"Andijon" futbolchisi endi Belarus chempionatida to‘p suradi!
“Andijon” jamoasining iqtidorli o‘yinchilaridan biri Doniyor Abdumannopovga oxirgi paytlarda takliflar ko‘p edi. Ayniqsa, xorij klublaridan unga yaxshigina qiziqishlar bo‘layotgandi. Nihoyat, futbolchi o‘zi uchun eng ma’qul variantni tanladi.
Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, Doniyor Abdumannopov faoliyatini Belarus chempionatida davom ettiradi. Shu tariqa, u “Andijon”ni tark etdi. Futbolchi endilikda “Energetik-BGU” jamoasida to‘p suradi. Kelishuv esa mavsum oxirigacha mo‘ljallangan.

Xabaringiz bor, ayni paytda ushbu jamoada ikki nafar hamyurtimiz – Shaxzod Ubaydullaev bilan Bobur Abduholiqov to‘p suryapti. Demak, endi ushbu klubdagi o‘zbekistonlik futbolchilar soni uchtaga etdi.
Doniyor Abdumannopov ortda qolgan 12 ta o‘yinning barchasida “Andijon” tarkibida maydonga tushdi va 1 ta gol urdi. 21 yoshli yarim himoyachining ketishi esa albatta “Andijon” uchun navbatdagi jiddiy yo‘qotishga aylandi.



Fikrlar