
"AllegriBall" yoxud shohlikdan quvilgan "Yuventus" yana taxtga qaytadimi?
Turinning "Yuventus" klubi A Seriya 17-turi doirasida "Udineze"ni qabul qildi va yana o‘sha o‘zining sevimli 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yagona gol 86-daqiqada Danilo tomonidan kiritildi. U Kezaning ajoyib uzatmasidan so‘ng bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.
Muhim va qiziqarli faktlar.
Turinliklar qatorasiga 8-bahsni o‘z foydasiga hal qildi. Oxirgi marta Massimiliano Allegri jamoasi 9-tur doirasida amaldagi chempion "Milan"ga qarshi o‘yinda mag‘lub bo‘lgandi. Shundan so‘ng o‘tgan 3 oy ichida "zebralar"ni to‘xtatadigan raqib topilmayapti.
"Yuve" ketma-ket 8-uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Anglaganingizdek, so‘nggi bor Turin klubi darvozasiga yana o‘sha "Milan" jamoasi yo‘l topa olgan.
"Keksa senora" 17 o‘yindan so‘ng 12 marotaba "quruq o‘yin" o‘tkazishga erishdi. "Oq-qoralar" butun dunyoga haqiqiy italyan klubi qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yayotgandek, go‘yo.
17 turdan so‘ng "Yuventus" ishtirokidagi 6 bellashuvda 1:0 hisobi qayd etilgan. 5 tasida Italiyaning eng sovrindor klubi g‘olib bo‘lgan, bittasida esa mag‘lubiyat. Bejizga yuqorida mazkur hisob jamoaning sevimli tanlovi ekani haqida yozmaganimizni endi yanada aniqroq tushunib oldingiz.
"AllegriBall" nima o‘zi u?
"AllegriBall" - "g‘alabaga eltuvchi yo‘l himoyadan boshlanadi" degan tamoyilga asoslangan futbol uslubi. Ushbu atama "Maks" 2014-2019 yillarda "Yuve" bosh murabbiyi bo‘lib ishlab yurgan kezlari futbol jamoatchiligi tomonidan qo‘llana boshlangan.
G‘oya tomonlama Simeonening "Atletiko"siga o‘xshab ketadi. Biroq Allegri nisbatan passivroq o‘yinni ma’qul ko‘radi. Futbolchilar kurashlarga kiravermaydi, tortishuvlar ko‘p ham yuzaga kelmaydi. Ora-orada yigitlar hissiyotlariga erkinlik berishi mumkin. Ammo bu kamdan-kam kuzatiladigan holat.
Qisqa qilib aytganda, Allegri qo‘l ostidagi "Yuventus"ni "xotirjam jamoa" deb atasak bo‘ladi. Tavakkalni xushlamaydigan, o‘z uslubida raqibni qurolsizlantirgan holatda taslim etadigan Italiya grandi.
"Yuve" chempion bo‘la oladimi?
Kun tartibidagi asosiy savollardan biri. Tajriba va futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkinligidan kelib chiqsak, turinliklarda imkoniyat yuqori. Allegri jamoani qanday chempion qilishni yaxshi biladi. Ayniqsa, u "Yuventus" bo‘lsa:)
Hozir "zebralar" yuqori formada. Keyingi turda "Napoli" maydoniga safar uyushtiriladi. "Inter"ga mag‘lub bo‘lib, ilk bor yutqazish hissini ta’tib ko‘rgan neapolliklar azaliy raqibiga qarshi bor kuchini ishga solishi tabiiy. Katta ehtimol bilan mazkur to‘qnashuv jamoalarning maqsadi qanchalar jiddiy ekanini ko‘rsatib beradi. "Keksa senora" g‘alaba qozonsa, yuqoridagi allambalo seriyalar bekorga emasligini isbotlagan bo‘ladi. "Napoli" 3 ochko olsa, "Inter"ga shunchaki omad kulib boqqani, aslida, Spalletti jamoasi ham anoyilardan emasligi oydinlashadi.
Milanning ikki jamoasi ham "Skudetto" uchun asosiy da’vogarlardan. Tarkib borasida ham aynan ular favoritdek ko‘rinmoqda. Shunga qaramay, hali xulosa chiqarishga erta. Qolaversa, poytaxtning "bo‘rilar" va "burgutlar" to‘dasini ham esdan chiqarmaslik kerak. "Roma" va "Latsio" ham bu mavsum o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan.
Xullas, bu mavsum A Seriya shiddat borasida APL yoki La Ligadan aslo qolishmayapti. NEYTRAL va xolis fikrga ega muxlis va mutaxassislar buni yaxshi anglab turibdi.
Shunday ekan, Italiya futboli, A Seriya haqidagi video, ma’lumot, fakt, statistikalar va shaxsiy, NEYTRAL fikrlarni "Catenaccio" kanalida kuzatib boring. Biz sizga eng yaxshisini ilinamiz!!!
Shaxsiy fikrlar asosida yozilgan Shohrux Zoirov maqolasi.
Fikrlar