"Andijon" klubiga yangi mavsumda uchta asosiy vazifa qo‘yildi

  • 4 mart, 00:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Mavsum-2025” boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. “Andijon” futbol klubi ham joriy yilgi birinchilik uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik olib bordi va tabiiyki, muxlislar ham, jamoa ham chempionat boshlanishini intiqlik bilan kutmoqda. 

Tecno

Xabaringiz bor, jamoa ayni paytda Toshkentda 8 mart kuni safarda “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi o‘tadigan o‘yin uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

“Andijon” futbol klubi hamkori hisoblangan “Uzavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Ubaydullaevich Rozukulovning qabulida bo‘ldi.

Jamoa a’zolari avvaliga “Uzavtosanoat” binosida joylashgan o‘ziga xos muzey bilan yaqindan tanishdilar. Bu sizni beixtiyor dunyo avtomobil tarixiga olib kiradi. Aytish lozimki, muzey ikki qavatni o‘z ichiga oladi: futbolchilar birinchi qavatda avtomobilsozlik tarixi va xususan O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishi bilan tanishdilar. Ikkinchi qavatda esa interaktiv ko‘rgazma qismi mavjud bo‘lib, unda futbolchilar tabiiy fanlarni interaktiv faol tarzdagi jarayonlarini ko‘zdan kechirdilar. Tadbirning avvalida jamoa a’zolarini mazkur muzey bilan yaqindan tanishtirish bejiz emasdi. Bu orqali klub bosh homiysining rivojlanish tarixi borasida tushunchaga ega bo‘ldilar. 

Shundan keyin majlislar zalida “Uzavtosanoat” AJ boshqaruv raisi boshchiligidagi jamoa a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yangi mavsum oldidan o‘tkazilgan mazkur tadbir jarayoni ko‘tarinki kayfiyatda, ochiq va samimiy ruhda tashkil etildi. 

Rahbariyat tomonidan avvaliga 2024 yilgi mavsumdagi yutuq va kamchiliklar sarhisob qilindi. Shuningdek, qo‘lga kiritilgan Kubok uchun jamoa a’zolariga yana bir bor minnatdorchilik bildirildi. “Andijon” klubiga yangi boshlanajak chempionatda muvaffaqiyat tilab, futbolchilarning holati, tayyorgarligi bilan qiziqdi. O‘z navbatida bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov va futbolchilar – Oleg Zoteev hamda Usmonali Ismonaliev yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun minnatdorchilik bildirib, yangi mavsumda “Andijon” klubi o‘z muxlislarini xursand qilish uchun bor kuch hamda imkoniyatlarni ishga solishlarini alohida ta’kidladilar.

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida klub uchun yangi zamonaviy baza barpo etilayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Uchrashuv davomida “Uzavtosanoat” AJ boshqaruv raisi ushbu qurilishi davom etayotgan majmua hamda bolalar futbolini rivojlantirishga qaratilgan harakatlar, klubning o‘z akademiyasini yaratish borasida qadamlar tashlanganiga ham to‘xtalib o‘tdi. 

Tadbir davomida jamoa oldiga yangi mavsumda uchta asosiy vazifa qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi:

1. Bu yil O‘zbekiston Kubogi finali ilk bor Andijondagi “Bobur arena” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan jamoa o‘z uyida o‘tadigan Kubok finalga chiqishi;

2. “Andijon” klubi Superligada sovrinli o‘rinlardan birini qo‘lga kiritishi;

3. Ilk bor ishtirok etadigan Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasida kamida guruhdan chiqish kabi muhim vazifalar belgilab berildi.

Bundan tashqari, may oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Superkubogida ham g‘olib chiqishi lozimligi aytib o‘tildi.     

Mana shunday jiddiy maqsadlarga yarasha bundan keyin ham jamoa uchun barcha shart-sharoitlar bekamu, ko‘st yaratib berilishi, klubning infratuzilmasi yanada rivojlantirilishiga ham alohida urg‘u berib o‘tdi.

Shuningdek, o‘tgan yili "Andijon" safiga qo‘shilib, katta o‘sishga erishgan, 2024 yilda jamoa tarkibida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan holda gol+pas tizimida eng yaxshi natijani qayd etib, samaradorligini namoyish qilgan Bektemir Abdumannonov, Andijon futboli tarbiyalanuvchisi, jamoaning sodiq o‘yinchisi, faoliyatini asosan "Andijon" klubiga bag‘ishlab kelayotgan va O‘zbekiston Kubogi qo‘lga kiritilishida finalda o‘zining goli bilan munosib hissa qo‘shgan hamda irodasini namoyish qilgan Muhammadkarim Toirov, bir necha yildan buyon "Andijon" sharafini munosib himoya qilib kelayotgan, jamoaning Pro ligadan Superligaga chiqishida o‘z hissasini qo‘shgan va darvozabon sifatida katta o‘sishga erishayotgan Eldor Adhamov, "Andijon" futbol klubining rivojlanishida, jamoaning erishayotgan muvaffaqiyatlarida, klubni o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogi qo‘lga kiritilishida ulkan hissasini qo‘shgani uchun "Andijon" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov “Uzavtosanoat” AJ tomonidan tashakkurnoma va pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildilar.

Bulardan tashqari, yaqinda "Andijon"ni tark etgan Ildar Mamatkazin ham "Andijon" futbol klubi tarbiyalanuvchisi, uzoq vaqt davomida klub sharafini munosib himoya qilgan va qator mavsumlar davomida "Andijon" sardori sifatida jamoa g‘alabalariga qo‘shgan munosib hissasi uchun xuddi shunday tarzdagi tashakkurnoma va pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. Uning o‘rniga maxsus sovg‘ani jiyani Islom Mamatkazin qabul qilib oldi.

Shu bilan birga nafaqat "Andijon" klubi, balki O‘zbek futboli taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilib, Andijonda muxlislik qilishni yuqori cho‘qqiga ko‘tarib kelayotgan, O‘zbekiston Kubogi qo‘lga kiritilishida jamoaga katta dalda bergan hamda yurtimizda birinchi raqamli fan-klubga aylantira olgan "Andijon" fan-klubi raisi Nodirbek To‘ychiev ham yuqoridagi kabi tashakkurnoma va pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. 

Klub hamkori tomonidan bu kabi qo‘shimcha rag‘batlantirishlar keyinchalik ham davom ettirilishi ma’lum qilindi.  

O‘tgan yili O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritib, OChL-2 yo‘llanmasiga ega chiqqan “Andijon” klubi bosqichma-bosqich qudratli jamoaga aylanib borayotgani ahamiyatlidir.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мамадияров Махмуд
27/03/2025 11:57
Орзуга айб йўқ.