Superliga jamoasi bosh murabbiyi o‘yin vaqtida vafot edi

  • 04.11.2025 15:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Serbiya chempionatida mudhish voqea yuz berdi. “Radnichki” jamoasi bosh murabbiyi Mladen Jijovich Superliganing 14-turidan o‘rin olgan “Mladost” klubiga qarshi o‘yin vaqtida vafot etdi.

Bu haqda Telegraf xabar berdi.

Uchrashuv “Radnichki” klubi uchun muvaffaqiyatsiz boshlandi. Raqib futbolchilari to‘qqizinchi daqiqaga kelib, ikkita to‘p kiritgan holda 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. 22-daqiqaga kelib, 44 yoshli Mladen Jijovichning holati to‘satdan yomonlashdi va u zaxira o‘rindig‘i yonida yiqildi. O‘yin to‘xtatildi, tez yordam jamoasi etib kelgunga qadar Jijovichga raqib jamoa bosh murabbiyi birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatdi.

Tez yordam shifokorlari murabbiyni shifoxonaga olib ketdi. Biroq amalga oshirilgan qutqaruv amaliyotiga qaramay, Jivovichni hayotga qaytarishning imkoni bo‘lmadi.

Murabbiy maydondan olib ketilganidan keyin o‘yin qayta tiklangan edi. Biroq yana 20 daqiqa o‘tib, hakam yana uchrashuvni to‘xtatdi. Stadionda “Radnichki” bosh murabbiyi vafot etgani e’lon qilindi va bahs davom ettirilmadi.

Jijovich 1980 yil 27 dekabrda tug‘ilgan. Futbolchi sifatida u Bosniya, Albaniya va Serbiya klublarida to‘p surgan, shuningdek, Bosniya va Gertsegovina terma jamoasi sharafini ham himoya qilgan. Mutaxassis “Radnichki” klubini 23 oktyabr kuni qabul qilib olgandi. Bu uning Superliga jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi faoliyatidagi uchinchi o‘yini edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!