Qirg‘izistonda Azizovni “chuv” tushirishdi...mi?

  • 21 oktabr, 2018, 11:45
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekistonlik hujumchi Alisher Azizov futbol muxlislariga yaxshi futbolchilardan biri hisoblanadi. Xabaringiz bo‘lsa, u yoz faslida jamoasini o‘zgartirgandi. Ya’ni, Ummon chempionatidan keyin Qirg‘izistonga qaytib, “Alg‘a” jamoasi a’zosiga aylangandi. Ma’lumki, u o‘tgan yili Qirg‘izistonning boshqa bir klubi – “Dordoy” jamoasi sharafini munosib tarzda himoya qilib, bir qator gollar urgandi. Shu bois bu safar ushbu chempionatning boshqa etakchi klubi hamyurtimizni o‘z safiga chorlagandi. U erda ham Azizovning faoliyati yaxshi boshlanganligi haqida ma’lumotlar chiqqandi. Biroq keyinchalik Alisher bilan bog‘liq xabarlar kamayib ketgandi. Ammo bizga ma’lum bo‘lishicha, Azizov u erdan ketgan.

Tecno

- Alisher, eshitishimcha, siz Qirg‘iziston chempionatini tark etibsiz. Nega “Alg‘a” klubidan barvaqt ketdingiz?

- Ummon chempionatidan keyin iyun oyida Qirg‘izistonga kelgandim. Bilsangiz, o‘tgan safar “Dordoy” jamoasida to‘p surgandim. O‘sha klubni boshqargan murabbiy meni bu safar “Alg‘a” klubiga chaqirdi. Men uning taklifini qabul qilib, yana bir bor birga ishlashga rozi bo‘ldim. Vaholanki, o‘sha paytda menga O‘zbekiston klublaridan ham takliflar bor edi. Biroq men o‘sha murabbiyning gapiga ishonib borishga qaror qildim. So‘ng “Alg‘a” bilan shartnoma imzoladik. Ammo o‘zaro kelishuvga ko‘ra men ularning og‘zaki gaplariga ishongandim va shunga asosan shartnomaga qo‘l qo‘ygandim. Gap shundaki, shartnomada oylik maoshim juda kam yozilgan, ammo hozir ta’kidlaganimdek, ularning og‘zaki so‘zlariga ko‘ra ishongandim. Shu bilan tayyorgarlikni boshladik va mavsum ham start oldi. Dastlabki uchta o‘yinda ketma-ket gollar urdim. Shu orada esa chempionatda tanaffus bo‘ldi. Futbolchilarga esa oylik maosh beradigan vaqti ham keldi. Birinchi oyda hamma oylik oldi-yu, ammo menga berishmadi. Keyin ikkinchi oy kelganida ham yana hammaga maosh berildi, biroq menga berishmadi. Men esa buning sababini rahbariyatdan so‘radim. Emishki, hozircha kuchsiz jamoalar bilan o‘yinlar bo‘lyapti, hali kuchli klublarga qarshi o‘ynaganimiz yo‘q, agar o‘yinlar menga yoqsa shunday to‘layman, degan gaplarni aytdi. Keyin umuman oylik maosh bermay qo‘ydi. Mukofot pulini esa gapirmasa ham bo‘ladi. To‘g‘risi, u erda noprefessional odamlar ishlashar ekan. Meni taklif qilgan murabbiy ham hech nima qila olmadi. U ham nima qilsin, yuqoridan pul bermaganidan so‘ng qo‘lidan hech nima kelmaydi-da. Men shartnomada arzimagan 50 dollar oylik maoshga qo‘l qo‘ygandim. Ammo yuqorida aytganimdek, ularning og‘zidan chiqqan gapiga ishongandim. Keyin esa mayli o‘zim uchun o‘ynab turaman deb uch oy sport formamni saqlab turdim. U erda terma jamoaning har yig‘inida 20 kunlab tanaffus bo‘ladi. Xullas, keyin tinchgina ketishga qaror qildim. Axir u erda bekordan-bekorga o‘z yonimdan pul sarflab yurmayman-ku. Agar yurtimda bo‘lganida ham boshqa gap edi. Ammo boshqa mamlakatda eb-ichish, yurish-turishingiz uchun sarflashingiz kerak bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, klub menga nisbatan professional ish tutmadi. U erda xuddi mahalla futboliga o‘xshab, o‘yininglar menga yoqsa beraman, yoqmasa bermayman, degan qabilida ish tutishdi. Shuning hisobiga klubdagi boshqa legionerlar ham ketishdi. Umuman olganda, jamoamizning ishlari yaxshi ketayotgandi, turnir jadvalida 2-o‘rinda borayotgandik. Asosiy raqobatchilarimizdan biri “Dordoy”ni ham yutgandik, 1-o‘rin uchun yaxshi imkoniyatimiz bor edi. Biroq rahbariyatning tushunarsiz hatti-harakatlaridan keyin jamoa ruhiy tomondan “sindi”. Natijada 3-o‘ringa tushib qoldi.

- Demak, siz ularning quruq gaplariga ishonib shartnomaga bor yo‘g‘i 50 dollar maosh uchun qo‘l qo‘ygansiz. Biroq shartnoma imzolashdan oldin keyinchalik voqealar rivoji shunday tus olishi haqida o‘ylamaganmidingiz?

- Bilasizmi, u erda men uchun begona odamlar bo‘lganida albatta quruq gaplari uchun shartnoma tuzmasdim. Ammo bosh murabbiy va rahbariyatda ishlayotgan odam bilan ham “Dordoy”da birga ishlaganmiz. O‘tgan yili ushbu klub safida to‘p surganimda jamoa boshlig‘i bo‘lib ishlagan inson “Alg‘a”da xuddi shu lavozimda ishlayotgandi va bosh murabbiy ham ushbu jamoani boshqarayotgandi. Bir-birimizni yaxshi bilganimiz uchun ham ularga ishonib qo‘l qo‘ygandim. Keyin nima uchun o‘zgarib qolishganiga hayronman. Balki xo‘jayini pul bergisi kelmadi, xullas, tushunmadim. Men kelgan paytimda chindan ham jamoamiz kuchsiz raqiblar bilan o‘ynadi. Lekin bu vaziyatda ayb menda emas-ku. Taqvim shunday tuzilgan bo‘lsa, men nima qilishim kerak? Rahbarlar esa kuchsiz jamoalarni bemalol yutishyapti deydi. Biz professional maqomda futbol o‘ynayapmiz-ku, bu mahalla futboli emas. Shu narsalarni ularga tushuntirishga harakat qildim. Ammo foydasi bo‘lmadi. Sizlardan buni kutmagandim deya u erdan ketdim. Mayli, hech qisi yo‘q, bu ham men uchun dars bo‘ldi.

- “Alg‘a”dagi faoliyatingiz davomida hammasi bo‘lib qancha pul ishlab topdingiz? Qolaversa, sizni aldashgani uchun klub ustidan shikoyat yozmadingizmi?

- Shikoyat qila olmayman. Chunki shartnomada yozilgan pul bor va uni oldim. 50-60 dollar atrofida. O‘sha pullarni bizga kunlik harajatlarimiz – eb-ichishimiz uchun oyimizga berishadi. Shu narsani shartnomaga oylik maosh qilib yozishgan. Bir marta 200 dollar oldim, bo‘ldi. Hisoblab chiqsam, uch oyga 200 dollar olibman (kuladi). Boshqa keyin pul olmadim. Asosan kutdim. Natija bo‘lsa keyin beramiz deyishdi, natija ham bo‘ldi, baribir jim-jitlik edi. Borgan sari chiqimlarim ko‘payib ketayotgandi, shu bois yaxshisi ketishni ma’qul ko‘rdim. Endi boshqa variantlarni ko‘rib chiqaman. Xullas, ularni ustidan shikoyat qila olmasdim. Quruq gapga hech kim ishonmaydi. Endi bularni aytishdan foyda yo‘q.

- Ular bilan og‘zaki kelishganingizda sizga qancha oylik maosh taklif qilishgandi?

- 1000 AQSh dollariga kelishgandik. Lekin u yog‘i nima bo‘lgani sizga malum.

Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!