
Akmal Shorahmedov: "Bu yil chempionat saviyasi pastlagan"
Mirjalol Qosimov boshchilik qilayotgan AGMK jamoasi uchun yakuniga etayotgan birinchi davrada qoniqarli darajada o‘tmadi. Lekin 12-turda olmaliqliklar ilk bor safarda g‘alaba qozonishdi.
AGMK jamoasida sardor sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan himoyachi Akmal Shorahmedov esa Qosimov ishongan futbolchilardan biri hisoblanadi. Ular bungacha “Bunyodkor” va terma jamoada ham birga ishlashgan. Xabaringiz bo‘lsa, Shorahmedov bungacha Shota Arveladze qo‘li ostida “Paxtakor”da to‘p surayotgandi. Ammo Mirjalol Qosimov AGMKga bosh murabbiy etib tayinlangach, Akmalni o‘z safiga chorladi va bunga javoban futbolchi ham yana bir bor Qosimov bilan birga ishlashga rozilik bildirdi. «Andijon»ga qarshi uchrashuvdan keyin Akmal bilan suhbatlashdik.
- AGMK jamoasining navbatdagi safar uchrashuvida ham mag‘lub bo‘lishi taxmin qilinayotgandi. Lekin bu safar bunday bo‘lib chiqmadi va olmaliqliklar muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ayting-chi, bu xususida nima deya olasiz?
- Turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarda borayotgan jamoalar bir-biri bilan o‘ynadi. To‘g‘risi, “Andijon” ham, AGMK ham bir-biri bilan teng edi. Chunki hammasini turnir jadvali ham ko‘rsatib turibdi. Bu safar qaysi klubga ko‘proq omad kulib boqsa, o‘sha jamoa yutib ketardi. Buning ustiga havo issiq bo‘lgani uchun ham o‘yin tempi u qadar yuqori bo‘lmadi. Mana shunday paytda omad bizga kulib boqdi. “Andijon”ga keyingi o‘yinlarda omad tilayman.
- Qiziq tomoni shundaki, siz hali shu paytgacha qaysi jamoa tarkibida bo‘lmasin “Andijon” maydonida yutqazmagansiz. Bunday statistikalarga qiziqib turasizmi?
- To‘g‘risini aytsam, “Andijon” jamoasini yaxshi ko‘raman. Chunki bunday muxlislar hech qaerda yo‘q. Mana, hozir Toshkent jamoalarida o‘ynayapmiz. Lekin ishqibozlar kam, to‘g‘rimi? Buni tan olish kerak. “Andijon”dan keyin “Nasaf”da to‘p surdim. Bilasizmi, baribir gavjum muxlislar qarshisida o‘ynash maza. Qolaversa, doim raqib bo‘lib o‘ynasam-da, “Andijon” ishqibozlari biror marta meni haqorat qilishmagan. Bir-birimizga doim hurmat bilan munosabatda bo‘lamiz. Chunki “Andijon”da men o‘ynagan paytda klub tarixidagi eng yaxshi natija - 5-o‘rin hali qaytarilgani yo‘q. O‘shanda biz 4-o‘rinni qo‘lga kiritishimiz ham mumkin edi. Lekin oxirida “Mash’al”ga yutqazib qo‘ygandik. O‘sha paytdagi barcha yoqimli xotiralar esimda turadi. Albatta, “Andijon” mening sobiq klubim va ularga doim omad yor bo‘lishini tilayman. Ammo bir jihatni ham tan olish kerakki, baribir ularga qiyin bo‘ladi. Superligada jon saqlab qolish uchun kurash jiddiy kechadi. Bunday muxlislari bor jamoa hamisha yuqori o‘rinlarda bo‘lishi kerak. Yana bir gap: Aleksandr Xomyakovga bosim o‘tkazmasdan unga ko‘proq ishlashiga vaqt berish kerak. Hech kim darhol kelib ikkita turdan keyin nimanidir o‘zgartirib qo‘ya olmaydi-ku. U yaxshi mutaxassis. Bilaman, vodiyda ishqibozlar juda talabchan. Lekin ular bunday paytda biroz sabrliroq bo‘lib, chidab turishlari kerak.
- Siz “Paxtakor”da bir chiroyli o‘ynab kelayotgandingiz. Lekin bu yil AGMKga o‘tdingiz. Aksiga olib, bu jamoaning chempionatdagi ishlari ham zo‘r emas. Ko‘pchilik esa sizni “Paxtakor”dan AGMKga o‘tganingizni xato deb hisoblashmoqda. Bunga qanday qaraysiz?
- Yosh jihatdan ham ulg‘ayib boryapman, buni ham tan olish kerak-ku, to‘g‘rimi? Ha, hali “Paxtakor”da ham o‘ynashga bemalol kuchim etardi. Lekin vaziyat shunday bo‘lib qoldi. AGMK yangi jamoa sifatida shakllanayotgandi. Yangi jamoaga o‘tsangiz bu xuddi lotereyaga o‘xshaydi. Yangi jamoa tuzilgan paytda zo‘r o‘ynab ketishi mumkin yoki aksincha. Lekin mag‘lubiyatlar bo‘laversa ham bundan fojia yasash kerak emas. Sportda g‘alaba bilan mag‘lubiyat doim yonma-yon yuradi. Qachondir yutasiz, qachondir yutqazasiz. Lekin sportchi doim xatolari ustida ko‘proq ishlashi va tayyorlanishi kerak. Biz ham legionerlarni tanlashda xato qilib qo‘yganmiz. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, AGMK legionerlarsiz o‘ynayapti. Shuning evaziga ham biz qiynalyapmiz. Ayniqsa, markazda qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, yosh futbolchilardan ham foydalanyapmiz. Balki ikkinchi davrada tarkib yanada kuchaytirilganidan keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketar.
- Siz jamoa sardorisiz va bunday paytda zimmangizga ham ko‘p narsa tushadi. Ayting-chi, jamoadagi barcha futbolchilar ham Mirjalol Qosimovning nimani talab qilayotganini yaxshi tushunishyaptimi?
- Bir jihatga e’tibor beraylik, bizning jamoamizdagi hamma o‘yinchi ham yaxshi klublardan kelishmagan. Tabiiyki, murabbiyning bosimi kuchli. Bunday nomdor va kuchli murabbiy qo‘li ostida o‘ynash esa qiyin. Ko‘pgina futbolchilar esa bunday paytda hattoki o‘zining darajasida ham o‘ynay olishmaydi, qo‘rqishadi. “Bunyodkor”da to‘p surib yurgan paytimda bizga qozog‘istonlik futbolchi Emil Kenjasariev kelgandi. O‘shanda u o‘z mamlakatining eng yaxshi o‘yinchisi edi. Lekin uning “Bunyodkor”ga kelib oyog‘i qaltirab qolgandi. Nimaga bilasizmi? Mirjalol Qosimovning baqirganidan shunday bo‘lib qolgandi.
- O‘zingiz Qosimovning murabbiylik sifatlarini to‘liq o‘zlashtirib olganman deb o‘ylaysizmi?
- Agar yomon o‘ynasangiz zaxiraga o‘tirasiz. Futbolchi faqat o‘z ustida ishlashni to‘xtatmaslik lozim. Lekin siz nomdor futbolchisiz, ammo yomon o‘ynadingiz. Mirjalol Qo‘shoqovich esa sizning nomingizga qarab o‘tirmaydi va darhol zaxiraga oladi.
- Ayting-chi, Mirjalol Qosimovning alohida xususiyatlari haqida gap ketganda nimalarni aytgan bo‘lardingiz? Har holda unga ham ko‘p tanqidlar bo‘ldi.
- Har qanday murabbiy tanqidlarga chidashi kerak. Bu bizning ishimiz. O‘sha Mourino yoki Sarrini ham tanqid qilishadi. Umuman olganda, murabbiy borki, hammani tanqid qilishadi. Ektor Kuper to‘g‘ri gapirgan. Misrda ishlaganida u erda 73 million aholi bor va hammasi murabbiy bo‘lib olishgan. Murabbiy hammasining gapini eshitishi kerak emas. Hammani o‘z fikri bo‘lishi lozim degan. Samvel Babayanni ham ko‘pchilik yomonlaydi. Biroq uni ham o‘z fikri bor. Baribir o‘z fikriga ega bo‘lgan murabbiy birovning aytganini qilmaydi.
- Kuper boshchiligida Osiyo Kubogiga borib keldingiz. Keyin Xitoydagi turnirda qatnashdingiz. Lekin oxirgi yig‘inda ishtirok etmadingiz.
- Bir oy oldin ketma-ket ikki marta bir joyimdan jarohatlar oldim. U ham qiziqadi va jarohat olganimni bilardi. Albatta, bu yil yana milliy terma jamoaga yordam berishga harakat qilaman. Milliy terma jamoa haqida gap ketganda har qanday o‘yinchi istalgan paytda yordam berishga tayyor turishi kerak. Kimdir kutilmagan jarohat olsa, o‘rniga darhol sizni chaqirib qolishi mumkin. Meni chaqirsa yoki chaqirmasa xafa bo‘lmayman. Lekin kerakli paytda menga ishonadi va meni biladi.
- Vaziyatga real qaraylik, AGMK bu yil qaysi o‘ringa da’vogarlik qila oladi deb o‘ylaysiz?
- 5-6 talikka harakat qilsa bo‘ladi. Hozir hamma jamoa bir-biriga yaqin joylashgan. Vaziyatga real qarasak, hozir “Paxtakor” hammadan kuchli.
- Jamoalar bir-biriga yaqin deganingiz chempionat saviyasi pastroq degan tushunchasini bildiradimi?
- Ha, mening fikrimcha past. Ayniqsa, bu yil chempionat saviyasi 70 foizcha pasaygan.
- Aynan nimaning evaziga pastlagan deb o‘ylayapsiz?
- Nimagaligini bilmadim. Lekin “Paxtakor” deyarli O‘zbekiston terma jamoasiga aylangan. “Lokomotiv” ham o‘z tarkibiga yaxshi o‘yinchilarni yig‘ib olgan. Bo‘ldi, ularga qarshilik qiladigan raqib qolmadi.
- Lekin siz ham “Paxtakor”da eng yaxshilardan biri edingiz...
- O‘z fikrimni aytyapmanda. “Paxtakor” deyarli 90 foizga O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchilaridan tashkil topgan. “Lokomotiv”ning esa 4-5 ta asosiy futbolchilari ketdi. Bu esa ularning oldingidek kuchli emasligini bildiradi. Ularni zaxirasi torayib qoldi va bu ham ta’sir qiladi. Yaqin ta’qibchisidan o‘yinchilarni qo‘lga kiritish ham aslida oson emas.
Fikrlar