
"Andijon"ni Evropa klublariga qarshi o‘yinlar kutmoqda. Ular qanday raqiblar?
Oldin xabar berganimizdek, 7 fevral kuni “Andijon”ni Antaliya yig‘ini doirasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi kutmoqda. Raqiblar “ASK Voytsberg” (Avstriya) va “Raufoss” (Norvegiya) klublari. Siz o‘quvchilar uchun “Burgutlar”ning bo‘lajak raqiblari haqida ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Avstriya chempionati, Liga 2 da ishtirok etayotgan “ASK Voytsberg” klubi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, 1920 yilda tashkil topgan.
Jamoa hozirda 16 ta ishtirokchi orasida 16 ta o‘yindan so‘ng 5 g‘alaba, 2 durang va 9 mag‘lubiyat qayd etib, 17\21 to‘plar nisbatiga ko‘ra, 17 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida 12-o‘rinni egallab turibdi.
“Munzer Bioindustrie sportrak” stadioni 2000 muxlisga mo‘ljallangan bo‘lib, 2023 yilda foydalanishga topishirlgan.
Klubning eng qimmat futbolchisi yaponiyalik Atsushi Zaizen bo‘lib, “Transfermarkt”da uning narxi 300 ming evro qilib belgilangan.
Jamoani 46 yoshli mahalliy murabbiy David Preib boshqarib bormoqda. U klubda murabbiylikdan tashqari jamoa boshlig‘i, sport direktori lavozimlarida ham ishlagan. “ASK Voytsberg” uning boshchiligida Liga 2 va Avstriya Kubogida hozirga qadar 19 ta o‘yin o‘tkazgan. Shundan 7 ta g‘alaba, 2 durang va 10 mag‘lubiyat qayd etilgan.
Klub tarkibida Yaponiya, Albaniya va Sloveniyadan kelgan legionerlar bor.
“Andijon”ning yana bir raqibi – “Raufoss” klubi bo‘lib, Norvegiya chemponatida OBOS-Ligada qatnashadi (bizning pro ligamiz kabi). Klubga 1918 yili asos solingan. O‘tgan yilgi mavsumda “Raufoss” 16 ta jamoa orasida 30 ta o‘yin o‘tkazib, 11 g‘alaba 8 durang va 11 mag‘lubiyat qayd etib, to‘plar nisbati 34\35ni tashkil qilgan holda 41 ochko bilan 8-o‘rinni egalladi. Hozirda esa jamoa yangi mavsum uchun tayyorgarlik ko‘ryapti.
Klubda yangi bosh murabbiy ish boshladi. 2025 yilning 1 yanvaridan e’tiboran 1991 yilda tug‘ilgan angliyalik Tom Dent “Raufoss” boshqaruviga kirishdi.
Jamoaning eng qimmat futbolchisi norvegiyalik Yakob Niland bo‘lib, uning narxi 250 ming evro. Shuningdek, klubda Shvetsiya, Gana, Angliya va Germaniyadan kelgan legionerlar ham bor.
Klub uy o‘yinlarini “NAMMO” stadionida o‘tkazadi va 2000 ming muxlisga mo‘ljallangan.
“Andijon”ning dastlabki raqibi “ASK Voytsberg” bo‘lib, bellashuv mahalliy vaqt bilan 10:30 (Toshkent vaqtiga 12:30)ga belgilangan bo‘lsa, “Raufoss”ga qarshi uchrashuv mahalliy vaqt bilan 17:30 (Toshkent vaqtiga 19:30)da boshlanadi.
Fikrlar