
Aziz Ibragimov: "Lokomotiv" bilan o‘yinda ijobiy natija ko‘rsata olamiz
Termizning “Surxon” klubi chempionatni barqaror o‘tkaza olmayotgani bois u erda o‘zgarishlar yuz berganidan xabardorsiz. Jamoa tarkibi esa asosan tajribali futbolchilardan tashkil topgan. Ana shunday mahoratli o‘yinchilardan biri esa yarim himoyachi Aziz Ibragimovdir. Ushbu mavsumdan boshlab “Surxon” sharafini himoya qilayotgan o‘yinchi sports.uz muxbiri bilan ayrim masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.
Ravshan Haydarovni jamoa a’zolari qanday qarshi olishdi?
“Surxon”ga yangi bosh murabbiy tayinlanishi ortida klubga yangi qon quyildi, desak ham bo‘laveradi. Xo‘sh, Ravshan Haydarovni jamoadagilar qanday qarshi olishdi? Bu masala bo‘yicha Aziz Ibragimov quyidagilarni ochiqladi:
- Yangi bosh murabbiyni jamoadagilar bilan iliq kutib oldik. Ravshan aka faoliyati mobaynida terma jamoalarda yaxshi ish olib borgan va katta tajribaga ega mutaxassis. Shu bois bunday murabbiyni futbolchilar ham yaxshi qabul qilishdi. Hammasi joyida, kecha yangi murabbiy qo‘li ostida dastlabki mashg‘ulotni ham o‘tkazdik.
“Surxon”ning oxirgi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizligiga nima sabab?
O‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan jamoaning uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchrayotgani muxlislarga sira yoqmayotgani shubhasiz. Tarkib yaxshi ijrochilardan tashkil etilgan. Yoki pandemiya bu jamoaga jiddiy ta’sir ko‘rsatdimi? Ibragimov esa omadsizlikning sababini shunga sha’ma qildi.
- Muvaffaqiyatsiz o‘yinlarimiz bevosita pandemiya bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Karantindan kim unumli foydalangan bo‘lsa, o‘shalar hozir yaxshi sport formasidalar. Balki shuni ham ta’siri sezilyapti. Yigitlar hali o‘yinlarda to‘liq tayyor emasdilar. Lekin o‘yindan-o‘yinga kirishib ketyapmiz va umid qilamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Sobiq bosh murabbiy Bahrom Haydarov haqida
Endilikda sobiq murabbiyga aylangan Bahrom Haydarovning “Surxon”dagi faoliyati ko‘ngildagidek chiqmadi. To‘g‘ri, uning debyutida jamoa safarda “Qizilqum”ni mag‘lubiyatga uchratgandi. Lekin shundan so‘ng ishlar yurishmadi. Ayniqsa, pandemiyadan keyin mag‘lubiyatlar kuzatildi. Ibragimov esa Bahrom Haydarov haqida shunday dedi:
- Bahrom aka Haydarov ham yaxshi mutaxassis edi. Baribir unga ham vaqt kerak edi. Ketma-ket mag‘lubiyatlardan keyin o‘z ixtiyori bilan bosh murabbiylik lavozimini bo‘shatdi. Lekin asta-sekin uning uslubiga ham moslashib borayotgandik. Masalan, “Paxtakor”ga qarshi ham yomon o‘ynaganimiz yo‘q. Menimcha, o‘sha kuni “Paxtakor” o‘yinga bizga nisbatan ko‘proq tayyorroq bo‘lgan.
Mag‘lubiyatlar futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatyaptimi?
Har qanday vaziyatda ham mag‘lubiyat o‘z nomi bilan mag‘lubiyat bo‘lgani sababli bu hol klublarga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Balki ochkolarning yo‘qotilayotgani “Surxon” futbolchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatyaptimi? Bu masalada Aziz o‘z munosabatini bildirdi.
- Jamoamizdagi muhit yaxshi. “Paxtakor” bilan uchrashuvdan avval futbolchilarning kayfiyati yaxshi edi. Oylik maoshlarimizni ham o‘tkazib berishgandi. Umuman aytganda, hammasi joyida edi. O‘sha kuni jiddiy raqibga qarshi munosib kurashdik, deb o‘ylayman. Lekin raqib kuchli edi, buni tan olish lozim.
“Lokomotiv” bilan o‘yin oldidan
Chempionatimizning navbatdagi turida “Surxon” Toshkentda “Lokomotiv” bilan kuch sinashadi. Ayni paytda termizliklar bor e’tiborini ushbu o‘yinga qaratishgan. Ibragimov esa jamoasining g‘alabasiga ishonmoqda.
- Xudo xohlasa, “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda ijobiy natija ko‘rsata olamiz, deb o‘ylayman. Nasib bo‘lsa, ertaga bo‘ladigan bahsda yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Yigitlarning kayfiyati joyida, tayyorgarlik ham yaxshi ketyapti. “Lokomotiv”ning oldingi o‘yinlaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi vaziyatda ular ham 100 foiz tayyor emas. Menimcha, “Loko”ga qarshi zo‘r o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ayniqsa, keskin kurashlarga boy o‘yin bo‘lsa kerak. Ikkala jamoaning ham imkoniyatlarini teng baholagan bo‘lardim – 50x50, - dedi Ibragimov.
Fikrlar