"Andijon" klubi bosh direktori: Futbol bunday bo‘lmaydi!

  • 01.11.2020 21:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Andijon”da bosh murabbiy iste’foga chiqarilgani e’lon qilinganidan so‘ng, jamoaning bosh direktori Doniyor Mullajonov Hamidullaevning lavozimidan ozod etilgani yuzasidan klub matbuot xizmatiga quyidagilarni aytdi:

- Biz jamoani qabul qilib olgan paytimizda klubdagi holat yaxshi emasdi. Barchasini bo‘ynimizga olib, jamoamizning qarzlarini to‘lab berdik, futbolchilarning hamma muammolarini hal etdik. Kerak bo‘lsa, mukofot pullarini ham berdik. Professional jamoaga xos tarzda sharoit yaratdik. Ammo futbolchilarimiz bizga professional o‘yin namoyish etib bera olmadi. Futbol bunday bo‘lmaydi!

Bizga Superligada qolish vazifasi yuklatilgan. Baxtiyor Hamidullaev kelganidan keyin kerakli ochkolarni qo‘lga kiritganimizda ligada qolish imkoniyatimiz yuqori bo‘lardi, afsuski, ochko ololmadik va Superligada qolish imkoniyatimiz kamayib ketdi. O‘yinlar kamligi bois, yuqori pog‘onalarni so‘ramadik, ammo bu so‘nggi pog‘onalarda yurish kerak, degani emas.

Bir inson qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi, o‘z sohasining ustasi bo‘lishi kerak. Bu erda butun Andijon xalqining g‘ururi haqida gap ketmoqda. Raqib futbolchilari ham biznikilar kabi oddiy inson, ularni ham ikki qo‘li, ikki oyog‘i bor. Uch milliondan ortiq xalqning sharafini himoya qilish bunday bo‘lmaydi. Men yigitlar bilan jiddiy gaplashib oldim. Endi bundan buyog‘iga hech qanday bahona bo‘lmaydi, barcha futbolchilarimiz Andijon xalqining sha’ni uchun maydonga tushadi. To‘g‘ri, qolgan o‘yinlarimiz oson bo‘lmaydi, biroq bu biz orqaga chekinamiz, degani emas! Balki Superligada qolmasmiz, lekin keyingi yil yoki yaqin 2-3 yil ichida biz kutgan, muxlislar kutgan, Andijon xalqi sog‘ingan futbolni yaratamiz, - dedi Doniyor Mullajonov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!