"Andijon" Turkiyada TsSKA va yana boshqa nomdor klublarga qarshi o‘ynaydi

  • 15 dekabr, 2023, 00:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayni paytda qishki ta’tilda bo‘lgan “Andijon” jamoasi ham 2024 yilgi mavsum uchun tayyorgarlik rejalarini ishlab chiqmoqda. Yangi chempionatga hozirlik ko‘rish jarayonida xorij yig‘ini juda muhim ahamiyat kasb etadi va shunga binoan “Burgutlar” bu safar ham Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Tecno

Jumladan, 24 yanvardan 14 fevralgacha tashkillashtiriladigan Turkiya yig‘ini mobaynida andijonliklar 7 ta xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bu xususida klub matbuot xizmati xabar bermoqda. E’tiborlisi, jamoaning sparring-raqiblar sifatida kuchli klublarga qarshi maydonga tushishi albatta quvonarli. Hozirga qadar “Andijon”ning Antaliya yig‘inidagi 3 ta raqibi ma’lum bo‘ldi.

1 fevral. TsSKA (Rossiya) – “Andijon”

Kuchli va nomdor raqib. Ko‘plab sovrinlarni yutgan TsSKAga ortiqcha ta’rif shart emas. Rossiya premer-ligasida qishki tanaffus boshlangan. “Armiyachilar” musobaqa jadvalida 28 ochko bilan hozircha 8-o‘rinda. Vladimir Fedotov bosh murabbiylik qilayotgan jamoa safida hamyurtimiz Abbosbek Fayzullaev to‘p surayotganidan yaxshi xabardorsiz. Taniqli darvozabon Igor Akinfeev sardorligidagi klubga qarshi bo‘lajak o‘yin jamoamiz uchun har tomonlama foydali bo‘lishi shubhasiz. Bu kabi bellashuvlar har doim ham bo‘lavermaydi.  

tsska

4 fevral. “Andijon” – “Chernomorets” (Ukraina)

"Andijon"ning keyingi raqibi Ukraina premer-ligasi vakili hisoblangan Odessaning “Chernomorets” klubidir. Muxlislarimiz uchun mazkur jamoa ham juda yaxshi tanish. Hozirda Ukraina chempionatida ham qishki tanaffus yuzaga kelgan. “Chernomorets” 10 dekabr kuni 17-tur doirasida “Kolos”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, ochkolarini 22 taga etkazdi va 8-o‘ringa ko‘tarildi. Keyingi tur uchrashuvlari 2024 yilning fevral oyi oxirlarida davom ettiriladi. Ungacha esa Roman Grigorchuk bosh murabbiyligidagi “Chernomorets” klubi ham qishki tayyorgarlik jarayonlarini olib boradilar va Antaliya yig‘in doirasida “Andijon”ga qarshi nazorat bahsida maydonga tushishadi.

12 fevral. “Andijon” – “Aleksandriya” (Ukraina)

“Burgutlar”ning navbatdagi raqibi ham Ukraina premer-ligasi jamoasidir. Bu safar “Aleksandriya”ga qarshi nazorat uchrashuvi o‘tkaziladi. Bu klub Ukraina chempionatining 11 fevral sanasida 17-turi doirasida safarda “Metallist 1925” jamoasini 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Natijada 16 ochko bilan 11-pog‘onaga chiqib oldi.

“Aleksandriya” klubini hozirda 42 yoshli mutaxassis Ruslan Rotan boshqarib bormoqda. Ishqibozlarimiz uni yaxshi tanishadi. O‘z vaqtida Ukraina milliy terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Ruslan Petrovich futbolchi sifatida “Dnepr”, “Slaviya”, “Dinamo” Kiev singari klublarda to‘p surgan. Rotan ayni paytda parallel ravishda Ukraina olimpiya terma jamoasi ustozi ham sanaladi. Tabiiyki, Rotan jamoasiga qarshi bellashuv ham muxlislarimizda katta qiziqish uyg‘otishi turgan gap.

turkiya1

“Andijon” jamoasi yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Antaliyada 7 ta nazorat o‘yinida maydonga tushishi rejalashtirilgan va ularning bo‘lajak 3 ta raqibi haqida tanishtirib o‘tdik. Ma’lum bo‘lishicha, Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi andijonliklarning boshqa raqiblari ham nomdor klublar bo‘lishi kutilmoqda. Reja bo‘yicha Turkiyada asosan kuchli jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tez orada qolgan raqiblar ham ma’lum bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!