
O‘FA mutasaddilari Portugaliyaning "Vitoriya Gimaraynsh" klubi akademiyasida bo‘lishdi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Evropaning futboli rivojlangan mamlakatlar futbol federatsiyalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatib, o‘zbek futboli rivoji yo‘lida ularning boy tajribasidan unumli foydalanish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelishmoqda.
Jumladan, O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning maslahatchisi San’at Sharipov, Terma jamoalar departamenti direktori Sharofiddin Hojiniyozov Gretsiya, Germaniya va Chexiya futbol federatsiyalari vakillari bilan uchrashib, hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishishgani haqida avval xabar berib o‘tgandik.
O‘FA mutasaddilari Portugaliyaning "Vitoriya Gimaraynsh" klubi akademiyasida bo‘lib, akamemiya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.
Ular akademiya rahbari va koordinatori, "Vitoriya Gimaraynsh" yoshlar jamoasi bosh murabbiyi Luis Kastro va akademiya bosh skauti, Skautlar bo‘limi boshlig‘i Roberto Morais bilan uchrashuv chog‘ida Portugaliya akademiyasida yo‘lga qo‘yilgan ish tizimi, murabbiylar tayyorlash tartibi, bolalar bilan mashg‘ulotlar olib borish uslubi haqida gaplashildi.
Shuningdek, kelgusida O‘zbekiston U-16, U-19 terma jamoalari ishtirokida "Vitoriya Gimaraynsh" klubi akademiyasi jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilish masalasi ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, akademiya skautlari mamlakatimizga taklif etildi. Ular yurtimizdagi iqtidorli futbolchilarni kuzatib borib, eng munosiblarni Portugaliyaga olib ketishlari rejalashtirilgan.
"Vitoriya Gimaraynsh" klubi akademiyasiga tashrif davomida O‘FA mutasaddilari bu erda yaratilgan infratuzilma bilan ham yaqindan tanishishdi.
Fikrlar