
Asror G‘ofurov: "Jamoamizda hech kim durangga rozi emasdi"
“Surxon” – “Metallurg” bahsida mezbonlar hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda kiritilgan yagona gol evaziga muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Ushbu bahsda “Surxon” jamoasi sardori sifatida to‘p surgan Asror G‘ofurov ham o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi. U sports.uz saytiga qo‘lga kiritilgan g‘alabali o‘yin to‘g‘risida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Chempionatning birinchi o‘yinini g‘alaba bilan boshlash yoqimli. Muxlislarimizga rahmat aytmoqchiman. Ushbu uchrashuv uchun yaxshi tayyorlangandik. Buning mevasini ko‘rdik. Bundan keyin ham faqat g‘alaba uchun harakat qilamiz. Taassurotlarim juda yaxshi. Ishqibozlarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. G‘alabalarimiz bardavom bo‘lishi uchun kurashamiz.
Xudoga shukr, birinchi bor jamoa sardori bo‘lib maydonga tushgan o‘yinimda uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Shu o‘rinda jamoadoshlarimga ham rahmat aytaman.
To‘g‘risi, birinchi daqiqadan oxirgi daqiqagacha g‘alaba qozonishimizni kutgandim va ishongandim. Yaxshi tayyorlanganimiz uchun yutishimizga ishonchim komil edi. Uchrashuvni ko‘rgan bo‘lsangiz, golli vaziyatlarimiz ko‘p bo‘ldi. Baribir gol urishimizga ishonardim. Jamoamizda hech kim durangga rozi emasdi, - dedi G‘ofurov.
Fikrlar