
Tanaffusgacha sukunat, tanaffusdan keyin "bo‘ron" yoxud "Bobur arena" haqiqiy jang
“Bobur arena”da bo‘lib o‘tgan “Andijon” - “So‘g‘diyona” uchrashuvi kutilganidek murosasiz va hujumkor ruhda kechdi.
O‘yindan avval “Andijon” safida ikkita yo‘qotish bo‘lib, diskvalifikatsiya sababli murabbiylar asosiy tarkib o‘yinchilari - Shaxzod Azmiddinov va Doniyor Abdumannopovning xizmatidan foydalana olishmasdi. Shunga qaramasdan “Andijon” libosida maydonga tushgan barcha futbolchilar o‘zidan kutilgan o‘yinni ko‘rsatish uchun oxirigacha kurashishdi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, 4 kun ilgari “Andijon” Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasi doirasida Turkmanistonda mamlakat favoriti “Arkadag” klubiga qarshi qiyin bahsni o‘tkazib qaytgandi. Tig‘iz grafikda “Andijon” bu safar Superligamizning kuchli klublaridan biriga qarshi munosib bahs olib bordi.
O‘yinda 4 ta gol urildi va barchasi ikkinchi bo‘limda yuz berdi. Bu esa birinchi bo‘limni zerikarli o‘tdi, degani emas. Tanaffusgacha ham muxlislar gol ko‘rishlari mumkin edi. Ayniqsa, “Burgutlar”da Milan Mitrovich darvozasini ishg‘ol qilish uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Otabek Jo‘raqo‘ziev, Bektemir Abdumannonov va boshqalarda yaxshi vaziyatlar yuz berdi. Ba’zida darvozabon qutqargan bo‘lsa, yana boshqa holatda to‘p to‘singa tegib chiqib ketdi.
Xullas, ikkinchi bo‘limda asosiy voqealar bo‘lib o‘tdi. O‘yindagi hujumkorlik oshdi. Ayniqsa, Maksim Shatskix jamoasi tempni yanada kuchaytirdi. Ketma-ket hujumlar evaziga “Andijon” tobora golga yaqin kelayotgandi. Saidnurullaevning zarbasi to‘singa tegib qaytgach, Bektemir Abdumannonovning qanotdan to‘p uzatishini zaxiradan maydonga tushgan Usmonali Ismonaliev boshi bilan darvozani ishg‘ol qildi. Lekin keyinchalik jizzaxliklar ikkita gol urib o‘yin natijasini o‘zgartirdilar. Ammo butun jamoa bo‘lib hujumga o‘tgan “Burgutlar” bosh hakam tarafidan qo‘shib berilgan 5 daqiqaning so‘nggida burchak zarbasini amalga oshirdilar. Shoxjahon Yorqinboevning to‘p uzatishidan keyin Muhammadali Usmonov hisobni tenglashtirishga erishdi. E’tiborlisi, “Andijon” safida zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar gol urishdi va ulardan biri assistni ham bajardi.
“Andijon” - “So‘g‘diyona” - 2:2 (0:0).
21 sentyabr. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 6180 tomoshabin.
Hakamlar: G‘ayrat Jo‘raev, Maksim Nexochin, Rasuljon Fozilov
Zaxira hakami: Umidjon Rahimjonov
VAR: Ahrol Risqullaev
AVAR: Dildora Rustamova
Nazoratchi: Timur Galeev
Komissar: Vladimir Nazarov
“Andijon”: Erjan Tokotaev, Abubakir Ashurov, Sunnatilloh Hamidjonov, Kristian Novak, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Damir Temirov (Shoxjahon Yorqinboev, 81), Bektemir Abdumannonov (Muhammadali Usmonov, 81), Saidumarxon Saidnurullaev (Abdurahmon Abdullaev, 90), Otabek Jo‘raqo‘ziev (Usmonali Ismonaliev, 58), Ismoil Akinade.
“So‘g‘diyona”: Milan Mitrovich, Zoir Jo‘raboev, Sardor Rahmonov, Xondamir Mustafoqulov, Filip Ivanovich, Suhrob Izzatov (Oybek Nurmatov, 72), Nodir Soyibov, Javohir Qahramonov, Jasur Jaloliddinov (Samandar Mavlonqulov, 60), Shoxruh Abdurahmonov (Stanislav Andreev, 90), Lyupcho Doriev (Otabek Axadov, 90).
Gollar: Usmonali Ismonaliev, 60 - 1:0. Samandar Mavlonqulov, 76 - 1:1. Lyupcho Doriev, 87 - 1:2. Muhammadali Usmonov, 90+5 - 2:2.
Ogohlantirishlar: Ismoil Akinade, 60 - Lyupcho Doriev, 87.
Fikrlar