
Murod Xolmuhammedov: “Penaltilar? Hakamlar bor narsani belgilashyapti”
“Qo‘qon-1912” jamoasining himoyachisi va sardori Murod Xolmuhammedov uchun ushbu mavsum ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Boisi u himoyachi bo‘lishiga qaramay, hozirgacha 8 ta gol urdi va to‘purarlar orasida boryapti. Qizig‘i, u barcha gollarini penaltidan kiritdi. Qolaversa, qo‘qonliklar o‘tgan turda “Bunyodkor” maydonidan ishonchli g‘alaba bilan qaytishdi. SPORTS.uz muhbiri esa Xolmuhammedov bilan bog‘lanishga qaror qildi.
- “Qo‘qon-1912”ning Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi ko‘rsatgan o‘yini va natijasini ko‘pchilik syurpriz sifatida qabul qilishyapti. Ushbu o‘yinning ishtirokchisi sifatida nima degan bo‘lardingiz?
- “Bunyodkor” yaxshi shakllangan jamoa. Mirjalol Qosimov kelganidan keyin ularning o‘yini yanada yaxshilandi. Yashirmayman, uchrashuvdan oldin boshqa klublarga qaraganda aynan “Bunyodkor”dan qo‘rqib turgandik. Lekin bizdagi vaziyat shunday ediki, jamoamizni g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmasdi. “Bunyodkor” bilan o‘yingacha ham bizda yig‘ilishlar ko‘p bo‘ldi, rahbarlarimiz ham majlislar o‘tkazishdi. Ushbu uchrashuvga hamma narsa bog‘liq edi. Shuning uchun bor kuchimizni mazkur o‘yinga berdik. O‘sha kuni omad ham biz tomonda bo‘ldi. O‘yinimiz ham qovushdi, aksiga olib “Bunyodkor”ning o‘yini chiqmadi. Qolaversa, ularning futbolchisi Akrom Komilovning qizil kartochka olib maydondan chiqib ketgani ham bizga engillik tug‘dirdi. Ammo “Bunyodkor” 10 ta futbolchisi qolganini bilintirmadi. Murabbiylar ham bizni bu uchrashuvga jiddiy tayyorlashdi, har kuni “Bunyodkor”ning o‘yinlarini ko‘rib chiqdik.
- “Qo‘qon-1912” kuchli oltilikka kirish uchun kurashyapti va bu yo‘lda “Bunyodkor”ni yutgani katta qadam bo‘ldi. Biroq hali jamoangiz oltilikka kirgani yo‘q. Oldinda esa Qo‘qonda “Paxtakor”ga qarshi uchrashuv kutib turibdi va uning ahamiyati oldingi uchrashuvdagidan ko‘ra jiddiyroq...
- “Bunyodkor” bilan o‘yindan so‘ng orada ma’lum tanaffus bo‘lib qoldi. Jamoa ixtiyoriga bugun etib keldik (suhbat 7 avgust kuni bo‘lgan). Bo‘lgusi o‘yin uchun murabbiylarimizning alohida taktikalari bor. O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, “Bunyodkor”ni yutganimizdan so‘ng oldinga qadam tashladik. Endi biz uchun kuchli oltilikka kirish vazifasi yanada kuchaytirildi. Boya aytganimdek, “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvdan oldin raqibdan cho‘chib turgandik. Endi bo‘lsa, “Paxtakor” bilan bo‘ladigan bellashuvdan avval jamoamizda qo‘rquv yo‘q. To‘g‘ri, “Paxtakor” peshqadam bo‘lib turibdi, o‘ziga yarasha salobati bor, ularni hurmat qilamiz. Ammo bizning plyus tomonimiz shundaki, o‘z maydonimizda o‘ynaymiz. Muxlislarimiz esa 12-o‘yinchimiz hisoblanishadi. “Bunyodkor”da o‘ynaganimizdek, bu safar ham g‘olibona ruh ostida to‘p sursak, yaxshi natija ko‘rsatamiz.
- PFL reglamentga o‘zgartirish kiritish mumkinligini aytib “oltin ochkolar” qoidasini bekor qilishini istisno qilmayapti. Agar o‘sha qoida chindan ham amalda bo‘lsa, “Qo‘qon-1912” – “Paxtakor” o‘yinidagi intrigaga katta ta’sir ko‘rsatadi. Demoqchimanki, uchrashuvdan oldin bunday gap-so‘zlarning paydo bo‘lishi sizlarning o‘yinga bo‘lgan tayyorgarlik va ruhiyatinglarga ta’sir qilmayaptimi?
- PFL qanday qaror qabul qilsa ham biz betaraf hududdamiz. PFL xohlasa “oltin ochkolar” qoidasini qoldirsin, xohlasa o‘zgartirsin, har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu borada jamoamiz PFLga hech qanday e’tiroz bildirmaydi. To‘g‘ri, boshqalar e’tirozlar bildirishyapti. “Paxtakor”ga qarshi o‘yinga jangovor ruhda bo‘lamiz. Har qanday holatda ham o‘sha o‘yindagi vazifamiz uch ochkoni qo‘lga kiritish. Aniqrog‘i, oldimizda turgan ikkita o‘yinda olti ochkoni olishimiz shart.
- Bizni yana bir qiziqtirayotgan holat bu sizning ko‘rsatkichlaringiz bilan bog‘liq. Hozirda himoyachi bo‘lsangizda 8 ta gol bilan to‘purarlar orasida boryapsiz. Voqealar rivojining bunday tus olgani siz uchun ham kutilmagan vaziyatmi?
- O‘zingiz aytganingizdek, men himoyachiman. Bizning birinchi galdagi vazifamiz o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yubormaslik. Taqdir taqozosi bilan gollar urib kelyapman. Xabaringiz bor, murabbiyimiz har bir uchrashuvda standart vaziyatlarni menga topshirgan. Tan olaman, vaqti kelib, to‘purarlar orasiga kiraman deb xayolimga ham kelmagandi. Murabbiyning ishonchini oqlab to‘purarlar orasida ekanman, bu ro‘yxatdan chiqib ketmaslikka harakat qilaman.
- Eng qizig‘i, 8 ta gol, 8 ta penaltidan kiritilgan. Hamma ham bu vazifadan gol ura olmaydi. 11 metrlik jarima zarbasidan gol urishingizning siri ham bormi?
- Hamma narsani Xudodan deb bilaman. Buning qandaydir siri bor deb o‘ylamayman. Yoki o‘zimning alohida iqtidorim tufayli gol uryapman degan fikrdan uzoqdaman.
- O‘sha penaltilardan urayotgan gollaringiz oxirgi paytlarda bahs-munozaralarga ham sabab bo‘lyapti. Ya’ni, hakamlarning raqib jamoalar darvozalari tomon belgilayotgan penaltilari va ulardan sizning aniq foydalanayotganingiz ham hech kimning e’tiboridan chetda qolmayapti...
- Hakamlarning ishiga murabbiylarning ham, futbolchilarning ham aralashishiga haqqi yo‘q. Ularni nazorat qiladigan alohida qo‘mitasi bor. O‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, biz ko‘proq o‘z maydonimizda yaxshiroq va hujumkor o‘yin ko‘rsatamiz. Shuning evaziga asosan uy o‘yinlarimizda hakamlar penalti belgilashyapti. Biz har bir uchrashuvni keyinchalik ko‘rib chiqamiz. Aytishim kerakki, ular deyarli bexato ravishda 11 metrlik jarima zarbalarini belgilashyapti. To‘g‘ri, bir marta, adashmasam “Metallurg”ga qarshi o‘yinda belgilangan penalti borasida bahslashsa bo‘ladi, chunki o‘shanda 50x50 vaziyat edi. Ammo qolgan barcha belgilangan penaltilar to‘g‘ri va ishonchli edi.
- Baribir ishtaha ovqat paytida keladi degan gap bor. Shuni hisobga olganda, nima bo‘lsa ham oxirigacha kurashib to‘purar bo‘lish niyatingiz bormi?
- Bu futbolchining orzusi. Lekin men to‘purar bo‘laman deb o‘ynayotganim yo‘q. Mening vazifam – gol ursam yoki urmasam ham “Qo‘qon-1912”ga yordam berishdir. Lekin maydonga tushgan o‘yinchilardan kim ham gol urishni xohlamaydi? Men ham gol urishdan to‘xtab qolishni istamasdim. Birinchi navbatda himoyadagi vazifamizni bajarib, keyin gol urishga urinib ko‘ramiz. Lekin to‘purarlar orasiga kirib qolganim uchun har bir uchrashuvda gol urishga ishtiyoqim bor. Shu bois har bir o‘yinda gol urishni o‘zimga-o‘zim vazifa qilib qo‘yyapman.
- Balki bu savolim xazilomuz bo‘lishi mumkin. Lekin ayting-chi, sizning to‘purar bo‘lishingiz uchun qolgan o‘yinlarda ham hakamlar yana penaltilar belgilashi kerakmi?
- Yo‘q. Men penaltilarga unchalik qiziqmayapman. Bilaman, faqat 11 metrlik jarima zarbalaridan gol urayotganim uchun muxlislar orasida gap-so‘zlar bo‘lyapti. Ammo hakamlar ham bor narsani belgilashyapti. Axir rostakamiga penalti qo‘yilganidan keyin uni tepishim kerak-ku! Yoki o‘zimga bildirilgan vazifani bajarmasligim kerakmi? Men o‘z vazifamni bajaryapman. Albatta, o‘yindagi vaziyatdan ham gol urishga harakat qilyapmiz.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar