
Asror Aliqulovni jamoasining qaysi kamchiligi qiynamoqda?
Pro liganing 5-turida Muborakning “Mash’al” jamoasi safarda “Buxoro”ga qarshi muhim uchrashuvda maydonga tushdi. Shiddatli kechgan bahsda darvozalar dahlsiz qoldi – 0:0. Bahsdan keyin “Mash’al” ustozi Asror Aliqulov taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Ehtiyotkor o‘yin bo‘ldi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Ikkala jamoa – biz ham, “Buxoro” ham ehtiyotkorlik va xatoga yo‘l qo‘ymaslik haqida o‘yladik. Qaysidir holatda futbolchilarimizda ichki holatda bosim sezildi. Lekin ikkinchi bo‘limda futbolchilarimiz ancha o‘yin ritmiga moslashishdi. Durangga mos o‘yin bo‘ldi, deyishim mumkin. Standart holatlar va bo‘ydor o‘yinchilariga qarshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Baribir ayrim vaziyatlarda darvozamizga xavf tug‘dirishdi.
- “Buxoro”ga o‘xshagan jamoalar bilan o‘ynash qanchalik qulay yoki noqulay? Chunki “Buxoro” asosan kuchga tayangan va yuqoridan paslar orqali futbol o‘ynaydi.
- Birinchi navbatda bu futbolchilarning saviyasi. Ko‘rdingiz, bo‘sh zonalari yo‘q. Ikki markaziy himoyachisining o‘yinini o‘rgandik. “Buxoro” darvozasiga golli vaziyat yaratish juda qiyin. Aytish mumkinki, bugungi o‘yin uchun birga-bir imkoniyatga ega chiqdik. Ayniqsa, uchrashuvning oxirgi soniyalarda Xumoyunda ham vaziyat bo‘ldi.
- Jamoa hali o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yuborgani va mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Klub oldiga qo‘yilgan vazifalarni futbolchilar qanchalik bajaryapti va bu natijalar fonida kamchiliklar ham ko‘rinyaptimi?
- Kamchilik ko‘p. Ko‘ryapsiz, bosh bilan, ikkinchi qavatda o‘ynash bo‘yicha futbolchilarimizda kamchiliklar bor. Shularga e’tibor qaratyapmiz. Himoyadan hujumni boshlashda ham biroz kamchiliklarimiz bilinyapti. Hayajon bor. O‘ziga ishonchni yaxshi his qilishmayapti. Ular bunday kamchiliklarni tezroq bartaraf qilishlarini xohlaymiz. Umid qilamizki, yaqin kunlarda yaxshiroq futbol ko‘rsatamiz.
- Umid Hamroevda qo‘shimcha kuch paydo bo‘ldimi? U har bir uchrashuvda 100 foizli gollarni qaytaryapti.
- Umidni jamoamizga taklif qilgunimizga qadar uning o‘yin uslubini, “Sho‘rtan”dagi faoliyatini tahlil qilganimizda ko‘p e’tibor qaratganman. “Xorazm”dagi o‘yinlari orqali ham darvozabonlar ichida yaxshiroq saviyadaligini ko‘rsatgan. Shuning uchun jamoamizga taklif qilganmiz. Ko‘z tegmasin, Umid o‘ziga bildirilayotgan ishonchni oqlayapti, undan bundan ham yaxshiroq o‘yinlarni kutib qolamiz.
Fikrlar