
«Arsenal»ning Premer-liga davridagi eng yaxshi futbolchilari ramziy jamoasi: Anri, Vieyra va boshqalar!
«Arsenal» Angliya klublari orasida eng sovrindorlaridan hisoblanadi. Klub tarixida “tumanli Albion”ning eng yaxshi o‘yinchilari va jahon darajasidagi yulduzlar ham to‘p surgan. Shu sababli, ularni yodga olish kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. 2003-2004 yilgi mavsumda butun Evropani zir titratgan «to‘pchilar»ning ramziy jamoasini tuzib chiqish esa ikki karra yoqimli ish.
Demak, «Arsenal»ning Premer-liga davridagi eng yaxshi futbolchilaridan iborat bo‘lgan ramziy jamoasini tuzishni boshlaymiz!
Darvozabon: Devid Simen
2003-2004 yilgi mavsum futbol muxlislari tomonidan «engilmaslar» davri sifatida yodda qolgan. Barcha «Arsenal»ni «engilmaslar jamoasi», deb atardi. Aynan o‘sha mavsumda Yens Lemann klub darvozasini qo‘riqlagan bo‘lishiga qaramay, biz aynan Devid Simenni ramziy jamoa uchun munosib ko‘rdik. Angliyalik afsona mamlakat 1-divizioni «Premer-liga», deb atalmasidan oldin, 1992 yilda londonliklar bilan ichki chempionatni yutgan va 2003 yili «Manchester Siti»ga yo‘l olguniga qadar klubning mutlaq 1-raqamli darvozaboni bo‘lgan. Bu vaqt oralig‘ida kiper «kanonirlar» bilan 325 ta o‘yin o‘tkazib, ikki marta Premer-ligada g‘olib bo‘lgan. U ketganidan keyin «Arsenal» bu qadar stabil o‘yin namoyish etuvchi darvozabonni hanuzgacha topa olgani yo‘q! Qayd etish joizki, klub tarixida faqatgina Rey Parlor undan ko‘proq o‘yin o‘tkazgan.
O‘ng qanot himoya: Loren Mayer
Ushbu pozitsiya uchun 2 ta taniqli himoyachi nomzodi bor edi: Li Dikson va Loren Etame Mayer. Dikson «kanonirlar» bilan Lorenga qaraganda ancha ko‘proq o‘yin o‘tkazganiga qaramay, muxlislar va mutaxassislar ramziy jamoa uchun Lorenni mosroq ko‘rishadi. Sabablar etarlicha. Li Dikson APLda 2 marta g‘olib chiqqan va umumiy miqdorda 305 ta o‘yinda maydonga tushgan, Lorenda esa bu son 195 tani tashkil etadi va unda ham 2 ta Premer liga kubogi bor. Bundan tashqari, kamerunlik futbolchi 2003-2004 yilgi mag‘lubiyatsiz kechgan mavsumda ham klubning asosiy figuralaridan biri bo‘lgan. O‘sha paytlarda u «to‘pchilar»ning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylangan edi. Aynan mana shu jihatlar tufayli Loren Diksonni ortda qoldirgan.
Markaziy himoya: Toni Adams
Shubhasiz, u klub tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri! Premer-liga davrida «kanonirlar» safida Stiv Bould, Kolo Ture, Martin Kioun singari kuchli markaziy himoyachilar ham to‘p surgan, ammo ularning hech biri Adams kabi hayotiy va ramziy ma’noga ega emas. Sababi, u klub bilan Angliya chempionati «Premer-liga», deb nomlanmasidan avval ham 2 ta kubokni, yangi formatga o‘tganidan so‘ng ham 2 ta chempionlikni qo‘lga kiritgan yagona futbolchi hisoblanadi. Adams «to‘pchilar» safida umumiy 255 ta uchrashuv o‘tkazib, ularning 115 tasini quruq o‘tkazgan hamda 12 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 2002 yilda iste’foga chiqqan futbolchi hanuzgacha klubning mudofaa yuragi va eng buyuk sardorlaridan biri sifatida eslanadi.
Markaziy himoya: Sol Kempbell
«Shporlar» sobiq yulduzining 2002 yilda hamshahar klubga o‘tishi futbol tarixidagi eng kutilmagan transferlardan biri sifatida tan olingan. Chunki, u 30 yil ichida «Tottenhem»dan «Arsenal»ga o‘tgan ilk futbolchiga aylangan edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, u londonliklar uchun omadli transfer bo‘lgan va 4-5 mavsum ichida o‘zini klub tarixiga muhrlab qo‘ya olgan.
Kempbell faoliyatini yakunlayotgan Adams uchun ideal o‘rinbosar bo‘lgan va tez orada himoya to‘rtligidan joy ololgani bilan ham boshqalardan ajralib turgan. Ajoyib o‘yinlari bilan Arsen Venger jamoasiga ilk mavsumidayoq ham APL, ham Angliya kubogini yutishga yordam bergan futbolchi, kelasi mavsumlarda markazda Kolo Ture bilan ajoyib duet hosil qilib, 2004 yilgi «engilmaslar mavsumi»da ham o‘zini ko‘rsata olgan. Shu tariqa, u bu joydan munosib o‘rin egallagan.
Chap qanot himoya: Eshli Koul
Premer-liganing eng kuchli chap qanot himoyachilari orasida Nayjel Uinterbern har doim e’tirof etiladi, u «Arsenal» safida 270 o‘yin o‘tkazgan va klub afsonalaridan biriga aylangan. Biroq 156 o‘yinda maydonda harakat qilgan Eshli Koul ramziy jamoa uchun munosibroq, deya ko‘rilmoqda. Sababi, u o‘z avlodining eng kuchli qanot himoyachisi bo‘lgan. «Kanonirlar» safida 2 ta Premer-liga kubogini boshi uzra baland ko‘targan futbolchi, «Arsenal» akademiyasidan chiqqan eng yaxshi iste’dodlardan biri sifatida doim e’tirof etiladi. To‘g‘ri, u «Chelsi»ga o‘tib ketganida ko‘pchilik muxlislar unga nafrat bilan qaragandi, biroq uning ko‘rsatgan xizmatlari bularning barchasini yuvib keta olgan.
Vinger (o‘ng qanot): Rey Parlor
«To‘pchilar» safida Rey Parlordan ko‘ra ko‘proq o‘yinda maydonga tushgan futbolchini topish imkonsiz. U klub uchun eng ko‘p o‘yin o‘ynagan futbolchi hisoblanadi - umumiy hisobda 333 ta match! Odatda, usiz o‘tgan o‘yinlar Venger uchun juda qiyin o‘tgan. 2004 yili u «Arsenal»dan «Midlsbro»ga transfer qilinadi. Bungacha u 3 marta Premer-ligada g‘olib chiqadi hamda jamoaning mutlaq almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylanadi. Parlor - klub afsonasi. Usiz «Arsenal» XXI asr boshidagi muvaffaqiyatlariga erisha olmasdi. Bu juda ko‘plab mutaxassislar tomonidan ham e’tirof etilgani bor gap.
Tayanch yarim himoya (markaz): Patrik Vieyra
1996 yilda Xayberida «Sheffild Uensdey»ga qarshi o‘yinning 2-bo‘limida zaxiradan maydonga tushib, o‘z debyutini amalga oshirgan kuniyoq Arsen Venger ajoyib iqtidorning «hidini sezadi» va uning o‘sishiga juda katta yordam beradi. Patrik «kanonirlar» safida shu qadar o‘sishga erishadiki, hatto unga sardorlik bog‘ichi ham ishonib topshirilib, ko‘p bora ramziy jamoalardan ham joy olgan. Aynan uning sardorligida klub mag‘lubiyatsiz mavsumini o‘tkazadi. Frantsiyalik futbolchi 2005 yilda «Yuventus»ga ketar ekan, APLda 279 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z nomini tarixga muhrlab qo‘yishga ulgurgan edi.
Tayanch yarim himoya (markaz): Jilberto Silva
Markaziy yarim himoya zonasi uchun nomzodlar orasida Vieyraga bir qancha top sheriklar mavjud. Emmanuel Peti 1997-98 yilgi mavsumda frantsuz bilan ajoyib juftlik hosil qilib, chempionlik uchun munosib hissa qo‘sha olgan. Sesk Fabregas shimoliy Londonda haqiqiy top-darajaga ko‘tarilgan, Santi Kasorla ham bu pozitsiyada juda yaxshi o‘yinlarni namoyish etgan. Lekin Vengerning o‘zi ham Jilbertoni bu joy uchun munosib ko‘rishlarini istashini aytgan. 2002 yilgi Jahon Chempionatida Braziliya safida chempionlikni qo‘lga kiritganidan so‘ng, London klubiga tashrif buyurgan futbolchi bu erda 6 ta ajoyib mavsumni o‘tkazadi va muxlislar tomonidan «ko‘rinmas devor» deya e’tirof etiladi. Aynan «engilmaslar mavsumi»dagi ajoyib o‘yinlari evaziga ham u bu joydan munosib o‘rin egallagan.
Vinger (chap qanot): Robert Pires
Dastlab, APLga moslashib ketishi biroz qiyin kechgan, lekin keyinchalik Premer-liga tarixidagi eng yaxshi legioner futbolchilardan biri sifatida e’tirof etilgan Robert Pires londonliklarning haqiqiy faxri bo‘lgan. Shimoliy Londonda u 2 ta Premer-liga kubogini qo‘lga kiritgan hamda umumiy 189 ta matchda 69 ta gol urib, 41 ta golga assistentlik qilgan. Koul-Pires-Anri uchligi o‘z vaqtida «Arsenal»ning chap qanotida dashatli trio hosil qilib, raqiblar himoyasini tor-mor keltirishgan.
Piresning eng yaxshi mavsumi - 2002 yilgi chempionlik mavsumi hisoblanadi. O‘sha mavsumning mart oyida tizzasidan jiddiy jarohat olib, mavsumni shu bilan yakunlashga majbur bo‘lganiga qaramay, yil yakunlariga ko‘ra u Angliyada «Yilning eng yaxshi o‘yinchisi», deb topiladi! Mavsum so‘ngida Premer-liga kubogini ko‘tarar ekan, «Arsenal»ning butun tarkibi uning oldida bosh egib, ta’zim qilishadi hamda unga qoyil qolishadi. Ayni shu voqea tarixga muhrlangan.
Hujumchi: Denis Bergkamp
Yan Rayt Bergkampning «Arsenal»dagi faoliyatini bir og‘iz gap bilan juda ajoyib ta’riflay olgan: «U klub tomonidan amalga oshirilgan eng yaxshi transferdir!»
Darhaqiqat, Denis London klubining eng yaxshi o‘yinchisi va muxlislarning sevimlisi bo‘lgan. 1995 yilda «Inter»dan «Arsenal»ga kelgan golland, bu erda 11 yil qolgan hamda Premer-ligada uchta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, 1998 yilda liganing eng yaxshi o‘yinchisi, deb ham tan olingan. U umumiy miqdorda 315 uchrashuvda maydonga tushib, 87 ta gol urgan va 94 ta golga assistentlik qilgan.
Mana shunday sharafli faoliyati evaziga klub Denis Bergkamp faoliyatini yakunlagach, «Emireyts» stadionida unga bronza haykal o‘rnatgan: bu haqiqiy sharaf!
Hujumchi: Terri Anri
Anri - «Arsenal»ning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari!
Arsen Venger tomonidan «Yuventus»dan arzon narxga sotib olib, Londonga olib kelingan futbolchining «Emireyts»da bu qadar muvaffaqiyatlarga erishishini birov tasavvur ham qilmagandi. Murabbiy tomonidan markaziy hujumda qayta kashf etilgan futbolchi, shubhasiz, Premer-liganing eng buyuk futbolchilaridan biriga aylangan: 258 ta o‘yinda 175 ta gol urib, 74 ta golga assistentlik qilgan! Bundan tashqari, u «to‘pchilar» bilan 2 karra APL g‘olibi bo‘lgan va 4 bora APL «Oltin butsa»sini qo‘lga kiritgan. 2 marta Angliyada «Yil o‘yinchisi» deya tan olingan tirik afsona 2007 yilda klubni tark etadi va «Barselona»ga yo‘l oladi.
Bosh murabbiy: Arsen Venger
Hech shubhasiz, 22 yillik faoliyati davomida «Arsenal»ni oyoqqa turg‘izgan va sovrinlar qo‘lga kiritilishiga zamin yaratgan murabbiy! U mashhur nashrlar tomonidan butun futbol tarixidagi eng kuchli murabbiylar qatoriga ham kiritilgani bejiz emas. Hozirda Venger FIFA tashkilotida mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda.
Zaxira o‘rindig‘i:
Yens Lemann - klub tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan darvozabon bo‘lsada, u zaxira uchun munosib ko‘rilmoqda;
Martin Kioun - Kempbell va Adamsdan keyingi eng yaxshi himoyachi;
Yan Rayt - Anri va Bergkampning ortidagi ajoyib pleymeyker;
Freddi Yungberg - klubdagi 9 yillik faoliyati va 2002 yilgi chempionlikdagi munosib hissasi uchun;
Sesk Fabregas - birorta sovrin yutolmagan bo‘lsada, top-darajadagi o‘yinlari bilan muxlislar yodida qolganligi uchun;
Santi Kasorla - o‘z faoliyatidagi cho‘qqi davri uchun;
Mark Overmars - 90-yillar oxirida «Arsenal»ning haqiqiy yuragi bo‘lgani uchun.
Abdulla Mannonov tayyorladi
Fikrlar