
"Al Zavra" ustozi: Biz "Bunyodkor"ga qarshi o‘yinga tayyor emasmiz
Osiyo Chempionlar ligasi saralashi pley-off bosqichida Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi ertaga o‘z maydonida Iroqning "Al Zavra" klubini qabul qiladi. Bugun mazkur bellashuv oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Anjumanning birinchi qismida mehmonlar ustozi Bosim Qosim hamda hamda futbolchi Muhannad Abdulrahim ishtirok etishdi.
- Bizni qiyin o‘yin kutib turibdi. Tan olish kerak, jamoam uchrashuvga tayyor emas. Chunki Iroqda chempionat uch oy oldin to‘xtatilgan. Bu orada biz o‘rtoqlik o‘yinlarida ham maydonga tushganimiz yo‘q, - deya so‘z boshladi Bosim Qosim.
Muhannad Abdulrahim: - Bosh murabbiyning fikrlariga qo‘shilaman. Haqiqatdan biz o‘yinga tayyor emasmiz. Lekin g‘alaba uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz.
- O‘zbekistonda ham yangi mavsum start olgani yo‘q. Qaysidir ma’noda har ikkala jamoa ham bir holatda. Shu vaziyatga nima deysiz?
Bosim Qosim: - To‘g‘ri, balki shundaydir, lekin vaziyat har xil. “Bunyodkor” BAAda yig‘in o‘tkazdi. Yig‘in doirasida o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi. Biz aksincha, Iroqda ham O‘zbekistonda ham o‘rtoqlik bahslarida maydonga tushmadik. Qolaversa, jamoamizni uch nafar asosiy futbolchimiz tark etdi. Toshkentga ham ikkiga bo‘linib etib keldik. Shunday muammolarimiz bo‘lishiga qaramasdan biz harakat qilamiz. Iroqda bizdan faqat g‘alaba kutishyapti.
- “Oq-tepa”bilan o‘yin nega bekor qilindi?
Bosim Qosim: - Maydonning holatidan kelib chiqib mazkur uchrashuvni bekor qildim. Chunki ancha vaqtdan beri o‘ynamagan shogirdlarim bu maydonda jarohat olishlari mumkin edi.
- Bunday holatda futbolchilarni uchrashuvga ruhan tayyorlash qiyin emasmi?
Bosim Qosim: - Har qanday holatda ham g‘alaba uchun harakat qilamiz. Tarkibda tajribali futbolchilardan tashqari, yosh o‘yinchilar ham bor. Ular bir-birlarini to‘ldirib, g‘alaba uchun o‘ynaydi. Bizda bundan boshqa iloj yo‘q. Sababi, uchrashuv taqdiri bitta o‘yin orqali hal bo‘ladi.
Fikrlar