
Ravshan Haydarov: Osiyo o‘yinlariga chempion sifatida borish mas’uliyatni yanada oshiradi
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Turkiyadagi yig‘inini yakunlab Toshkentga qaytib keldi. Ravshan Haydarov boshchiligidagi jamoamiz u erda reja asosida shug‘ullandi va turli taktik uslublar ustida ishlashdi. Barcha tayyorgarlik avgustda boshlanadigan Osiyo o‘yinlariga qaratilgan. SPORTS.uz muxbiriga esa Ravshan Akmalovich bilan safar taassurotlari haqida suhbatlashdi.
- Turkiya yig‘inimiz juda samarali va rejali asosida o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda, hammasi yaxshi bo‘ldi. Safar davomida o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarni bajarishga harakat qildik. Buning uchun bizda shart-sharoitlar etarli bo‘ldi. U erda tog‘li hududda mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Futbolchilarimizning yig‘ilib qolgan charchoqlarini chiqarib yuborgan holda yangicha ko‘rinishdagi jismoniy tayyorgarlikka e’tibor berdik. Bu orqali ularning jismoniy holatini yaxshilashga ahamiyat qaratdik. Bundan tashqari, nazorat uchrashuvlari orqali o‘yinimizni shakllantirishni ham istagandik va bunga erishdik. Barchasi ko‘ngildagidek kechdi, - dedi Haydarov.
Shuningdek, terma jamoamiz u erda nazorat uchrashuvlarini ham o‘tkazdi. Bu masala ham bosh murabbiyning e’tiboridan chetda qolmadi.
- Uchta nazorat uchrashuvini o‘tkazdik, shulardan ikkitasi klublar bilan o‘tkazildi. U erda biz uchun asosiy nazorat uchrashuvi Ummon olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘yin edi. Tayyorgarligimiz davomida e’tibor qaratayotgan turli uslublarga ushbu o‘yin orqali javoblar oldik. O‘sha o‘yindan ham, jamoamizning o‘yin sifatidan ham qoniqdim.
Turkiyadagi yig‘inda murabbiylar deyarli asosiy tarkib o‘yinchilari bilan shug‘ullanishdi. Katta ehtimol bilan ushbu tarkib yakuniyga aylanishi mumkin. Balki musobaqagacha yana qandaydir o‘zgarishlar ham bo‘lishi mumkin. Bu haqida murabbiy shunday dedi:
- Hozirgi tarkibimizga yana ayrim futbolchilarni qo‘shish rejamizda bor. Qo‘shilsa ham asosan legionerlarning hisobiga yanada kuchayishimiz mumkin. Bizning kengaytirilgan tarkibimizda yana boshqa kuchaytiradigan o‘yinchilarimiz bor. Lekin ularning aksariyati hozirda legioner maqomiga ega bo‘lishgan. Ayni paytda ularning klublari bilan muzokaralar olib boryapmiz. Doston Hamdamov, Otabek Shukurov, Eldor Shomurodov singari futbolchilarning klublari bilan bir to‘xtamga kela olsak, ajoyib ish bo‘lardi. Ammo ular aniq kelishadi deb bo‘lmaydi. Shunga qaramay, biz o‘zimiz tomonimizdan barcha ishlarni amalga oshirishga harakat qilyapmiz. Ularning klublariga xatlar bilan murojaat qilyapmiz. Ammo shuni unutmaslik kerakki, Osiyo o‘yinlari musobaqasi FIFA kunlaridan o‘rin olmagan. Shu bois xorij jamoalarining o‘z futbolchilarini terma jamoalarga qo‘yib yubormaslikka haqqi bor.
Osiyo o‘yinlari musobaqasi boshlanishiga ham tobora oz fursat qolmoqda. Turkiya yig‘ini ham nihoyasiga etdi. Endi navbatdagi rejalar qanday bo‘ladi? Ravshan Akmalovich ushbu masala xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
- Keyingi rejalarimizga kelsak, iyul oyida futbolchilarimiz o‘z klublarida milliy chempionatimiz bahslarida qatnashishadi. Oyning oxirida yana jamoani yig‘ib shug‘ullantirmoqchiman. Hozircha bizda ikkita variant bor. Lekin hammasi Osiyo o‘yinlarining qur’a tashlash marosimiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Qur’a natijalariga qarab bir qarorga kelamiz. Yoki biror-bir xorijda yig‘in o‘tkazamiz yo o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnashamiz.
Terma jamoamizning etakchilaridan biri Aziz G‘aniev mabodo “Nasaf”ni tark etib xorijga ketishi ham mumkin. Harqalay oxirgi paytlarda shunday xabarlar ko‘paymoqda. Agarda bu ish amalga oshsa Haydarovga qo‘shimcha muammo tug‘iladimi?
- Albatta, Aziz G‘aniev legioner maqomiga ega bo‘lsa, bu bizning rejalarimizga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Legioner bo‘lgandan keyin har qanday klub ham FIFA reglamenti asosida ish tutadi. Shuning uchun Aziz biror-bir xorij klubi bilan shartnoma imzolayotganidan oldin uni terma jamoaga qo‘yib yuborishiga roziligi haqida band kiritish niyatimiz bor. G‘aniev masalasida futbolimiz rahbarlari bilan maslahatlashgan holda ish ko‘riladi, - deya munosabat bildirdi.
Ma’lumki, vakillarimiz ushbu musobaqaga Osiyo chempionati g‘oliblari sifatida yo‘l olishadi. Xo‘sh, bu jamoamizga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Haydarov bunga quyidagicha javob qaytardi.
- Osiyo chempionlari sifatida ushbu turnirga borish yigitlarimizga bosim va mas’uliyatni ko‘paytiradi, bu tabiiy narsa. Lekin biz jamoamizning salohiyatiga, kuchiga va ruhiy holatiga ishonamiz. Shu bois bizda ortiqcha muammo bo‘lmaydi. Lekin bosim va mas’uliyatning bo‘lishi bu normal holat. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Hammasini engib o‘tamiz deb o‘ylayman.
Shuningdek, musobaqada terma jamoa safida uch nafar yoshi katta futbolchilarning qatnashishiga ruxsat berilgan. Bu borada murabbiylar yoshi katta o‘yinchilarni ham deyarli aniqlashtirib olishdi.
- Uch nafar yoshi katta futbolchilarni aniqlashtirib olish borasida ham ishlar ketyapti. Uch nafar o‘yinchi bo‘yicha bir to‘xtamga kelganmiz, ammo oldindan hali vaqt bor. O‘sha paytgacha hamma sog‘-salomat bo‘lishsa ularning xizmatidan foydalanamiz. Bular – Aziz Turg‘unboev, Ikrom Aliboev va Jaloliddin Masharipov. Aynan shular biz uchun asosiy nomzodlar bo‘lib turishibdi. Bulardan tashqari, yana boshqa nomzodlarimiz ham bor. Hammasi bir oydan keyin aniq hal bo‘ladi.
Milliy terma jamoamiz Senegal, Marokash, Eron va Urugvay singari tajribali termalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazdi. Aytish mumkinki, olimpiya terma jamoamiz safidagi aksariyat o‘yinchilar ushbu raqiblarga qarshi ishtirok etishdi. Bu esa futbolchilarimizga qay darajada asqotishi mumkin? Bu borada Ravshan Haydarov o‘z fikrini bildirdi.
- Yigitlarimizning milliy terma jamoamiz safida kuchli termalarga qarshi o‘tkazgan o‘yinlari o‘zlari uchun katta tajriba bo‘lib xizmat qiladi. O‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Baribir kuchli terma jamoalarga qarshi o‘ynashning farqi bo‘ladi. Ushbu o‘yinlarda yigitlarimiz o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishdi va albatta keyinchalik bu o‘zlari uchun juda asqotishiga ishonaman. Bularning barchasi faqat foyda. Mana shunday o‘yinlar orqali tajribalari yig‘ilib boriladi va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi ham ortib boraveradi.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar