
Aliqulov bu borada tengsiz yoxud 5-bor Superligaga qaytgan "Mash’al"ni kimlar olib chiqqanini bilasizmi?
Muborakning faxri bo‘lgan “Mash’al” jamoasi o‘zining sharafli tarixi davomida beshinchi marta Pro ligada muvaffaqiyatli ishtirok etib, Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu natija jamoaning yuksak maqsad va intilishlarining yorqin namunasi bo‘lib, har bir murabbiylar, futbolchilar va muxlislarning birgalikdagi sa’y-harakatlari samarasi bo‘lgan.
1994 yil: Boris Serostanov bilan ilk muvaffaqiyat
1994 yilda “Mash’al” jamoasi murabbiy Boris Serostanov rahbarligida birinchi marta oliy ligaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jamoa 18 klub orasida ajralib, 23 g‘alaba, 6 durang va 5 mag‘lubiyat bilan 52 ochko to‘pladi va birinchi ligada birinchi o‘rinni egalladi. Bu natija jamoa muxlislarining qalblarida doimiy o‘rin topgan ilk yutuqlardan biriga aylandi.
2001 yil: Baxtiyor Boboev boshchiligidagi qayta yuksalish
2001 yilda Baxtiyor Boboev boshchiligida “Mash’al” yana bir bor oliy ligaga ko‘tarilib, yuksak natijaga erishdi. 17 jamoa ichida 24 g‘alaba, 4 durang va 4 mag‘lubiyat orqali 76 ochko jamg‘arib, birinchi ligada ikkinchi o‘rinni egalladi va yuqori ligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu natija jamoaning kuchlilar qatorida mustahkam o‘rin topishga bo‘lgan katta qadam bo‘ldi.
2013 yil: Aleksandr Xomyakov bilan yanada muvaffaqiyatli qadam
2013 yilda “Mash’al” Aleksandr Xomyakov boshchiligida yangi g‘alabalarga erishdi. Jamoa 16 klub orasida 24 g‘alaba, 3 durang va 3 mag‘lubiyat natijasida 75 ochko to‘plab, birinchi ligada birinchi o‘rinni egalladi. Bu safar ham jamoa muxlislari uchun o‘chmas xotiraga aylangan g‘alaba bayrami bo‘ldi.
2019 yil: Asror Aliqulov boshchiligida yana bir yutuq
2019 yilda Asror Aliqulov “Mash’al”ni pro ligaga olib kirgan murabbiy sifatida tarixga kirdi. 8 jamoa o‘rtasida 16 g‘alaba, 7 durang va 5 mag‘lubiyat bilan 55 ochko to‘plab, pro ligada birinchi o‘rinni egalladi va Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu natija Asror Aliqulovning mashg‘ulotlar va taktik mahoratlarini yana bir bor tasdiqladi.
2024 yil: Muddatidan oldin Superligaga yo‘llanma
Joriy 2024 yilda ham Asror Aliqulov boshchiligidagi “Mash’al” jamoasi muddatidan oldin pro ligada 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 15 g‘alaba, 7 durang va 3 mag‘lubiyat orqali 52 ochko jamg‘argan jamoa oldindagi 3 tur qolgan bo‘lishiga qaramay, yuqori ligaga yo‘llanmaga ega chiqdi.
Fikrlar