
Aleksandr Xomyakov: "Biz uchun har bir o‘yin final"
“Andijon” – “Neftchi” (0:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- 90 daqiqa davomida kuchli tarzdagi o‘yin bo‘ldi. O‘yin haqiqiy derbiga xos holatda jangovar durang bilan yakuniga etdi. Ikkala jamoa bir ochkodan bo‘lishib oldi. Yigitlarga ham g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi uchun rahmat va stadionda ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga ham minnatdorchilik bildiraman. Afsuski, biz ishqibozlarimizni yana g‘alaba bilan xursand qila olmadik.
- Bu safar ham o‘yindan ko‘nglingiz to‘lmaganga o‘xshayapti, shundaymi?
- Buni qanday tushuntirsam ekan? Bilasizmi, g‘alaba qozonishni juda xohlagandik. O‘yindan avval taktikamizni chiroyli qilib shakllantirib olgandik. Raqibni hujumda qanday o‘ynashini bilib, shunga yarasha taktika ishlab chiqqandik. Yana qaytaraman: g‘alabani juda va juda istagandik. Biz ham, raqib ham bir-birimizga o‘ynash uchun imkoniyat bermadik. Umumiy ma’noda aytganda, o‘yindan qoniqdim desam ham bo‘laveradi.
- 7 ta o‘yinda 2 ochko olingani fonida siz murabbiylik faoliyatingizdan qoniqyapsizmi?
- Nima deyishim mumkin? Ishlayapmiz, maksimum darajada mehnat qilyapmiz. Ko‘p narsani xohlayapmiz, g‘alabani istayapmiz. Ammo natija ba’zida ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Albatta, rahbarlar, homiylar bor. Ular barchasini kuzatib turishibdi. Bizga yordam berishyapti va o‘z o‘rnida biz ham yaxshi natijalar bilan javob qaytarishni maqsad qilganmiz.
- Nima uchun ikkinchi hujumchini maydonga tushirmadingiz?
- To‘g‘ri, hujumchi etishmayotgani ma’lum edi. Biroq biz maydon markazida yaxshiroq harakat qilishni o‘yladik va shu qarorga keldik. Birinchi taym oxiri va ikkinchi taym boshlarida markazda raqibga imkoniyatni berib qo‘yayotgandik. Ular ham markazda o‘yinni kuchaytirish maqsadida o‘yinchilarini almashtirishgandi va biz ham shunga qarab ish tutdik. Turli xil xavflarni inobatga olib, maydon markazini mustahkamlashga harakat qildik. O‘yin oxirida ham intildik va natijaga erishish uchun imkon qadar markazda faolroq bo‘lish harakatida bo‘ldik. “Lokomotiv”ga qarshi uy o‘yinimizni yaxshi eslasanglar kerak. O‘shanda ham g‘alabaga yaqin edik. Lekin taktik xato tufayli mag‘lubiyatga uchraganmiz. O‘yin davomida turli vaziyatlar bo‘ladi. Masalan, o‘sha uchrashuvda burchakdan to‘p uzatilganidan keyin raqib xato qilgan va biz gol urgandik. Oxirida taktik xatoimiz tufayli yutqazgandik. “Lokomotiv” bilan uchrashuvda mag‘lubiyatga loyiq emasdik.
- Jamoangiz bugun g‘alaba qozonganida Kubok finali oldidan futbolchilarni ruhlantirishi mumkin edi. Umuman, jamoani 5 oktyabr kungi final uchrashuviga qanday motivatsiya bilan ruhlantirmoqchisiz?
- Har bir uchrashuvga futbolchilarimiz uchun motivatsiya beramiz va biz uchun har bir bahs final. Shu sababli bizda motivatsiya bo‘yicha muammo bo‘lmaydi. Yigitlar buni to‘g‘ri tushunishyapti va g‘alaba uchun kurashishyapti. Xotirjam bo‘lishimiz kerak. Oldinda vaqtimiz bor va futbolchilarni bo‘lajak uchrashuvga yaxshi tayyorlay olamiz, deb o‘ylayman.
- Bugun avvalgi “Andijon”ni ko‘rmadik. Shunisi aniqki, “Navbahor” bu o‘yinni kuzatgan. Balki siz atayin ko‘p narsalarni yashirayotgandirsiz...
- Biz har bir uchrashuvda ijobiy natija uchun maydonga tushyapmiz. Hozirgi “Andijon” birinchi davradagi “Andijon”. Hammada ham qandaydir muammoli vaziyatlar bo‘lib turadi. “Neftchi”da ham shunday holatlar bo‘lgan. Biz ham qaysidir muammoli vaziyatlarni bartaraf etishga harakat qilyapmiz. Raqibni hujumda faol o‘ynashini bilardik. Shu bilan birga qarshi hujumga kuchli urg‘u qaratishini ham yaxshi sezgandik va shunga yarasha tayyorlandik. Himoyada mustahkam o‘ynash va keskin hujumlar tashkil qilish bo‘yicha chuqurroq tahlil qilib, ish olib boryapmiz. Chiziqlar o‘rtasidagi bog‘lamlarni yaxshilab, shu asnosida o‘yin tashkil qilishni har safar reja qilamiz. “Navbahor”ni yaxshi bilamiz. Biz reja bo‘yicha tayyorgarlik ko‘ramiz, vaqtimiz bor. Birinchi davrada ularga o‘z uyimizda uchta gol urganimiz Kubok finalida ham yana shunday natija bo‘ladi, degani emas. Himoyada tartibli va mustahkam o‘ynab, hujumda samarali ishlash juda muhim.
Fikrlar