Abdumalik Xalokov qachon to‘liq professional boksga o‘tishini aytdi

  • 15 noyabr, 2024, 12:32
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Abdumalik Xalokov yoshlar va kattalar o‘rtasida havaskor boksda barcha yirik musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib bo‘ldi. Uning ringdagi o‘zgacha harakatlari nafaqat o‘zbekistonlik boks muxlislari, balki, dunyo sport ixlosmandlarida ham qiziqish uyg‘otdi. Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida -57 kg vazn toifasida mutlaq tengsiz deb topilgan Abdumalik Xalokovga Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga qisqacha intervyu berdi.

Tecno

- Parijdagi oltin medalni ustozingizga sovg‘a qilganingiz haqidagi video qo‘yilgan edi. Bu haqiqatmi?
- Ha, rost. Ustozimga medal sovg‘a qilganimning sababi ular ham biz bilan bir xil mehnat qildilar. Men uchun murabbiylar ham medalga loyiq. Shu bois bilan 1 oktyabr kuni ularga medalimni sovg‘a qilishga qaror qildim.

- Olimpiadada raqiblaringizdan yaqqol ustunlik qilganingiz uchun ba’zilar janglar engil o‘tdi degan fikrda. Aslida ham shundaymi?
- Albatta, raqiblarim ustida ustozim juda ko‘p ish qildilar va menga har bitta jangdan oldin taktika belgilab berdilar. Men qo‘yilgan vazifani bajara oldim va janglarim engil o‘tganday tuyuldi hamma uchun. Lekin, buning uchun 12 yil mehnat qilganmiz. Har bir raqibni birma-bir o‘rgandik. Shuning uchun ko‘p janglarim oson tuyuldi, lekin ichimdan nimalar o‘tganini faqat o‘zim bilaman. Hamma narsaning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. Biz ana shu qiyinchiliklardan o‘tib oldik va shunday natijalarga keldik. Engil janglar ortida og‘ir mehnat turibdi.

- Yangi Olimpiada tsikliga tayyorgarlik va undagi rejalaringiz bilan ulashsangiz.
- Bizga 2 oy dam berishdi. Chunki 4 yil tinmay mehnat qildik. 1 haftadan so‘ng ta’til tugaydi va biz mashg‘ulotlarga qaytamiz, yangi g‘alabalar sari intilmamiz. Hozir yoshlar va kattalar o‘rtasidagi Olimpiada chempioniman. Endi yana bir karra Olimpiada chempioni bo‘lmoqchiman. Bundan tashqari, parallel ravishda professional boksda ham bir nechta jang o‘tkazish rejam bor. Los-Anjelesdagi Olimpiadadan keyin to‘liq prof boksga o‘tib, hamma kamarlarni birlashtirmoqchiman va o‘z vaznimda mutlaq chempion bo‘lish niyatim bor.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!