘zida yakunlashdi.

2014 yil jahon chempionati Braziliyada o‘tkazildi. Ushbu mundialda sokkeruzlar Gollandiya, Ispaniya va Chili terma jamoalari bilan birga “o‘lim guruhi” deb aytilgan “B” guruhidan joy olishdi. Yakunda ham bu e’tirof o‘z tasdig‘ini topdi. Guruhdagi barcha raqiblariga imkoniyatni boy bergan Avstraliya birorta ham ochko ola bilmay musobaqa bilan xayrlashdi.

JCh-2018 saralashi Osiyo mintaqasi so‘nggi raundida Avstraliya guruhda Yaponiya va Saudiya Arabistonidan so‘ng 3-o‘rinni egalladi. Reglamentga ko‘ra uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan terma jamoa mundialga borishi uchun narigi guruhning uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan termasi bilan o‘tish o‘yinida g‘olib chiqishi va undan so‘ng Shimoliy Amerika qit’asi vakili bilan ham huddi shunday ikki o‘yindan iborat uchrashuvda g‘alaba qozonishi lozim edi. Sokkeruzlar dastlab Suriya terma jamoasini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 3:2 hisobida taslim etishgan bo‘lishsa, keyinroq Shimoliy Amerika vakili Gonduras 3:1 hisobida dog‘da qoldirildi. Shu tariqa Avstraliya ketma-ket 4-marta jahon chempionatida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Qit’a birinchiliklaridagi natijalari

Avstraliya 2006 yilga qadar Okeaniya mintaqasi a’zosi hisoblangan va ushbu davr mobaynida to‘rt karra Okeaniya chempioni va ikki karra vitse-chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Shundan so‘ng 2006 yil yashil qit’a futbol mutasaddilari FIFAga o‘zlarini Osiyo futbol konfederatsiya a’zoligiga qo‘shishini so‘rab murojaat qilishgan. Shundan buyon ular Osiyo mintaqasida to‘p surib kelishmoqda.

Avstraliya terma jamoasining Osiyo chempionatlaridagi ilk ishtiroki 2007 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda qit’a birinchiligiga Indoneziya, Malayziya, Tailand va Vietnam mezbonlik qilgan edi. Sokkeruzlar musobaqaning “A” guruhidan joy olishdi. Ushbu guruhda ulardan tashqari shuningdek Iroq, Tailand va Ummon terma jamoalari ham bor edi. Bitta g‘alaba va bitta durang qayd etgan Avstraliya guruhda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi va chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ular bu bosqichda Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblangan Yaponiyaga to‘qnash kelishdi. Uchrashuvning asosiy bo‘limi 1:1 hisobida yakunlangach, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda esa omad yaponlarga kulib boqdi. Sokkeruzlaring Osiyo chempionatidagi debyuti shu tariqa yakuniga etdi.

a6.jpg

2011 yil Osiyo chempionati Qatar mamlakatida o‘tkazildi. Bu safar mintaqa futboliga ancha moslashib olgan Avstraliya o‘zining nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu safar ular “C” guruhida Janubiy Koreya, Bahrayn va Xindiston terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Guruhda birinchi o‘rin bilan chorak finalga yo‘l olgan avstraliyaliklar Iroqni 2:1 hisobida dog‘da qoldirishdi. Yarim finalda esa O‘zbekiston terma jamoasi darvozasi javobsiz olti bor ishg‘ol etildi – 0:6. Hal qiluvchi final uchrashuvida esa yana Yaponiya to‘qnash keldi va bu safar ham Avstraliyaning Osiyo vakiliga kuchi etmadi – 1:0.

2015 yil ushbu musobaqaga Avstraliyaning o‘z mezbonlik qildi. O‘z maydoningda devorlar ham yordam beradi deganlaridek bu safar Avstraliya barcha raqiblarini er tishlatdi va bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Dastlab Janubiy Koreya, Ummon va Quvayt terma jamoalariga qarshi bahslarda ishtirok etib, guruhda ikkinchi o‘rin bilan chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan sokkeruzlar bu bosqichda Xitoydan 2:0 hisobida ustun kelishdi. Yarim finalda esa Birlashgan Arab Amirliklari termasi huddi shu hisobda dog‘da qoldirildi. Hal qiluvchi bahsda esa Janubiy Koreya 2:1 hisobida mag‘lub etildi. Shu tariqa Avstraliya Osiyoni nihoyat zabt etdi.

Avstraliya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 2001 yil 11 aprel, Avstraliya – Amerika Samoasi 31:0 (jahon rekordi).

Eng yirik mag‘lubiyati: 1955 yil 17 sentyabr, Avstraliya – JAR 0:8.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Mark Shvartser (109).

Eng yaxshi to‘purar: Tim Kexill (50).

FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 14-o‘rin (2009).

FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 102-o‘rin (2014).

Ayni damda kengurular yurti terma jamoasiga ustozlik qilayotgan gollandiyalik mashxur mutaxassis Bert Van Marveyk bundan bir necha kun oldin JCh-2018 uchun terma jamoaning kengaytirilgan tarkibini e’lon qildi.

Darvozabonlar: Met Rayan (Brayton, Angliya), Denni Vukovich (Genk, Belgiya), Bred Jons (Feyenoord, Gollandiya).

Himoyachilar: Aziz Bexich (Bursaspor, Turkiya), Milosh Degenek (Iokogama, Yaponiya), Mettyu Yurman (Suvon, Koreya), Jeyms Meredit (Milluoll, Angliya), Josh Risdon (Vestern Sidney), Trent Seynsberi (Grassxopper, Shveytsariya), Fran Karachich (Lokomotiva, Xorvatiya).

Yarim himoyachilar: Josh Brillant (Sidney), Mile Edinak (Aston Villa, Angliya), Jekson Irvayn (Xall Siti, Angliya), Robbi Krus (Boxum, Germaniya), Massimo Luongo (KPR, Angliya), Mark Milligan (Al-Axli, Saudiya Arabistoni), Aaron Muy (Xaddersfild, Angliya), Tommi Rogich (Seltik, Shotlandiya), Jeyms Troisi (Melburn Viktori).

Hujumchilar: Tim Keyxill (Milluoll, Angliya), Tomi Yurich (Lyutsern, Shveytsariya), Metyu Leki (Gerta, Germaniya), Endryu Nabbut (Urava, Yaponiya), Nikita Rukavitsa (Makkabi Xf, Isroil), Dimitri Petratos (Nyukasl Jets), Deniel Arzani (Melburn Siti).

Eslatib o‘tamiz, Avstraliya musobaqaning “S” guruhida Frantsiya, Daniya va Peru terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!