
Ruslan Nuriddinov: Osiyo o‘yinlarida g‘olib chiqqandan keyin uylanaman
Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlarida og‘ir atletika sport turi bo‘yicha Olimpiya rekordini o‘rnatgan Ruslan Nuriddinov Sports.uz axborot portali mehmoni bo‘ldi. Suhbatimiz davomida Ruslan Nuriddinov o‘zining birinchi murabbiyi haqida, sportga bo‘lgan muhabbati, erishgan yutuqlari va erishmoqchi bo‘lgan shohsupalari, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazish rejalariyu, nimalarga qiziqishi haqida va shaxsiy hayotga ham to‘xtalib o‘tdi.
Suhbatimiz jarayonida shunga amin bo‘ldikki, Ruslan Nuriddinov samimiy, ochiq ko‘ngil, qati’yatli, kamsuqum, hazilkash inson ekan.
– Ruslan Nuriddinov shu cho‘qqiga erishishida birinchi murabbiyining xizmati qanday?
– Muvaffaqiyatga erishishda, avvalambor, oilaning,ota-onaning o‘rni katta. Sportga kirib kelishimga katta akam sababchi bo‘lgan. Akamdan oldin oilada sportchi bo‘lmagan. Tog‘am tufayli akam sportga kirib kelgan. Keyinchalik men ham bezori bo‘lmay deb akamning orqasidan sportga borganman. Birinchi murabbiyimga kelsak, u kishi mashhurlik orqasidan chopmagan. Aslida o‘zimga uzoq bo‘lgan qarindoshlarimdan biri. Birinchi murabbiyim olamdan o‘tgan. O‘sha paytlar men yashagan Andijon viloyatining Xonobod shahrida sportga Toshkentdagidek sharoit bo‘lmagan. Og‘ir atletika uchun yaxshi sharoitlar Chirchiqda edi. Asosiy terma jamoaga tushish, yaxshiroq harakat qilishim uchun birinchi murabbiyimning o‘zlari Toshkentga olib kelgan. Keyin men Respublika Olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga kirganman. Sportchi bo‘lib tanilishimga shu inson sababchi bo‘lgan. Lekin afsuski, ular Rioda o‘tkazilgan Olimpiadadagi yutug‘imni ko‘rishga ulgurmay, 2007 yil vafot etgan.
– 3-4 yil avval oyog‘ingizdan olgan jarohatingiz Olimpiadada bezovta qilmadimi? Qolaversa, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Riodan avval ovqatdan zaharlanishni boshdan o‘tkazgan ekansiz. Bu holning ta’siri qanday bo‘ldi?
– Ko‘rib turganingizdek, Riodan oltin olib qaytdim. Olimpiadada ikki asosiy raqibim ishtirok etolmad: biri Rossiyadan, biri Qozog‘istondan. Shuning uchun ham maksimal darajaga chiqishga majbur bo‘lmadim. Ko‘zlagan natijamni ko‘rsata oldim.
– Rioda David Bedjanyan, Ilya Ilin kabi asosiy raqiblaringiz ishtirok etishmadi. Ular bo‘lganida raqobat qanday kechardi?
– Raqobat ancha boshqacha bo‘lardi. Ularning asosiy ustun tomoni siltab ko‘tarish mashqida. Ikkinchi yo‘nalish, siltab ko‘tarishda ikkisi ham ancha qiyinchilik tug‘dirishgan bo‘lardi. Men raqiblarimga qarab o‘zimni tayyorlamaganman. Har doim shtangaga, vaznga qarab va o‘zimning kuchimga, ahvolimga qaragancha tayyorlaganman.
– Olimpiadadan keyin dam olishlar qanday ketayapdi? Xonobodda bo‘ldingiz, Qozonga ham borib keldingiz. Endigi rejalar qanday?
– Endi yozning qolgan qismini o‘zimizda, jannatmakon O‘zbekistonda o‘tkazmoqchiman. Chunki bizning yoz baribir boshqacha. Bilasizmi, menda oldin yozni dam olish uchun o‘tkazish imkoniyati bo‘lmas edi. Hozir esa bunga hamma sharoitlar bor.
– Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz, umuman hobbilaringiz haqida aytib bering.
– Uxlashni yaxshi ko‘raman (kuladi). Biz sportchilar dam olish nimaligini anchadan beri bilmaymiz. Bu yil sportga kirib kelganimga 18 yil bo‘ladi. Oxirgi o‘n yil davomida biror marotaba yozda dam olganim yo‘q. Endi dam olaman, bo‘sh vaqtlarim ko‘p bo‘ladi. Lekin dam olishga kelganda, qanday rejalashtirishni bilmayapman.
– Sizni karaokeni yoqtiradi, deb eshitganmiz. O‘zingiz sevib ijro etadigan qo‘shig‘ingiz qaysi?
– Shaxram, yaramas, sotib qo‘ydimi(kuladi)? To‘g‘ri, qo‘shiq kuylash yoqadi. Lekin, ovozim unchalik etmaydi. Etmasa ham Sevara Nazarxonning “Ulug‘imsan, vatanim” hamda “Nola” guruhining “Xoh inon, xoh inonma” qo‘shig‘ini eshitib, birga kuylash yoqadi. Ularni tinglasam jo‘shqinlanib ketaman. Rus estradasini esa deyarli eshitmayman. Ingliz estradasidan Eminem, Jeymas Arturni tinglab turaman.
– Sizni Olimpiyada shohsupasida ham ko‘rdik. Endi kuyovlik shoxsupasida qachon ko‘ramiz?
– Hozir eng birinchi rejamda menda yo‘q bo‘lgan Osiyo o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritish turibdi. Osiyo o‘yinlari medalini qo‘lga kiritgandan keyin, xudo xohlasa, uylanish uchun vaqt topiladi. Buyog‘ini keyin o‘ylab ko‘ramiz.
– Rio Olimpiadasidan keyin va butun 2017 yilda sport musobaqalaridan chetda yuribsiz. Bunchalik katta ta’til keyinchalik tiklanishingizga ta’sir qilmaydimi?
– Sport bilan shug‘ullanayotgan davrda uch kunlik dam olish bir oylik mashg‘ulotlarda yig‘gan sport formangizni yuvib ketadi. Albatta, uch kun shunday ta’sir ko‘rsatgandan keyin bir yilni o‘ylab ko‘ravering. Lekin dam olishning ham o‘ziga yarasha ijobiy tomonlari bor.
– Endi sizni qaysi musobaqada ko‘ramiz?
– Rejamning birinchi o‘rnida Osiyo o‘yinlari turibdi. Ushbu musobaqaga shu yil noyabr oyidan mashg‘ulotlarni boshlaymiz. Undan oldin jamoa bilan reabilitatsiya qilish uchun bir oycha chet davlatga chiqib kelamiz. Hozir reabilitatsiya qilish uchun Myunxenga borish haqida o‘ylayapman. Sababi olimpiadadan oldin shu shaharga borganman va juda katta ijobiy ta’sir qilgan. Odatda ko‘proq Antaliyaga yanvarda borar edik. Hattoki, bir yilda 7 marta borib kelgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Chunki u erning o‘rtacha ob-havosi biz og‘ir atletlarga to‘g‘ri keladi.
– Faoliyatingizni tugatish haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
– Oldin bo‘lgan. Lekin men qanchalik ko‘p yiqilsam, yana shunchalik olg‘a borishga harakat qilaman. 2006 yil sportdagi hayotimda og‘ir vaziyatlar ko‘p bo‘lgan. Hatto, o‘sha yili murabbiyimlarimni ketma-ket almashtirishga to‘g‘ri kelgan va bundan rosa qiynalganman.
– 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasini qaday tasavvur qilasiz?
– Qizlarga ko‘pi bilan to‘rtta litsenziya beriladi. Qizlarimiz ikkita yo uchta litsenziyani qo‘lga kiritishi bu biz uchun qo‘yilgan planka. Bolalardan birinchi o‘rinda endi o‘sib kelayotgan Rustam Jangaboevni tilga olgan bo‘lardim. Rustam yosh bo‘lishiga qaramay yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda. U haqiqiy og‘ir atletikachi. Uning fe’l-atvori og‘ir, bosiq. Asab tizimi shtangistlar uchun ideal darajada yaxshi hamda unda o‘sishga katta potentsial bor. Umid qilamanki, Efremov Ivan ham keyingi olimpiadagacha mashg‘ulot olib borib, Olimpiadada terma jamoa tarkibida bo‘ladi. Ivan yaqinda Osiyo chempionatiga borib keldi. Hozir esa mashg‘ulotlar bilan band. Bizning orqamizdan endi o‘sib kelayotgan yosh vakillardan Farhod Sobirov, Adhamjon Ergashev va Shahzod Xudoyberganov. Bular kuchli iste’dodlar uchligini tashkil etadi. Ularda o‘sish bor va ancha ko‘zga ko‘rinib boryapdi. Ulardan tashqari Dostonjon Yoqubov ham asosiy nomzodlardan biri bo‘lishi mumkin. Ulug‘bek Alimov ham yaxshi nomzodlardan biri. Hozir terma jamoa tarkibiga kirish har qachongidan qiyinroq. Hattoki, siltab ko‘tarish bo‘yicha 180 kg qila oladigan bola ham tarkibga kirolmayapdi.
– Eshitishimizcha, yaqinda biznes boshlagan ekansiz. Sir bo‘lmasa qanday?
– Faqatgina o‘zim emas. Akalarim bilan birgalikda yutuq pullari bekorga ketmasligi uchun qishloq xo‘jaligining bog‘dorchilik yo‘nalishida ish boshladik. Toshkent viloyati va Andijonda fermer xo‘jaligini ochdik. Hozirda shuning yumushlari bilan ham ovoraman.
Maroqli suhbatingiz uchun rahmat!
Shahzoda ABDULLAEVA suhbatlashdi
Fikrlar