Mundial sari. Tanishing - Marokash terma jamoasi

  • 20 may, 2018, 14:42
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar Afrikaning nomdor jamoalaridan biri hisoblangan Marokash terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Tecno

Marokash Afrika qit’asining eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Ushbu yurt futbolchilari o‘zining ilk uchrashuvini 1957 yil Iroq terma jamoasiga qarshi o‘tkazishgan. Gollarga boy kechgan bahs 3:3 hisobida jangovor durang bilan yakunlangan.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Marokash jahon chempionatida ishtirok etgan ilk Afrika jamoasi hisoblanadi. Ular 1970 yil Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan mundialda qatnashish sharafiga musharraf bo‘lishdi. Marokashliklarga guruhda Germaniya, Peru va Bolgariya to‘qnash keldi. Marokash dastlabki ikki o‘yinda Germaniya (1:2) va Peru (3:0) termalariga yutqazib qo‘ydi.  So‘nggi turda esa Bolgariya bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi. Shu tariqa Marokash terma jamoasi o‘z tarixida ilk marta jahon chempionati o‘yinlaridagi ochkosini qo‘lga kiritdi. Yakunda ular guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketishdi.

Shundan so‘ng ushbu yurt vakillari ketma-ket uchta (1974, 1978, 1982) jahon chempionati saralashidan o‘ta olishmadi.

1986 yil mundialga yana Meksika mezbonlik qildi va yana Marokash final bosqichida ishtirok etdi. Ular “F” guruhida Angliya, Portugaliya va Polsha terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Ammo marokashlik futbolchilar nisbatan nomdorroq raqiblarga qarshi o‘zlarini aslo yo‘qotib qo‘yishmadi. Guruhning dastlabki ikkita o‘yinida Polsha va Angliya bilan 0:0 hisobida durang qayd etildi. So‘nggi turda Portugaliya ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alaba Marokash terma jamoasini guruhda birinchi o‘ring olib chiqdi. Keyingi bosqichda ularni Germaniya terma jamoasi kutib turgan edi. Ushbu uchrashuv taqdirini esa nemislarning yagona goli hal qildi. Shu tariqa Marokash o‘z tarixida ikkinchi marta qatnashgan mundialdagi ishtirokini to‘xtatdi.

Marokash 1990 yil Italiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatini o‘tkazib yuborgach, 1994 yil yana mundialda o‘ynash baxtiga sazovor bo‘ldi. Ular bu safar ham “F” guruhidan joy olishdi. Faqat bu AQShdagi musobaqada raqiblar boshqa edi. Marokashlik futbolchilar Gollandiya (2:1), Saudiya Arabistoni (2:1) va Belgiya (1:0) terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan o‘yinlarning barchasida mag‘lub bo‘lishdi va guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketishdi.

Oradan to‘rt yil o‘tib sayyoramizning eng yirik musobaqasiga Frantsiya mezbonlik qildi. Marokash bu safar “A” guruhida Braziliya, Norvegiya va Shotlandiya terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Ular dastlabki turda Norvegiya bilan 2:2 hisobida jangovor durang qayd etishdi. Keyin Braziliyaga 3:0 hisobida imkoniyatni boy bergan marokashlik futbolchilar so‘nggi turda Shotlandiyani huddi shu hisobda engishdi. Biroq bu g‘alaba ularni pley-offga olib chiqolmadi. Guruhda uchinchi o‘rinda qolib ketgan Marokash shu tariqa JCh-1998dagi ishtirokini yakunladi.

Frantsiya mundialidan so‘ng marokashlik muxlislar jahon chempionatiga chiqishni roppa-rosa 20 yil kutishga majbur bo‘lishdi. Chunki, ushbu yurt futbolchilari 2002, 2006, 2010 va 2014 yilgi jahon chempionati saralashidan o‘ta olishmadi. Nihoyat ularga 2018 yil Rossiya maydonlarida bo‘lib o‘tadigan mundialda ishtirok etish nasib etdi. Endi ular jahon chempionatining “B” guruhida Ispaniya, Portugaliya va Eron terma jamoalariga qarshi kurash olib borishadi.

Qit’a birinchiliklaridagi ishtiroki

Marokash terma jamoasi Afrika millatlar kubogidagi o‘zining ilk ishtirokini 1972 yil Kamerunda bo‘lib o‘tgan musobaqada boshlagan. Biroq ularning debyuti u qadar muvaffaqiyatli chiqmadi. Marokash guruhda qolib ketdi.

1974 yil Misrdagi chempionat saralashidan o‘ta olmagan marokashlik futbolchilar oradan ikki yil o‘tib Efiopiyada o‘zlarining ilk titullarini qo‘lga kiritishdi. Aniqrog‘i 1976 yilgi qit’a birinchiligida marokashlik futbolchilarga teng keladigan raqib topilmadi.

Shundan so‘ng Marokash 1978 yil guruh bosqichida qolib ketdi. 1980 yilgi chempionatda esa bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Keyin esa ketma-ket 2ta (1982, 1984) qit’a birinchiligini o‘tkazib yubordi. 1986 va 1988 yilgi Afrika millatlar kubogida Marokash yarim finalga qadar etib bordi. Ushbu yurt vakillari 1992 yil guruh bosqichida qolib ketishdi. 1990, 1994 va 1996 yilda  saralashdan o‘ta olishmadi.

1998 yil Burkina-Faso mezbonligida o‘tgan musobaqada marokashlik futbolchilar nisbatan yaxshiroq natija qayd etishdi. Bu safar ular chorak finalga qadar etib bora olishdi. Shundan so‘ng 2000, 2002, 2006 va 2008 yillarda yana guruh bosqichida qolib ketishdi. 2004 yilgi Tunis yashil maydonlarida o‘tkazilgan chempionatda finalga qadar etib bora olgan Marokash hal qiluvchi bahsda maydon egalariga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

2010 va 2015 yildagi qit’a birinchiliklarida ishtirok etmagan Marokash, garchi 2012 va 2013 yillarda ushbu musobaqa final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsada, yakunda guruh bosqichida qolib ketdi. 2017 yil Gabonda o‘tkazilgan so‘nggi chempionatda ular chorak finalga qadar etib borishdi.

Marokash terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Ilk uchrashuv: 1957 yil 19 oktyabr, Marokash – Iroq 3:3.

Eng yirik g‘alabasi: 1961 yil 6 sentyabr, Marokash – Saudiya Arabistoni 13:1.

Eng yirik mag‘lubiyati: 1964 yil 11 oktyabr, Vengriya – Marokash 6:0.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Nureddin Naybet (115).

Eng yaxshi to‘purar: Axmed Faras (42).

Bundan bir necha kun oldin Marokash terma jamoasi bosh murabbiyi Erve Renan JCh-2018 uchun terma jamoaning kengaytirilgan tarkibini e’lon qildi. Unga ko‘ra quyidagi futbolchilar ushbu ro‘yxatdan joy olishdi:

Darvozabonlar: Yassin Bunu (Jirona, Ispaniya), Axmed Tanyauti (Ittixad Tanjer), Munir Moxand (Numansiya, Ispaniya);

Himoyachilar: Mexdi Benatia (Yuventus, Italiya), Romen Saiss (Vulverxempton, Angliya), Manuel da Koshta (Istanbul Bashakshexir, Turkiya), Ashraf Xakimi (Real, Ispaniya), Badr Banun (Raja Kasablanka), Xamza Mendil (Lill, Frantsiya), Ualid el-Xajam (Amen, Frantsiya);

Yarim himoyachilar: Nabil Dirar (Fenerbaxche, Turkiya), Yussef Ait-Bennasser (Kan, Frantsiya), Mexdi Karsela– Gonsales (Olimpiakos, Gretsiya), Karim al-Axmadi, Sofyan Amrabat (ikkalasi – Feyenord, Gollandi), Yunes Belanda (Galatasaray, Turkiya), Xakim Ziyex, Nussair Mazraui (ikkalasi – Ayaks, Gollandiya), Faysal Fajr (Xetafe, Ispaniya), Aziz Buxadduz (Sankt-Pauli, Germaniya), Nordin Amrabat (Leganes, Ispaniya), Mubarak Bussufa (Al-Jazira, BAA), Amin Arit (Shalke, Germaniya);

Hujumchilar: Ayub el-Kaabi (Renessans Berkan), Xalid Butaib (Yeni Malatyaspor, Turkiya), Yussef En-Neseri (Malaga, Ispaniya).

Eslatib o‘tamiz, Marokash terma jamoasi o‘zining mundialdagi ilk uchrashuvini 15 iyun kuni Eron terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!