
O‘zini qayta kashf qilgan Fabregas – u hamon muhim futbolchi!
Ispaniyalik yarim himoyachi «Stemford Bridj»ga kelganidan keyin mana uchinchi marta o‘z o‘yinini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi. Ammo u yangi chaqiriqlarni boshqalardan ko‘ra muvaffaqiyatliroq amalga oshirmoqda. Quyida «Arsenal» va «Barselona»ning sobiq vakili qanday qilib Maurisio Sarri taktikasidan ham o‘rin olgani haqida boradi.
Yangi mavsum arafasida ko‘pchilik Sesk Fabregasning eng yaxshi davri ortda qolgani haqida bong urdi. U italiyalik murabbiy qo‘li ostida o‘ynab keta olmasligini bashorat qilishdi.
Ammo ispaniyalik futbolchi barcha tanqidchilarga munosib javob qaytardi va o‘zini qayta kashf qildi.
Fabregasni 2014-yilda Mourinoning say’i-harakatlari bilan Londonga qaytarib olib kelishgandi. Portugaliyalik murabbiyning 4-2-3-1 o‘yin taktikasida 30 millionlik futbolchi ancha chuqurroq o‘ynaydigan bo‘lib bordi.
O‘tgan mavsumda esa 31 yoshli futbolchi Konte qo‘li ostida raqibni kutib oluvchi yarim himoyachi vazifasida o‘ynadi. U avvalroq bu vazifani Nemanya Matich bilan a’lo darajada bajarardi. Serbiyalik futbolchi «Manchester Yunayted»ga sotib yuborilgach uning o‘rniga olib kelingan Temue Bakoyoko bu vazifani bajarishda ancha qiynaldi.
Bir yil oldin Konte qo‘li ostida Fabregas ham qiynalayotgandi. U hatto klub tarbiyalanuvchilari bilan o‘ynashga ham ulgurdi. Biroq tinib-tinchimas Fabregas o‘zini qayta ko‘rsatishga o‘zida kuch topa oldi va Bakoyokodan ham kuchliroq ekanligini isbotlashga erishdi. U yakunda asosiy tarkibdagi o‘rnini mustahkamlab oldi.
Mavsum yakunida Jahon chempioni «Chelsi» safida barcha uchrashuvlarda 49 uchrashuvda ishtirok etdi. Uning o‘yinni o‘qiy olish va pas uzatish qobiliyati Ngolo Kantening kachiliklarini munosib tarzda to‘ldirdi.
Yozda esa Fabregas uchun yana yangi sinov boshlandi. Jamoa boshqaruviga kelgan Sarri o‘zi bilan «Napoli» etakchisi Jorjinoni olib keldi.
Italiya termasi vakili Sarri jamoasining asosiy ustuni vazifasini bajarib kelgan. Uning kelishi Sarrining «Stemford Bridj»da qiladigan ishini osonlashtirishi va tezroq moslashishiga yordam berishi nazarda tutilgandi.
Aftidan Fabregasga «Chelsi»ning yangi ko‘rinishida joy topilmasligi aniq edi. Shunga qaramay, u o‘yinini yana jamoa manfaatlariga moslashtirdi. U o‘zining ajoyib texnikasi va to‘p bilan yaxshi muomala qilishi (bu unga «Barselona»dan meros) Jorjinodan ham yaxshiroq variant ekanligini isbotlashga muvaffaq bo‘ldi.
Fabregas o‘zini pleymeykerlik vazifasida ham sinab ko‘rganida ancha omadli chiqqandi. Hujumga yaqin joyda Pep Gvardiola va Visente Del Boskening «Barselona» va Ispaniyasida o‘ynab ko‘rgandi. U ma’lum vaqt «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgandi.
U endi 31 yoshida o‘zining pozitsiyasini o‘zgartirishning uddasidan chiqmoqda. Sarrining kelishi «Arsenal» sobiq etakchisini yanada ilhomlantirdi, chog‘i. U buni qobiliyati tufaylimas, futbolga bo‘lgan munosabati sabab qilmoqda.
«Ochig‘ini aytganda, to‘pga 100 marta teginish Sarri uchun juda muhim vazifa. Men undan ko‘p narsa o‘rganyapman va bundan zavq olyapman. Sarrining futbolni ko‘rishi balki kelajaknikidir, agarda murabbiy bo‘lsam, men ham xuddi u qilayotgandek bajarsam kerak. Men yoqtiradigan va tasavvur qiladigan futbol» – deydi Fabregas.
Biroq u hali Mateo Kovachich, Ngolo Kante va Ross Barkliga munosib raqobat ko‘rsatishga qodirligini isbotlamoqda. U yarim himoyaning o‘ng yoki chap qanotida hamon yuqori sport formasini ko‘rsatishi mumkin.
U «Barselona»dagi tiki-taka san’atini chuqur egallaganini o‘tgan mavsumda namoyish qildi. U Evropaning kuchli beshlik chempionatlari ichida eng ko‘p golli uzatmalarni amalga oshirgan Top-4 likdan o‘rin egalladi.
Sarriga ko‘ra, u super pas uzatish qobiliyati bilan Jorjinodan ham mukammalroq pleymeyker vazifasini bajara oladi.
«Sesk o‘zining jismoniy holatini yanada kuchaytirishi kerak, ammo fikrimcha u bu pozitsiya uchun eng yaxshi tanlov bo‘ladi» – deydi «ko‘klar» bosh murabbiyi.
U avval ham ikki bora maydondagi pozitsiyasini o‘zgartirgan edi. U yangi murabbiy qo‘li ostida ham bu ishni a’lo darajada uddalay olishiga hech qanday shubha yo‘q.
Fikrlar