Alisher Nikimbaev: Saudiya Arabistoni unchalik kuchli emas, O‘zbekiston bu o‘yinni yutishi kerak
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvi oldidan muhim ma’lumotlarni berib bormoqdamiz. Ular qatorida jurnalistlarning fikrlarini ham sizlarga havola qilamiz.
Qatarda faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz, ko‘pchilik yaxshi taniydigan mutaxassis Alisher Nikimbaev bo‘lajak bellashuv oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu o‘yinda yutishi kerak. Chunki bugungi kunda Saudiya Arabistoni unchalik kuchli emas. Ularda avlodlar almashuvi ketmoqda. Shuning uchun raqib o‘tgan yoki 2 yil avvalgi kabi kuchli emas. Qolaversa, saudiyaliklarning tayyorgarligiga OChL finalida "Al Hilol"ning qatnashgani ta’sir qiladi. Sababi terma jamoaning aksariyat futbolchilari ushbu klubda to‘p tepadi.
Raqibning kuchli jihatlari haqida gapiradigan bo‘lsam, jamoa yosh, motivatsiya yuqori. Hozir bu jamoada yulduzlar yo‘q bo‘lsa-da, ular jamoaviy o‘yin namoyish etishadi. Shuning uchun xavfli deb bitta futbolchini ajratish qiyin.
Evre Renar Saudiya Arabistoni termasini yaqindagina qabul qilib oldi. Lekin u Shimoliy Afrikada juda ko‘p ishlagan. Demak, arab mentalitetlarini ozgina bo‘lsa ham biladi. Murabbiyga tarkibni unchalik shakllantirmagani pand berishi mumkin.
Guruhimizdagi eng asosiy raqibimiz, albatta, bu Saudiya Arabistoni. Oxirigacha kurashishga menimcha Falastinni kuchi etmaydi.
Saudiya Arabistoniga bugun yordam berishi mumkin bo‘lgan jihat haqida gapiradigan bo‘lsam, bu yilgi OChL chorak finalida ushbu mamlakatning 3 ta klubi qatnashgani. Ularda 20dan ortiq futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushgan. Bu esa futbolchilarning saviyasi past emasligini ko‘rsatadi. Lekin ular hali shakllanmagan terma jamoa bo‘lgani uchun Yaman va Falastin bilan durang qayd etishgan. Ushbu jamoalarni saudiyaliklar o‘z uylarida bemalol yutishlari mumkin.
E’tibor beradigan bo‘lsak, bu uchrashuv Saudiya Arabistoni uchun 3 safar o‘yini bo‘ladi. Demak, 4 ta turdan 3 tasini mehmonda o‘tkazib, keyingi 4 o‘yindan 3 tasini o‘z uyida o‘tkazadi. Bu esa ularga kamida 2-o‘rinni olish uchun yaxshi imkoniyati borligini ko‘rishimiz mumkin. Lekin ularga 2-o‘rin bilan chiqish juda qiyin bo‘ladi. Chunki Saudiya Arabistoni bugungi kunga kelib 4 ochko yo‘qotdi. 2 ta durang. Bugun natija hamyurtlarimiz foydasiga bo‘lsa, unda 7 ochkodan maxrum bo‘lishadi va 2-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqish masalasi ancha qiyinlashadi, - dedi Alisher Nikimbaev.



Fikrlar