
Tachmurod Agamurodov: Munosib taklif bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorman
Yurtimizdagi murabbiylar haqida gap ketganda ularning orasida Tachmurod Agamurodovning alohida o‘rni bor. Turkmanistonlik mutaxassis uzoq yillardan beri O‘zbekiston futbolida ishlab yutuqlarga erishdi, o‘ziga xos yangiliklarni olib kirdi. Bir so‘z bilan aytganda, tajribali murabbiy. Lekin oxirgi paytlarda u biror joyda ishlayotgani yo‘q. Oxirgi ish joyi esa “Buxoro” klubi bo‘lganini bilsangiz kerak. Shundan beri uni murabbiy rolida ko‘rayotganimiz yo‘q. Biz anchadan beri u bilan suhbatlashish niyatida yurgandik. Masalan, “Buxoro”dagi faoliyati, u erdagi moliyaviy tomondan yuzaga kelgan mashmashalar, o‘zini qimmat murabbiy deb hisoblashi, yana murabbiylik ishiga qaytishi, umuman shunga o‘xshash qiziqarli masalalarni o‘rtaga tashladik.
- Xayrli kun, Tachmurod Shamakovich. Anchadan buyon siz bilan gaplasha olganimiz yo‘q. Boz ustiga ishqibozlar ham ko‘pincha Tachmurod Agamurodov hozir qaerda ekan, deya so‘rab qolishadi. Ayting-chi, ayni paytda qanday ish bilan mashg‘ulsiz?
- Ayni paytda biror ish bilan mashg‘ul emasman, dam olmoqdaman. Buni ijodiy ta’til deyish mumkin.
- Agar sir bo‘lmasa qaerda dam olyapsiz: Toshkentdami yoki boshqa biror shahardami?
- Toshkentda dam olyapman. Toshkentdan hech qayoqqa chiqqanim yo‘q.
- Kelasi yil boshida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogi guruh bosqichida O‘zbekiston bilan Turkmanistonning bir-biriga qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri kelishidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Qolaversa, mazkur terma jamoalar sizga begona emas.
- Bo‘lajak bellashuv haqida nima deyishim mumkin? Tabiiyki, O‘zbekiston terma jamoasi juftlikning yaqqol favoritidir. O‘zbekiston terma jamoasi tarkib, yo‘lga qo‘yilgan o‘yin va boshqa bir qancha muhim jihatlar borasida Turkmanistondan ancha oldinda turadi. Ustiga-ustak terma jamoa bunday musobaqalarda ishtirok etish borasida etarlicha tajriba to‘plagan. O‘z navbatida bu hol Turkmanistonga qarshi kechadigan bahsda O‘zbekistonni yaqqol favoritga aylantiradi. Shak-shubhasiz, Turkmanistonga bunday raqib bilan bahslashish umuman oson kechmaydi. Ammo – bu futbol. Futbolda esa ba’zi-ba’zida kutilmagan syurprizlar ham yuz berib turadi. Bo‘lajak uchrashuvning qanday natija bilan tugashi borasida tayinli gap ayta olmayman. Qolaversa, oldindan taxmin qilishni yoqtirmayman.
- Bizda Turkmaniston terma jamoasi haqida etarlicha ma’lumotlar yo‘q. Qolaversa, terma jamoa boshqalardan farqli ravishda o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuvlarda tez-tez ishtirok etavermaydi. Shunday termaning Osiyo Kubogi musobaqasida qanday ishtirok etishi mumkinligiga baho bera olasizmi?
- O‘zingiz ham Turkmanistonning o‘rtoqlik o‘yinlarida har doim ishtirok etavermasligini aytib o‘tdingiz. Aytishim mumkinki, o‘zim ham Turkmaniston terma jamoasi haqida sizlardan ortiq ma’lumotga ega emasman. Tabiiyki, jamoa tayyorgarlik ishlarini kutilgan darajada olib bormas ekan, bo‘lajak musobaqadagi imkoniyatini yanada pasaytirib yuboradi. Shak-shubhasiz, Osiyo Kubogida Turkmanistonga oson bo‘lmaydi. Tayyorgarlik shunday kechayotgan paytda Turkmaniston terma jamoasining qit’a miqyosidagi turnirda yaxshi ishtirok etishi mumkinligini tasavvur qilish amrimahol. Jamoa guruh bosqichining ilk o‘yinlaridanoq muammolarga duch kelishi aniq.
- Milliy terma jamoamizni yaqindan beri argentinalik murabbiy Ektor Kuper boshqarishga kirishgan. Bu to‘g‘ri tanlovmi? Bu haqida nima deya olasiz?
- Albatta, futboldan bexabar bo‘lmagan kishi borki, Ektor Kuperning jahon miqyosidagi murabbiy hisoblanishini biladi. U o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘yadigan bir qancha klublarda samarali mehnat qilgan. Boz ustiga Kuper tufayli Misr terma jamoasi uzoq yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionatining final bosqichidagi bahslarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Murabbiyning salohiyati borasida shubha bo‘lmasligi kerak. Uning o‘zbek futboliga qanchalik kirishib ketishi uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Axir mentalitet butunlay boshqacha. Uning o‘yin borasidagi falsafasini, strategik qarashlarini tushunib olishlari uchun terma jamoa a’zolariga biroz vaqt bor. Boz ustiga uning o‘zbek futbolida yangi odam ekanligini zinhor unutmaslik darkor. O‘z-o‘zidan hammasiga moslashib ketish Ektor Kuperga oson bo‘lmaydi. Barchasini vaqt ko‘rsatadi. Yuqorida aytganimdek, uning salohiyatli mutaxassis ekanligi borasida hech qanday ikkilanish yoki shubha bo‘lmasligi lozim.
- Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston Ektor Kuper boshchiligida o‘zi uchun armon bo‘lib kelayotgan mundialga chiqa oladimi?
- Yuqorida uning yangi sharoit, yangi muhit va mentalitetga ko‘nikma hosil qilishi uchun vaqt kerak bo‘lishi haqida bejiz to‘xtalib o‘tmadim. Agar mutaxassis o‘yinchilarning darajasini tezroq ilg‘ab olsa, ishlar kutilgan darajada kechishi mumkin. Yana takrorlayman: hammasini oliy hakam – vaqt ko‘rsatib beradi. Ustiga-ustak jahon chempionati boshlanishiga hali ancha bor. O‘tkazilgan dastlabki nazorat uchrashuvlaridan kelib chiqqan holda hozirdan shoshilinch xulosa chiqarish mutlaqo to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘rtoqlik o‘yini o‘z nomi bilan rasmiy maqomdagi uchrashuvlardan keskin darajada farq qiladi. Mutaxassisning ishiga baho berishda shuni yoddan chiqarmaslik kerak. Hali 2022 yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati uchun saralash bosqichidagi uchrashuvlar boshlangani ham yo‘q. Shunday ekan, hozirdan xulosa chiqarishga shoshilmaslikni maslahat beraman. Faqat shuni aytishim mumkinki, Ektor Kuper O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinini yo‘lga qo‘yib olishi uchun ancha bor. Tabiiyki, o‘tkazilayotgan o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuvlar yordamida u futbolchilarning darajasini yanada yaqinroq bilib oladi. Faqat shundan keyin hammasi o‘z iziga tushib ketadi. Hozirdan mutaxassisning terma jamoa ustozi sifatida yaxshi yoki qoniqarsiz ravishda ishlayapti, deya xulosa chiqarish yaramaydi.
- O‘z vaqtida “Paxtakor” klubini juda muvaffaqiyatli boshqargansiz. Sobiq jamoangizning o‘yinlarini kuzatib kelasizmi?
- Albatta, kuzatib kelaman. Axir futboldan butunlay voz kechmaganman. Imkon qadar nafaqat “Paxtakor”ni, balki birinchilikdagi boshqa klublar ishtirokidagi o‘yinlarni ham kuzatib borishga harakat qilaman.
- “Paxtakor”ni boshqarayotgan Shota Arveladze haqida nima deya olasiz?
- Uning jamoada qanday ish olib borayotganidan mutlaqo xabarim yo‘q. Lekin Arveladzening yaxshi natijalarga erishish uchun harakat qilayotganini sezish qiyin emas. Bundan tashqari, u Evropa futboli “ob-havo”sidan bahramand bo‘lgan. Shuning uchun ham murabbiy boshqaruvidagi klubga shunday muhitni olib kirishga harakat qilmoqda, degan xulosaga kelish qiyin emas. Shota Arveladze o‘z vaqtida juda yaxshi o‘yinchi bo‘lgan va taniqli klublarda to‘p surgan. Unda o‘yinni qanday tashkil etish borasida o‘ziga yarasha tushuncha bor. Ushbu mutaxassis haqida salbiy fikr bildira olmayman.
- Tachmurod Shamakovich, sizni qachon murabbiy rolida yana ko‘rishimiz mumkin?
- (Kuladi) Bunisi faqat mening o‘zimga bog‘liq emas. Agar munosib taklif bo‘lsa, uni jon deb ko‘rib chiqishga tayyorman. Men nafaqat jamoa o‘yinini tashkil etish, balki akademiyada ishlarni qanday yuritish kerakligi borasida ham tajribamdan kelib chiqqan holda yordam berishga tayyorman. Agar puxta ishlangan loyiha asosida biror-bir klub taklif bilan chiqsa, bunday taklifni qabul qilishga tayyorman. Kezi kelganda shuni alohida ta’kidlashim kerakki, ba’zilar men haqimda tushunib-tushunmagan holda Agamurodov katta pul evaziga ishlashga o‘rgangan, degan gaplarni tarqatishadi. Uning uchun pullar birinchi o‘rinda turadi, degan qabildagi gaplarni eshitish nafsoniyatimga tegadi. Bunday fikrlaydiganlarga javobim quyidagicha: hammasi yolg‘on, Agamurodov pullarni hech qachon birinchi o‘ringa qo‘ymaydi. O‘ylaymanki, bunday gaplarni hayotda o‘z yo‘lini topa olmagan kishilar to‘qib chiqarishadi. Ular boshqalar haqida bo‘lar-bo‘lmas gaplarni tarqatgan holda huzurlanishga odatlanib qolgan.
- Yaxshi ham o‘zingiz bu haqida og‘iz ochib qoldingiz. Suhbat davomida sizdan shu mavzu yuzasidan so‘rashni maqsad qilgandik. O‘z vaqtida “Buxoro”da ishlab, jamoa bilan 4-o‘rinni egallagan holda yaxshi natijani qayd etgansiz. Lekin “Buxoro” bu yo‘lda katta pullarni sarflagan degan gaplar ham chiqqan. Shunga munosabatingiz qanday?
- Savolingizga darhol javob qaytarmoqchiman: bunday gaplar quruq tuxmatdan boshqa narsa emas! Aftidan, bu kabi iddaolarni bayon etish kimlargadir yoqadi, shekilli... Biz – futbolchilar, murabbiylar o‘sha mavsumdagi ishimiz uchun shartnomada ko‘rsatilgan pullarni olganmiz. Ustiga-ustak mavsum oxirida rahbariyatning mukofot pullari borasida o‘yinchilardan katta qarzi qolgan. Xuddi shunga o‘xshash fikrni jamoa xodimlari haqida ham bildirish mumkin. Ular o‘shanda maoshlarini vaqtida ololmaganlar. Afsuski, ular ham, biz ham haqqimizni hozirgacha undira olmaganmiz. Aytishim kerakki, so‘nggi ikki oy davomida futbolchilar sariq chaqa ham olmagan holda zimmalaridagi majburiyatni bajarishgan. Buning uchun ulardan har qancha minnatdor bo‘lsam yarashadi. Sababi, ular klub va uning ishqibozlari qarshisidagi majburiyatlarini to‘la his qilgan holda maydonga tushganlar. Ular hammasi yaxshi chiqishi uchun maksimal darajada kuch sarflashgan. Pullarning vaqtida to‘lanmaganiga kelsak, bunda murabbiylar yoki o‘yinchilarni ayblash noo‘rin. Tabiiyki, jamoa boshliqlarini ham. Shunchaki, o‘shanda homiylar to‘lashi kerak bo‘lgan haqni berishni istamaganlar. Murabbiylar yoki o‘yinchilarning katta pullarni ishlatib yuborishgan, degan gaplar faqat kulgimni qistadi xolos. Chunki biz moliyachilar emasmiz. Qolaversa, vakolatimiz bunga kirmaydi. Meni pul bilan bog‘liq masala unchalik qiziqtirmagan. Chunki men – murabbiyman. Menga shartnoma taklif qilishadi, undagi bandlarni ko‘rgach, o‘zimni qoniqtirgan taqdirda imzo chekaman. Qaerda ishlamay, shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarimni oxirigacha bajarishga harakat qilganman. Klubning falon miqdorda pul sarflagani haqidagi gaplarni eshitish menga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Boya aytganimdek, men moliyachi emas, balki oddiy murabbiyman xolos. Boshqalarning Agamurodov ishlab, shuncha mablag‘ni havoga sovurdi, qabilidagi gaplari mutlaqo mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Chunki murabbiy bo‘lsam, qanday qilib klubning pullarini sarflab yuborishim mumkin?! Yuqorida 4-o‘rin “Buxoro” uchun juda yaxshi natija deb o‘zingiz aytib o‘tdingiz. Lekin, bilasizmi, “Buxoro” uchun 4-o‘rinni egallash 10-o‘rinni band etish bilan barobar, deya hisoblaydigan kishilar ham topiladi. Yaqinda menga fan-klub raisi xat yozib, xuddi shunday fikrni bayon qildi. Uning fikricha, 4- va 10-o‘rinni egallash o‘rtasida hech qanday farq yo‘q emish... Vaholanki, biz o‘shanda juda yaxshi jamoani shakllantira olgandik. O‘shanda boshqalarning ko‘rsatmalarisiz biz o‘z oldimizga keyinchalik yanada yuqoriroq o‘rinlarga ko‘tarilish borasida maqsadlarni qo‘ygandik. Afsuski, hayotda hammasi bir tekisda davom etavermas ekan. Yana shuni alohida ta’kidlashim kerakki, 2016 yili jamoada ishlaganlar o‘z vazifalarini sidqidildan ado etgan. Men har qanday kishiga hech qo‘rqmasdan xuddi shu gapni ayta olaman. Ustiga-ustak biz jamoaning sport natijalari uchun javob berganmiz.
- “Buxoro”dek klubga 4-o‘rinni egallash chindan ham ajoyib natijadir. Bilasizmi, bugungi klub ham moliyaviy tomondan muammolar girdobiga tushib qolgan...
- Eshitganim bor, ammo ayni chog‘da jamoadagi holat qanday ekanligidan mutlaqo bexabarman.
- Albatta, futbol olamini kuzatib kelasiz. Sizningcha, bugungi o‘zbek chempionati qanday ko‘rinishda?
- Chempionlik uchun kurash olib boradigan oltilik ajralib chiqqan. O‘yinlar shu sabab ancha qiziqarli kechmoqda. Ammo hozirda 5-6 – o‘rinni band etib turgan klublar sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qila olmaydilar. O‘z vaqtida biz ishlagan paytda ham chempionlik uchun nari borsa uchta klub da’vogarlik qila olardi. Yangi formatga ko‘ra etakchi klublar o‘rtasidagi o‘yinlar soni avvalgiga nisbatan ikkitaga oshdi. Albatta, liga rahbariyatining format borasida qabul qilgan qarorini muhokama qilish vakolatiga ega emasman. Shunday bo‘lsa-da, bu masalada o‘z qarashimni aytib o‘tishni istayman: raqobat yanada o‘sishi uchun birinchilikda 12 emas, balki 16 klub kuch sinashsa yaxshiroq bo‘lardi. Axir 16 klubdan iborat format klassik usul hisoblanadi. Bunday formatda jahondagi ko‘plab mamlakatlarda birinchiliklar o‘tkazib kelinadi. Jumladan, Evropadagi bir qancha jiddiy chempionatlarda ham 16 klub ishtirokida bahslar o‘tkaziladi. Shukrki, O‘zbekistonda ham yaxshi saviyadagi futbolchilar etarlicha. Bunga qo‘shimcha ravishda har bir mintaqada futbolni sevadigan muxlislar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
- Agar eshitgan bo‘lsangiz, chempionat formatini qayta ko‘rib chiqish masalasi assotsiatsiyada o‘rganilmoqda.
- Ha, bunday gaplardan xabarim bor. O‘ylaymanki, yakunda barchani to‘la qanoatlantiradigan variant tanlab olinadi. Mening fikrim o‘zgarmaydi: 16 ishtirokchidan iborat chempionatni kuzatish qiziqarliroq.
- Siz juda tajribali mutaxassisiz. O‘z navbatida ko‘plab klublar xizmatingizga qiziqish bildiradi, ammo hammasi ham bunga qodir emas. O‘zingizni narxi baland murabbiy deb hisoblaysizmi?
- (Kuladi) Men oddiy murabbiyman xolos. Boshqalar qatori men bilan ham kelishish mumkin. O‘zimni narxi baland murabbiy deb hisoblamayman. Agar klub oldiga qo‘yilgan vazifa meni qiziqtirib qolsa, taklifni qabul qilishga tayyorman. Men uchun pullardan ko‘ra istiqbolli g‘oyalar birinchi o‘rinda turadi. Jamoa o‘yinini shakllantirishni yoqtiraman. Xuddi shunday fikrni asosiy klub o‘rinbosarlariga nisbatan ham qo‘llashim mumkin. Men uchun pullardan ko‘ra g‘oyaning qiziqarli bo‘lishi ko‘proq ahamiyat kasb etadi. Yana meni uzoq davom etadigan jarayon qanoatlantiradi. Bir yil bir klubda, keyingisida boshqasida ishlashni unchalik xushlamayman. Asosiysi, jamoa raqobatbardosh bo‘lishi kerak.
- O‘z vaqtida “Milan”da tajribangizni oshirgansiz. Bu esa ishingizda asqotgan. Ammo o‘zbek mutaxassislari orasida shunday imkoniyatga ega bo‘lganlar deyarli yo‘q. Qolaversa, chetdan ishlash uchun biznikilarni hech kim chaqirmaydi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Bu savolga javob berishim qiyin. Albatta, aksariyat mutaxassislarga o‘z vatanida ishlash ko‘proq yoqadi. Bunday paytda ular o‘zlarini har tomonlama qulay his qiladilar. Aftidan, buning asosiy sabablaridan biri ham shunda bo‘lsa kerak. Har qanday mutaxassisga xorijda ishlash oson bo‘lmaydi, garchi buning uchun istalgan shart-sharoitlar muhayyo qilingan taqdirda ham. Savolingizga to‘la javob qaytarishga qiynalaman.
- Agar yana o‘zbek klublarida ishlashni taklif qilsalar, buni qabul qilishga tayyor ekansiz-da...
- Savolingizning dastlabki qismini takrorlab yuborsangiz... O‘zbek klublaridan birida ishlashni taklif qilsalar, dedingizmi? 18 yildan beri O‘zbekistonda yashayman. Men uchun bu xuddi o‘z uyimdek bo‘lib qolgan. Agar munosib taklif kelib tushsa, buni qabul qilishga shayman. Boz ustiga rafiqam ham toshkentlik. O‘zimni xuddi uydagidek his qilaman. Taklif kelib tushsa, ko‘rib chiqishim tayin.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar